“Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan Samarqand viloyat bosh imom-xatibining soha vakillariga tabrigi
27 iyun kuni “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” sifatida mamlakatimizda keng nishonlanib kelmoqda. Shu fursatdan foydalanib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyat vakilligi xodimlari nomidan soha vakillarining barchasini 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan samimiy tabriklab, o‘zimizning yuksak hurmat va ezgu tilaklarimizni bildiramiz.
Barchamizga yaxshi ayonki, matbuot, ommaviy axborot vositalari ishi hamma zamonlarda ham og‘ir va mas'uliyatli bo‘lgan. Mamlakatimiz yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarilayotgan, ochiqlik va oshkoralik, so‘z va fikr erkinligi hayotimiz mezoniga aylanib borayotgan hozirgi davrda bu mas'uliyat yanada kuchaymoqda. Bugun mamlakatimizda so‘z erkinligini ta'minlash, axborot va ommaviy kommunikatsiyalar sohasini boshqarish tizimini qayta tashkil qilish, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy rivojlanishning muammoli masalalarini hal etishda ommaviy axborot vositalarining o‘rnini oshirish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda.
Eng muhimi, axborot va so‘z erkinligini ta'minlash borasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish borasida bugungacha qabul qilingan qonun va hujjatlar qayta ko‘rib chiqilib, jamiyatimiz hayotiga izchil tatbiq etilmoqda.
Xususan, "Noshirlik faoliyati to‘g‘risida"gi, "Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida"gi, "Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida"gi, "Axborot olish erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida"gi, "Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta'minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi va sohaga oid boshqa qonunlarning qabul qilinganligi fuqarolarimizning axborotni erkin va moneliksiz olish hamda foydalanish huquqlarini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu qatori so‘ngi yillarda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Matbuot va ommaviy axborot xizmati tizmida ham qator yangiliklar joriy qilindi. Jumladan, Diniy idora tomonidan haftaning har dushanba, seshanba, chorshanba va payshanba kunlari o‘zbekistonliklarning diniy ilm olish ehtiyojlarini sof islom ma'rifati asosida qondirish, ularning ishonchli manbalardan ma'lumotlar olishlarini ta'minlash maqsadida Tafsir, Aqida, Fiqh, Hadisshunoslik, Tajvid, Islom tarixi va Siyrat hamda Arab tili fanlaridan tashkil etilgan onlayn darslar ko‘pchilikka manzur bo‘lmoqda. Bu darslar Idoraning Youtube saytidagi sahifasiga joylanmoqda. Yaqin bir yil ichida Telegram ilovasida tezkor savol-javoblar kanali ochildi. Bundan tashqari, savol-javoblar uchun maxsus sayt ishga tushirildi. Qur'oni Karim, ming bir hadis, O‘zbekistonning yetuk imom-xatiblarining ma'ruzalari va salovotlar joy olgan hamda yagona Tas-Ix tarmog‘iga joylashtirilgan sayt ham mo‘min-musulmonlarga xizmat qilmoqda. Viloyatlardagi vakilliklar hamda ko‘plab masjidlarning ham saytlari bugun mo‘min musulmonlarga xizmat qilib kelmoqda.
Noshirlik sohasida ham katta yutuqlarga erishilayotganini mamnuniyat bilan yodga olishimiz mumkin. Bu borada O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimlarining ko‘p yillik orzulari 2020 yilda amalga oshdi. Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari hamda bir qator idora mas'ullarining sa'y harakatlari bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi ta'sisligida “Shamsiddinxon Boboxonov” nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyining tashkil etilishi chin ma'noda tarixiy voqea bo‘ldi. Endilikda O‘zbekiston musulmonlari idorasining davriy nashrlari, shuningdek tizimda faoliyat yuritayotgan diniy soha xodimlarining ijodiga mansub asarlar, kitoblar, qo‘llanmalarni chop etish osonlashdi, xalqimizga diniy-ma'rifiy adabiyotlar, talabalar uchun o‘quv qo‘llanmalari va boshqa matbaa mahsulotlari sifatli va arzon tarzda yetkazib berila boshladi.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Mendan bir oyatni bo‘lsa ham yetkazinglar. Banu Isroil haqida esa so‘zlayveringlar, tanglik yo‘q”, dedilar”.
Buxoriy rivoyat qilgan.
Matbaa ishlari va axborot tarqatish ham insonlarga yaxshilik, ma'rifat ulashishdir. Payg‘ambar alayhissalom aytganlaridek, bilganimiz bir oyat yoki bir og‘iz yaxshi so‘z, ilm-ma'rifat bo‘lsa ham boshqalarga yetkazsak inshalloh ma'rifat ulashuvchilar qatorida bo‘lamiz. Mana shunday ulug‘vor, savobli va o‘z navbatida o‘ta mas'uliyatli ishda matbuot va ommaviy axborot vakillariga ulkan muvaffaqiyatlar tilab, yana bir bor bayramingiz bilan muborakbod etaman. Alloh taolo barchangizga sihat-salomatlik, yangi yutuqlar, xonadonlaringizga fayzu baraka ato qilsin.
Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh!
ZAYNIDDIN ESHONQULOV – O‘MI Samarqand viloyat vakili
Kiritilgan vaqti: 26/06/2021 16:04; Ko‘rilganligi: 971
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 07:47