Kalom ilmi olimi merosiga bag‘ishlangan xalqaro onlayn konferensiya bo‘lib o‘tdi
Buyuk mutafakkir ajdodimiz, moturidiylik ta'limoti asoschisi imom Abu Mansur Moturidiyning izdoshi, moturidiylik ta'limotining keng yoyilishiga ulkan hissa qo‘shgan Abu Muin Nasafiy merosini chuqur o‘rganish, uning aqida va kalom ilmi rivojiga qo‘shgan bebaho hissasini tadqiq etish va keng targ‘ib qilish, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni ezgu umuminsoniy g‘oyalar ruhida tarbiyalash, ularda ma'naviy va ma'rifiy qarashlarimizga yot bo‘lgan zararli ta'sirlarga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirish dolzarb vazifa sanaladi.
Bugun 27 sentyabr kuni ushbu muhim vazifaning amaldagi ijrosi sifatida kalom ilmining mashhur allomasi, mutafakkir Abu Mu'in Nasafiyning ilmiy va ma'rifiy merosini o‘rganish, uning moturidiylik ta'limotini yanada rivojlantirib, keng tarqalishida ko‘rsatgan beqiyos xizmatini keng jamoatchilikka yetkazish, bu boradagi xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan “Abu Muin Nasafiy ilmiy merosining bugungi kundagi ahamiyati” mavzusida xalqaro onlayn konferensiya tashkil etildi. Unda Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘istondan 44ga yaqin taniqli islomshunos olimlar, mutaxassislar, tadqiqotchilar hamda diniy soha vakillari ishtirok etdi.
Anjumanni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov ochib berdi. Homidjon domla o‘z nutqida Abu Muin Nasafiyning to‘liq ismi, ustozlari, asarlari, shogirdlari, olimning shakllanishida ilmiy muhitning o‘rni, Abul Muin Nasafiy haqida Abdulqodir Quroyshiyning «Javohirul muziyya fiy tabaqotul hanafiyya» degan kitobida, Abdulhay Laknaviyning «Favoidul bahiyya fiy tarojibil hanafiyya» asarida, Ibn Qutlug‘bug‘o «Tojut-tarojim»da, Kafaviy «Katoibu a'lomul ahyor min fuqahoyi mazhabun No‘monul muhtor» asarida, Hoji Xalifa «Kashfuz-zunun» asarlarida zikr qilib o‘tganlari haqida to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, Abu Muin Nasafiy ahli sunna val jamoaga muxolif bo‘lgan, tarixda faoliyat yuritgan aqidaparast oqimlarning kelib chiqish sabablari, aqlga haddan tashqari suyanishning salbiy oqibatlari to‘g‘risida ham atroflicha so‘zlab berdi. Olimning "Tabsiratul adilla" asarida yurtimiz olimlari tomonidan nashr etilgani anjuman ishtirokchilariga ma'lum qilindi.
Shundan so‘ng, so‘z Rossiya musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Damir Muhiddinga berildi. Hazrat Damir nutqining avvalida O‘zbekiston xalqiga muftiy hazratlarining vafotlari bilan hamdardlik bildirdi. Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohot, o‘zgarishlar va erishilgan yutuqlarni yuqori e'tirof etib, tashkil etilgan ilmiy-tadqiqot muassasalarining faoliyatiga ijobiy baho berdi.
Damir Muhiddin Abu Muin Nasafiyning ilmiy merosi haqida to‘xtalib bunday dedi: "Aqida masalalari har qanday davrda ham, har qanday jamiyatda ham alohida ahamiyat kasb etgan. Shu boisdan bu hayotiy muhim masala har doim ham ilm ahlining diqqat e'tiborida bo‘lib kelgan. Abul Muin Nasafiy ham shu yo‘nalishda bir nechta asarlar yaratgan. Muallifning, ayniqsa, “Tavsiratul adilla”, “Bahrul kalom”, “At tamhid li qavoidi tavhid” kabi asarlari dunyo olimlari tomonidan yuqori baholangan".
Hazrat Damir Muhiddin olimning hayoti va ijodini yanada keng targ‘ib va tadqiq qilish, boshqa tillarga tarjima qilish bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyor ekanini alohida ta'kidlab o‘tdi.
Keyin Tojikiston Islom markazi raisi, muftiy Saidmukarram Abdulqodirzoda Abul Muin Nasafiy aqida ilmida juda mashhur bo‘lganini, Moturidiy mazhabining keng yoyilishiga katta hissa qo‘shganini, o‘sha vaqtda chiqqan mo‘taziliya, jahmiya, karromiya, botiliyya kabi oqimlarning da'volariga qarshi ilmiy raddiyalar asosida kurashgani haqida to‘xtalib o‘tdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Islomshunoslik kafedrasi dotsenti, t.f.n Saidmuxtor Oqilov "Abu Muin Nasafiy ilmiy merosining bugungi kundagi ahamiyati" haqida ma'ruza qildi. Abu Muin Nasafiyning ilmiy merosi, uning asarlarining dunyo fondlarida saqlanayotgan nusxalari haqida so‘zlab berdi. Moturidiylik ta'limotini Abu Muin Nasafiysiz tasavvur qilib bo‘lmasligini alohida ta'kidladi. Olimning "Tabsiratul adilla" kitobida nafaqat aqidaviy masalalar bayon etilgani, balki unda movarounnahrlik 100dan ulamolari haqida ma'lumotlar ham berilgani aytib o‘tdi.
“Bahrul kalom” asarida xorijiy, murji'iy, mo‘taziliy kabi oqimlarning buzuq da'volariga berilgan raddiyalar bilan birga, dinimizda halol mehnatga bo‘lgan munosabatga oid oyat va hadislardan namunalar keltirdi.
Shuningdek, Qirg‘iziston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Habibulloh domla Qodirboyev, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shukrullo Umarov, Qozog‘iston musulmonlari boshqarmasi bo‘lim mudiri Hasan domla Amanqulov ma'ruzasida Abu Muin Nasafiy merosining o‘ziga xos-xususiyatlari, afzalliklari va mo‘tadilligi, olimning ilmiy merosi, uning Islom olamida tutgan o‘rni beqiyosligini, ushbu merosning moturidiylik ta'limotini saqlashdagi roli hamda adashgan toifalarga qarshi kurashdagi ahamiyati ulkan ekanligiga urg‘u berdilar.
Bulgar islom akademiyasi katta o‘qituvchisi Ali Muhammad Sayf al-Asriy, O‘zbekiston buyuk allomlar yurti ekanini, bu diyordan Islom ilmlarining barcha sohalari bo‘yicha yetuk olimlar yetishib chiqqanini, ular dunyoning barcha burchaklariga ilm tarqatishganini e'tirof etdi. Ayniqsa, Abu Muin Nasafiy, Abul Barakot Nasafiy, Najmiddin Nasafiy kabi nasaflik ulamolarning aqida ilmiga qo‘shgan hissalari ulkanligini alohida ta'kidlab o‘tdi. Aqida ilmi barcha ilmlarning asosi ekanini ta'kidlab, bu borada yurtimiz allomalari peshqadam bo‘lishganini aytdi.
Imom Moturidiy ilmiy-tadqiqot markazi direktori Davron Maqsudov ajdodlarimiz merosini keng jamoatchilikka yetkazish, xususan, uni yosh avlodga yetkazishda zamonaviy uslublardan foydalanish lozimligini ta'kidlab o‘tdi. Xususan, sof aqida ta'limotlarini ijtimoiy tarmoq orqali audio, video shaklda oson va ravon tilda tarqatish muhimligini taklif qildi.
Anjumanda quyidagi mavzular muhokama qilindi:
- Qashqadaryodagi Aqida ilmi maktabini Abu Muin Nasafiy ilmiy merosini tadqiq etish bilan shug‘ullanuvchi xalqaro ilmiy tadqiqot markaziga aylantirish;
- Abu Muin Nasafiy qalamiga oid dunyo fondlarida saqlanayotgan qo‘lyozmalarni jamlash, ularni hamkorlikda tarjima qilish, ilmiy izlanishlar olib borish, xalqaro ilmiy loyihalar ishlab chiqish;
- Abu Muin Nasafiy ilmiy merosiga bag‘ishlangan maxsus sayt tashkil etish, olimning asarlarini elektron shaklda joylashtirish, ularni turli tillarga tarjima qilish va ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqatish;
- turli diniy aqidaparast oqimlarning da'volariga Abu Muin Nasafiyning asarlari asosida raddiyalar berish;
Tadbir so‘ngida bildirilgan ma'ruzalar va fikr-mulohazalardan kelib chiqqan holda o‘zaro savol-javob tarzida ilmiy xulosalar almashildi hamda kelgusida shu kabi tadbirlarni hamkorlikda o‘tkazishga kelishib olindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 28/09/2021 09:51; Ko‘rilganligi: 1044
Chop etilgan vaqti: 10/10/2025 22:22