Jannatga hisob-kitobsiz kiruvchilar
Ramazon oyi boshlanibdiki viloyatimizda faoliyat olib borayotgan barcha imom xatiblarning xayr-ehson, saxovat ishlarida yana ham g‘ayrati oshgan. Zero Alloh taolo muborak kalomida “Yaxshilik bilan musobaqa qilib o‘tib ketuvchilar, bas, ana o‘shalar jannatga hisobsiz kirurlar”(“Fotir” surasi, 32-oyat), deya marhamat qilgan. Demak har bir mo‘min kishi bu muborak oyni sharofatidan umid qilib, ko‘proq yaxshi solih amallarni qilishga oshiqmoqligi zarur bo‘ladi. Yaxshi niyat va mukammal ijrosi ila qanday amalni bajarsa, uni savobiga ega bo‘laveradi.
Xabaringiz bor, saytmiz orqali Ramazon – xayr-saxovat oyi munosabati bilan shahar va tumanlarda faoliyat olib borayotgan imom xatiblar tomonidan amalga oshirilayotgan ehson tadbirlarini yoritib bormoqdamiz.
Payariq tumani imom xatiblari ham tuman bosh imom xatibi Mansur Abduxoliqov boshchiligida saxovatli homiylarni jalb etgan holda “Vaqf” xayriya jamoat fondining viloyat filiali bilan hamkorlikda bir qancha xayriya tadbirlarini amalga oshirdi. Ko‘makka muhtoj oilalar, keksa va nogironlar, yolg‘iz qariyalar, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan 138 nafar oilalarga jami 21 350 000 so‘m miqdorda turli kundalik ehtiyoj va pul mablag‘lari ehson qilindi. Payariq tumanidagi to‘rt nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga ham 1 150 000 so‘m miqdorda sovg‘alar ulashildi.
“Bu kabi xayrli ishlar davomli bo‘ladi. Ko‘rsatilgan mehr-muruvvatlardan mamnun bo‘lgan kishilar, Ramazon ayyomlarini qutlug‘ bo‘lishini so‘rab, yurtimiz obodligi, xalqimiz farovonligini, qolaversa, bu kabi xayrli amallarga hissalari qo‘shilgan barcha kishilar haqqiga duolar qilishmoqda”, - dedi tuman bosh imom xatibi A.Mansurov.
O‘MI Samarqand viloyati vakilligi
Kiritilgan vaqti: 29/05/2019 00:00; Ko‘rilganligi: 1335
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 22:59