Inson qalbiga yo‘l — mehr va e'tibordan boshlanadi

Alloh taolo Qur'oni karimda insonlarni o‘zaro mehr-oqibat, hamjihatlik va ezgulikka chaqirib, muhtojlardan xabar olishni buyurgan. Payg‘ambarimiz Muhammad ﷺ ham insonlarga yaxshilik qilish, yetimlar, bemorlar va ehtiyojmandlarni qo‘llab-quvvatlash eng ulug‘ ibodatlardan ekanini ta'kidlaganlar. Shu bois xalqimiz azaldan mehr-muruvvat, saxovat, bag‘rikenglik va inson qadrini ulug‘lashni milliy va diniy qadriyat sifatida asrab kelmoqda.
Ana shu ezgu g‘oyalarni hayotga yanada keng tatbiq etish maqsadida 2026 yil 7 iyul kuni Samarqand viloyati Narpay tumanida keng qamrovli ma'naviy-ma'rifiy va xayr-saxovat tadbirlari tashkil etildi. Unda Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari B.Karimov, Narpay tumani hokimi Sh.Bo‘ronov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosarlari Xayrullo domla Sattarov va Nursultonxon domla Abdumannonov, «Vaqf» xayriya jamoat fondi viloyat filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari hamda nuroniylar ishtirok etdilar.
Tadbir avvalida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta'minlangan va boquvchisini yo‘qotgan oilalar xonadonlariga tashrif buyurilib, ularning yashash sharoitlari o‘rganildi hamda moddiy va ma'naviy yordamlar ko‘rsatildi. Bemorlar holidan xabar olinib, ularning ko‘ngli ko‘tarildi, shifo va ofiyat tilab samimiy duolar qilindi. Zero, inson dardiga malham bo‘lish, muhtojning holidan xabar olish va uning qalbiga umid bag‘ishlash Islom ta'limotida eng fazilatli amallardan hisoblanadi.
Shuningdek, turli yot g‘oyalar ta'siriga tushib qolgan yoki ijtimoiy muammolar sabab hayotida qiyinchiliklarga duch kelayotgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda samimiy muloqotlar o‘tkazildi. Suhbatlarda sof e'tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, vatanparvarlik, ma'naviy tarbiya va jamiyat oldidagi mas'uliyat kabi dolzarb mavzular hayotiy misollar asosida keng tushuntirildi. Asosiy e'tibor inson qalbida ezgulik, umid, mas'uliyat va kelajakka ishonch tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratildi.
Tadbirlar davomida Narpay tumanidagi barcha jome masjidlarida peshin namozidan keyin ma'naviy-ma'rifiy uchrashuvlar tashkil etilib, mehr-oqibat, bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat, qo‘ni-qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Shuningdek, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning barkamol inson bo‘lib voyaga yetishi uchun ezgu duolar qilindi.
Bugungi kunda inson qadrini ulug‘lash, ehtiyojmandlarni qo‘llab-quvvatlash va jamiyatda mehr-muruvvat muhitini qaror toptirish — barqaror taraqqiyotning muhim omillaridan biridir. Narpay tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham aholi o‘rtasida o‘zaro hurmat, hamjihatlik va bag‘rikenglikni yanada mustahkamlashga, insonparvarlik g‘oyalarini keng targ‘ib qilishga xizmat qildi.
Chunki mehr bilan yashaydigan jamiyatda totuvlik mustahkam bo‘ladi, saxovat hukm surgan yurtda baraka ziyoda bo‘ladi, inson qadri ulug‘langan mamlakatning kelajagi esa hamisha porloq bo‘ladi.







O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 07/07/2026 19:26; Ko‘rilganligi: 12
Chop etilgan vaqti: 07/07/2026 22:09





















