O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Din mavzusida biror gapni aytish Alloh va Rasuli tarafidan gapirish hisoblanadi. Bu ishda o‘ta ehtiyotkor bo‘lish kerak

 
 

Bugun, 6 noyabr' kuni viloyatimizning olis hududlarida joylashgan masjidlarga tajribali va salohiyatli imom-xatiblarning Juma namoziga tashrifi rejasi yuzasidan Nodir domla Mallayev Qo‘shrobod tumanida joylashgan “Poyi Farishta” masjidiga tashrif buyurdi.

Imom domlalamiz mazkur masjidda yig‘ilgan namozxonlarga TO‘QIMA HADIS VA ASOSSIZ RIVOYATLAR KELTIRISHNING XATARI” mavzusi asosida sermazmun ma'ruza qildilar.

Din mavzusida biror gapni aytish Alloh va Rasuli tarafidan gapirish hisoblanadi. Bu ishda o‘ta ehtiyotkor bo‘lish kerak.

Payg‘ambarimiz alayhissalomdan keyin bu borada sahobalar ajoyib o‘rnaklar ko‘rsatishdi. Xususan, Qur'oni karimni kitob holiga keltirishda, hazrati Umar va Zayd ibn Sobit raziyallohu anhumo masjid eshigida turishdi, Qur'on oyatlarini biror narsaga yozib qo‘ygan kishi o‘zi bilan yana bir guvohni olib kelar, to‘rtovlari ha, bu Qur'ondan, deb ittifoq qilmagunlaricha u oyat Qur'onga yozilmas edi.

Hadisi shariflarni rivoyat qilishda ham sahobalar nihoyatda ehtiyotkor edilar. Birorta ortiqcha so‘z qo‘shilishidan ham ular xavotir olishardi. Hadis aytishning mas'uliyatini ko‘rsatish uchun bir ikki marta hazrati Umar hadis aytgan sahobalardan guvoh talab qildilar.

Hadis aytishdagi omonatdorlik keyingi davrlarda ham davom etdi. Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rahmatullohi alayhim va boshqa muhaddislar sahih hadis kitoblariga o‘zlariga yetib kelgan hadislarni tekshirib, Payg‘ambarimizgacha ishonchli roviylar zanjiri yetib borgan bo‘lsa, uni yozib qo‘yganlar. Ishonchsiz, to‘qima hadislarni qabul qilmaganlar, kitoblariga kiritmaganlar.

Juma namozi so‘ngida jamoat bilan Alloh taolodan yurtimiz tinchligini, butun dunyoga rahna solib turgan kasallikning insoniyat boshidan tezroq arishini so‘rab duoi xayrlar qilindi.

Alloh taolo barchamizni Ahli sunna val jamoa yo‘lida sobit qadam bo‘lishimizni nasib etib, turli firqa va qarashlardan panohida saqlasin!

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 06/11/2020 16:33;   Ko‘rilganligi: 1066
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/din-mavzusida-biror-gapni-aytish-alloh-va-rasuli-tarafidan-gapirish-hisoblanadi-bu-ishda-ota-ehtiyotkor-bolish-kerak
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 03:51
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing