Davriy nashrlarimizda: Imom-xatiblik – ham sharaf, ham mas'uliyat

Dinimiz ta'limotlarini insonlarga yetkazish va bu yo‘lda ularga muallimlik qilish – g‘oyat sharafli vazifa. Chunki bu rasullar va nabiylarning yo‘lidir. Eng muhimi, imom-xatiblar Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ma'naviy merosxo‘rlari hisoblanadi. Imom-xatiblik sharafli vazifa bo‘lishi bilan birga o‘ta mas'uliyatli hamdir. Chunki imomning birgina xatosi yoki e'tiborsizligi oqibatida ko‘plab odamlar adashishi mumkin. Shuning uchun imom-xatiblar doimo o‘z ustlarida ishlab, ilm va tajribalarini oshirishlari, xalqni, millatni doim to‘g‘ri yo‘lga da'vat etishlari lozim.
Qadimdan diyorimizda ilm ahlining, imom-xatiblarning mavqei baland bo‘lgan. Bugun ham ularga bo‘lgan talab va ishonch har qachongidan yuqori. Muhtaram Yurtboshimiz: “Imom-xatiblar keng jamoatchilik orasida mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va xotirjamlikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, bunday barqaror va osoyishta muhit osmondan tushmayotganini targ‘ib etish, ota-bobolarimiz ming yillardan buyon pok saqlab kelayotgan Islom dini har qanday zo‘ravonlikka, buzg‘unchilikka, begunoh insonlarning qonini to‘kishga mutlaqo qarshi ekanini oyat va hadislar asosida, jonli misollar yordamida ta'sirchan yetkazib berishlari zarur”, deya ta'kidladilar.
Darhaqiqat, imom-xatiblarimiz oldida ulkan vazifalar juda ko‘p. Ular xalqqa diniy ta'limotlarni o‘rgatish bilan bir qatorda tinchligimiz va xavfsizligimizga raxna soladigan turli oqim va firqalarning kirdikorlari, zararlari haqida ham ma'lumotlar berib borishlari g‘oyatda muhimdir. Aks holda jamiyat orasida loqaydlik va beparvolik yuzaga keladi. Mana shu nuqtai nazardan ham imom-xatib doimo ogoh bo‘lishga va boshqalarni ham shunga targ‘ib etishga burchlidir.
Shuningdek, bizga berilgan tinchlik ne'matini qadrlab, uning shukronasini qilishda boshqalarga namuna bo‘lishlari ham ayni muddaodir. Zero, Alloh taolo: «Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman» deb marhamat qiladi (Ibrohim surasi, 7-oyat).
Alloh taolo yurtimizni hamisha tinch va obod aylasin, xalqimizning ma'naviyati yuksak bo‘lishini nasib etsin. Barchamizni O‘ziga ko‘p shukr qiluvchi bandalaridan qilsin!
Shahobiddin PARPIYEV,
Asaka tumani bosh
imom-xatibi
“Hidoyat” jurnalining 6-sonidan olindi
Kiritilgan vaqti: 15/12/2020 15:53; Ko‘rilganligi: 1131
Chop etilgan vaqti: 23/11/2025 07:32





















