O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

BOSH QOMUSIMIZ - FUQAROLAR UCHUN MUSTAHKAM HIMOYA

 
 

Har qanday davlat yoxud jamiyatning huquqiy poydevori bo‘lmog‘i lozim. Zero, bunday poydevor bo‘lmas ekan jamiyat, millat tanazzulga yuz tutadi.

Alloh taolo insonlarni yaratib, ularga Rushdi-hidoyat yulini ko‘rsatish uchun payg‘ambarlar yubordi. Ular orqali bandalarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash uchun kitoblar nozil qildi. Odamlar payg‘ambarlarning yo‘liga ergashib, Alloh taologa itoat etib yashasalar, hech qachon adashmaydilar. Aks holda, inson o‘z holicha to‘g‘ri yo‘lini topa olmay oqibatda zalolatga mubtalo bo‘lar edi. Shuning uchun har bir banda dunyoda osayishta hayot kechirmog‘i va oxiratda baxtu-saodatga yetishmog‘i uchun avvalo yaratgan parvardigorini tanib, unga itoat etishi lozim. Shuningdek, bandalariga nozil qilgan xukmlarga amal qilish har bir bandaga shart. Bu hakda Qur’oni karim oyatlari ko‘p, jumladan, Alloh taolo marhamat kiladiki:

«Ey, mo‘minlar! Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan bo‘lgan ish egalari, rahbarlarga itoat etingiz!»

Allohga itoat kilish, Qur’oni karimga amal kilish bilan bo‘ladi. Payg‘ambarga itoat qilish u zotni hayotlik chog‘larida o‘zlariga itoat qilish bilan bo‘lgan bo‘lsa, u zot vafotlaridan so‘ng sunnatlariga ergashish bilan bo‘ladi. Itoatning yana bir ko‘rinishi rahbarlarga itoat qilish bo‘lib, u keng qamrovli ma’no kasb etgan holda jamiyatning barcha tabaqalarini, xayotning barcha jabhalarini o‘z ichiga oladi. Rahbar bo‘lmagan jamiyatda tinchlik, omonlik va tartib intizom hamda xayru-baraka bo‘lmaydi. Har bir xizmat qiluvchi kishi o‘z ish joyidagi rahbariga itoat etmog‘i lozim.

Payg‘ambarimiz Muhammad (sav) quyidagicha marhamat qiladilar: «Allohdan qo‘rqinglar! Besh vaqt namozni o‘qinglar! Ro‘zalaringizni tutinglar! Mollaringizni zakotini rozilik bilan beringlar! Sizlarni boshqarib turgan boshliqlaringizga itoat kilinglarda, Parvardigoringizning jannatiga kiringlar!»-dedilar.

Demak, yuqoridagi oyat va hadislarda zikr qilinganidek, har bir kishi avvalo Alloh taolo va payg‘ambar (sav) tavsiyalariga quloq solish va ustilarida boshliq bo‘lib turgan kishilarga itoat qilish lozimdir.

Ma’lumki, 8 dekabr Konstitutsiya kuni bo‘lib, shu kun bayram sifatida nishonlanadi. Bu yil Konstitutsiyamiz kabul kilingan kunning 26 yilligini nishonlamoqdamiz. Konstitutsiyamiz din va vijdon erkinligini maxsus moddalar bilan kafolatlagan. Jumladan, Konstitutsiyamizning 31-moddasida «xamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi, har bir inson xoxlagan diniga e’tiqod qilish yoki hech qanday dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l quyilmaydi»-deb qayd qilib qo‘yilgan. Bu esa, mamlakatimizda yashayotgan turli millat vakillarining o‘z din va e’tiqodiga muvofiq barcha diniy marosimlari, ibodatlari va tadbirlarini bemalol ado etish imkoniyatini beradi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida xalqimiz ruhiga mos keladigan imon e’tiqod, adlu-insof , diyonat, mehr oqibat or-nomus, iffat va hayo kabi eng ezgu fazilatlar mujassamidir. Aynan shunisi bilan barcha mumin-musulmonlarga fuqaro sifatida unga to‘liq rioya qilish va uni hurmat qilish lozim bo‘ladi.

Shunday ekan, bu muqaddas zaminda yashaydigan har bir inson Konstitutsiyamizni hurmat qilishi, unda belgilab quyilgan fuqarolik burchlarini yaxshi anglab olishi lozim. Davlatimiz va hukumatimiz tomonidan musulmonlarga ibodatlarini erkin ado etishlari uchun barcha shart sharoitlar yaratib berilmoqda. Jumladan, muborak haj safariga boruvchi xojilar uchun katta qulayliklar yaratilgan, ikki hayit kunlarini dam olish kunlari etib belgilanishi ixlosmand xalqimiz uchun katta baxt hisoblanadi. Bu kabi ne’matlarga shukr qilmoq har birimizni zimmamizga vojib. Allox taolo : «Yana Robbingiz e’lon kilgan (bu suzlar)ni eslangiz: «Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukurchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir».

Azizlar, barcha yurtdoshlarimizga Bosh Komusimizning 26 yillik bayrami muborak bo‘lsin. Alloh taolo yurtimizni bundan ham obod qilib, xalqimizning moddiy va ma’naviy boyligini bundan-da ziyoda bo‘lib bormoqligini muyassar aylasin! Omin.

Xayrulloh Sattarov,

O‘MI Samarqand viloyati vakili o‘rinbosari


Kiritilgan vaqti: 08/12/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 1445
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/bosh-qomusimiz---fuqarolar-uchun-mustahkam-himoya
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 00:48
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing