Sayyor yig‘ilishning navbatdagisi Nurobod tumanida tashkil qilindi
Bugun, 2023 yil 16 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligining tashabbusi hamda yillik ish rejasiga asosan va albatta viloyat hokimligining jamoat hamda diniy tashkilotlar bilan ishlash bo‘limi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning viloyatdagi hamda uning joylardagi bo‘limlari bilan hamkorlikda tashkil qilingan navbatdagi sayyor yig‘ilish Nurobod tumanida o‘tkazildi.
Tumandagi mavjud 14 ta masjid imom-xatiblari va noiblari hamda hamkor tashkilot mas'ullarining hamrohligida viloyatdagi 16 ta shahar va tuman bosh imom xatiblari, iqtidorli imom-xatiblar tumandagi 16 ta mahallalarga tarqalib, joylarda aholining kam ta'minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, IHM va shu kabi toifadagi oilalarga tashrif buyurdi. Shuningdek, mahalla markazlarida uyushmagan yoshlar va ularning oila a'zolari bilan suhbatlar tashkil qilindi. Har bir mahalladagi fuqarolar soni, ijtimoiy holati va muammolari tahlil qilindi. Shu bilan bir qatorda, viloyat ishchi guruhi Nurobod tumanidagi 14 ta masjidda Peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan namozxonlarga “”, “Yoshlar tarbiyasiga e'tiborli bo‘laylik”, “Shukr qilish fazilati”, “Yoshlikni g‘animat biling”, “Fitnalarga berilmaylik”, “Tinchlikning qadriga yeting”, “Bid'atlarning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaylik”, “Yoshlar kelajagimiz”, “Ota-onaga yaxshilik qilish ulug‘ savob”, “Internetdan foydalanish odoblari”, “Yot g‘oyalarga aldanmang”, “Ilm olishning fazilatlari” va boshqa bugungi kundagi dolzarb mavzular yuzasidan ma'ruzalar qildilar hamda ularning muammo va takliflarini tingladilar. Ish jarayonidagi holatlar ishchi guruh tomonidan dalolatnoma asosida xatlandi.
Ushbu tadbirlar davomida umumiy o‘rganilgan xonadonlar va o‘tkazilgan uchrashuvlar soni quyidagilarni tashkil qildi:
- Imom-xatiblar tashrif buyurgan mahallalar soni: 16 ta. Shundan 12 tasida muammolar borligi aniqlandi va barchasi ijroga yo‘naltirildi;
 - Kam ta'minlangan oilalarga tashrif: 58 ta. Barchasiga moddiy yordam ko‘rsatildi.
 - Nogironligi bor va kasalmand 2 nafar fuqarolar holidan xabar olindi. Shundan barchasiga moddiy yordam ko‘rsatildi.
 - Notinch oilalarga tashrif: 1 ta. Bu oila o‘tkazilgan tushuntirishlardan o‘zlariga tegishli xulosalar chiqardi;
 - Qo‘shnisi bilan nizolashgan 1 ta oilaning o‘rtasi isloh qilindi;
 - Uyushmagan yoshlar bilan 12 ta MFYda yig‘ilish o‘tkazildi. Unda 100 ga yaqin uyushmagan yoshlarning va ularning ota-onalarining ishtiroki ta'minlandi.
 - Tumandagi 14 ta masjidda Peshin namozi o‘qilib, yig‘ilgan namozxonlarga dolzarb mavzularda ma'ruzalar qilindi. Unda 1000 nafardan ziyod namozxonlar ishtirok etishdi.
 - Yuqorida aytib o‘tilgan xonadonlarga ko‘rsatilgan jami moddiy yordam miqdori 11 300 000 (o‘n bir million uch yuz ming) so‘mni tashkil qildi.
 - Viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov Nurobod tumanidagi “Hazrati Ali” jome masjidida tumanda rasmiy faoliyat olib borayotgan mahalla mullalari va otinoyilar bilan faoliyatlarini yanada jadallashtirish, aholi orasida keng tarqalayotgan bid'at xurofot va ajrimlarning oldini olish yo‘lida qilinishi kerak bo‘lgan amaliy ishlar, aholi bilan yaqindan ishlash, faoliyatlariga mas'uliyat bilan yondashish va shu kabi masalalar yuzasidan davra suhbati o‘tkazdi.
 - Shundan so‘ng, ushbu sayyor uchrashuvda ishtirok etgan diniy soha xodimlari bilan tahliliy yig‘ilish tashkil qilindi. Unda Nurobod tumanidagi mahallalarda va masjidlarda o‘rganilgan muammolar, diniy sohadagi yutuq hamda kamchiliklar muhokama qilinib, ijroga yo‘naltirildi. Mazkur yig‘ilishga viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov va din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tumandagi mutaxassisi bevosita bosh bo‘ldilar. O‘tkazilgan tahliliy yig‘ilishda masjidning obodonchiligi hamda aholining turli qatlamlaridan o‘rganilgan kamchilik va muammolar hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ijroga yo‘naltirish choralari muhokama qilindi. Shuning bilan bir qatorda, diniy soha xodimlariga rahbarlar tomonidan masjidlarni doim ozoda saqlash, ta'mirlash ishlariga e'tiborli bo‘lish, aholi bilan yanada yaqinroq ishlash, sohaning rivojini yanada takomillashtirish hamda joylarda diniy vaziyatni yanada sog‘lomlashtirish bo‘yicha kerakli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
 - Mazkur tadbirlardan so‘ng, Allohdan yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi, yurtboshimizning olib borayotgan ishlariga zafarlar so‘ragan holda xayrli duolar qilindi.
 





O‘MI Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 16/05/2023 17:57; Ko‘rilganligi: 857
Chop etilgan vaqti: 04/11/2025 16:33
		
																				



















