Samarqandda “Yil imom – 2023” ko‘rik tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi
Ma'lumki, har yili an'anaviy tarzda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida faoliyat ko‘rsatib borayotgan imom-xatiblar o‘rtasida “Yil imomi” ko‘rik tanlovi o‘tkazib kelinar edi. Joriy yildan esa mazkur tanlov “Yil imom – 2023” nomi ostida Nizom asosisida o‘tkazildi.
Tanlovning maqsadi – bugungi taraqqiyot talablariga javob beradigan, kuchli ilmiy salohiyatga ega, tashabbuskor, ilg‘or fikrli, zamonaviy axborot texnologiyalaridan yetarlicha foydalana oladigan va keng xalq ommasiga o‘z fikrini yetkazib bera oladigan, iqtidorli, faol imom-xatiblarni aniqlashdir.
Uch bosqichda o‘tkazilishi rejalashtirilgan tanlovning birinchi shahar-tuman bosqichida g‘oliblikni egallagan 16 nafar ishtirokchilar bugun viloyat bosqichida ishtirok etdilar.
Viloyat bosqichini tantanali ravishda ochib bergan viloyat bosh imom-xatibi vazifasini bajaruvchi Yoqubjon domla Mansurov:
- Bu yilgi tanlov har yilgidan o‘zgacha tarzda o‘tkazilmoqda. Bu esa yurtimizda diniy-ma'rifiy sohaga, xususan, ilm ahliga ko‘rsatilayotgan e'tibor namunasidir. Shuningdek, barcha imom-xatiblar, imom-noiblari, hatto muazzin va qorovullar ham o‘z ustida muntazam ish olib borishi kerak degani. - deya barcha ishtirokchilarga omad va muvaffaqiyatlar tiladi.
Qur'on tilovati bilan boshlangan tanlovda ishtirokchilarning chiqishlari hakamlar hay'ati tomonidan baholanib borildi hamda tanlov so‘ngida natijalar e'lon qilindi:
“Yil imom – 2023” tanlovining Samarqand viloyat bosqichi g‘olibi:
I-o‘rin: Axmedov Anvar (Jomboy tumani “Shayx Xudoydod Vali” jome masjidi imom-xatibi)
II-o‘rin: Majidxonov Musaxon (Oqdaryo tumani “Chovka” jome masjidi imom-noibi)
III-o‘rin: Egamberdiyev Ahmad (Narpay tumani “Eshonbobo” jome masjidi imom-xatibi)
III-o‘rin: Mansurov Doniyorjon (Payariq tumani “Olim Shayx” jome masjidi imom-noibi)
III-o‘rin: Ravshanov Olovuddin (Bulung‘ur tumani “Amir Hamza” jome masjidi imom-noibi)
Tanlov yakunida O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi va VAQF xayriya jamoat fondining viloyat filiali tomonidan barcha g‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
“Yil imomi-2023” ko‘rik tanlovi viloyat bosqichida birinchi o‘rinni egallagan Jomboy tumani “Shayx Xudoydod Vali” jome masjidi imom-xatibi Axmedov Anvar Respublikada o‘tkaziladigan “Yil imomi” ko‘rik tanloviga qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
O‘MI Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 12/08/2023 15:08; Ko‘rilganligi: 830
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 11:22