O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

30.04.2021 y. Ro‘za – dinning arkoni

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

الحَمْدُ لله الَّذِي أَوْضَحَ لَنَا مَعَالِمَ الصِّيَامِ وَالقِيَامِ. وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى نَبِيِّنَا مُحَمَّدٍ سَيِّدِ الْأَنَامِ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ البَرَرَةِ الْكِرَامِ، اَمَّا بَعْدُ

(Ro‘zaga oid fiqhiy masalalar)

Hurmatli jamoat! Ma'lumki, Ramazon oyi dunyodagi barcha musulmonlar tomonidan sog‘inch va katta tayyorgarlik bilan kutib olinadi. Zero Rasululloh sallallohu alayhi va sallam, U Zotning sahobalari, tobeinlar va solih insonlar Ramazon oyiga katta e'tibor berib, bu oy kelganida nihoyatda xursand bo‘lishgan.

Ro‘za ibodati – Jannatdagi Rayyon eshigining kalitidir! Jannatga kirishning o‘zi – katta bir saodat. Ammo o‘sha jannatga Parvardigori olamning alohida e'tiboriga sazovor bo‘lib, maxsus tayyorlab qo‘yilgan eshikdan kirish yana bir o‘zgacha baxt va sharafdir. Bu eshikdan esa faqat ro‘zador bo‘lganlar kira oladilar. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

إِنَّ فِى الْجَنَّةِ بَابًا يُقَالُ لَهُ الرَّيَّانُ، يَدْخُلُ مِنْهُ الصَّائِمُونَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ لاَ يَدْخُلُ مَعَهُمْ أَحَدٌ غَيْرُهُمْ، يُقَالُ: أَيْنَ الصَّائِمُونَ؟ فَيَدْخُلُونَ مِنْهُ فَإِذَا دَخَلَ آخِرُهُمْ أُغْلِقَ فَلَمْ يَدْخُلْ مِنْهُ أَحَدٌ

(رَوَاهُ الإِمامُ مُسْلِمٌ عَنْ سَهْلِ بْنِ سَعْدٍ رَضِىَ اللهُ عَنْهُ)

ya'ni: “Jannatda bir eshik bor, u Rayyon deb ataladi. Qiyomat kunida undan faqat ro‘zadorlargina kiradilar, ulardan o‘zga biror kishi ham (o‘sha eshikdan) ular bilan birga kirmaydi. “Ro‘zadorlar qani?” deyiladi. Ular o‘sha eshikdan kiradilar, ularning oxirgisi kirib bo‘lganda, eshik berkitiladi. Boshqa hech kim undan kirmaydi” (Imom Muslim rivoyat qilganlar).

Shart sharoitlariga rioya qilib tutilgan ro‘za kishida taqvo sifatini paydo qiladi. Lekin odam avval qilib yurgan aybu nuqsonlarini tark qilmasa, ro‘zadan ko‘zlangan maqsad hosil bo‘lmaydi. Bu haqda Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday deganlar:

مَنْ لَمْ يَدَعْ قَوْلَ اَلزُّورِ وَالْعَمَلَ بِهِ وَالْجَهْلَ فَلَيْسَ لِلَّهِ حَاجَةٌ فِي أَنْ يَدَعَ طَعَامَهُ وَشَرَابَهُ

(رَوَاهُ الامام اَلْبُخَارِيُّ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)

ya'ni: “Kim yolg‘on (guvohlik), unga amal qilish va jaholatni qo‘ymasa, Alloh taolo uning och va tashna qolishiga muhtoj emas” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Demak Ramazon oyida ro‘za sababli yeb-ichish va nafs xohishini tark qilganimiz kabi, boshqa a'zolarimiz ham ro‘za tutishi – gunohlardan tiyilishi shartdir. Ko‘zning ro‘zasi – haromga qarashdan tiyish, qo‘loqning ro‘zasi – harom narsalarni eshitishdan tiyish, tilning ro‘zasi – gunoh so‘zlar (yolg‘on, bo‘hton, g‘iybat va hakazolar)dan tiyishdir. Xuddi shunday boshqa a'zolarni ham gunoh va o‘zgalarga ozor berishdan tiyish kerak. Ana shunda taqvoning mohiyatiga yetiladi, ro‘zaning samarasi ko‘rinadi.   

Ayniqsa kishiga tilidan ko‘p ofatlar keladi. Jumladan, yolg‘on, g‘iybat va bekorchi gaplar har doim ham odamga gunoh olib keladi. Bu haqda Rasuli akram alayhissolatu vassalom:

لَمّاَ عُرِجَ بيِ مَرَرْتَ يَقَوْمٍ  لَهُمْ أَظْفَارٌ مِنْ نُخَاسٍ يَخْمَشُون وُجُوهَهُمْ وَصُدُرَهُمْ فَقُلْتُ مَنْ هَؤلاء يَا جبرائيلُ قال هؤلاء يأكلونَ لحومَ الناس ويقعونَ في أغرَاضهم

(رواه الامام أبو داود)

ya'ni:Merojga chiqqanimda misdan bo‘lgan tirnoqlar bilan yuzlariyu ko‘ksilarini tirnayotgan bir qavmning oldidan o‘tdim. Men: “Ey Jabroil, ular kim?” deb so‘radim. U: “Bular u dunyoda odamlarning go‘shtini yeb, obro‘larini to‘kkanlar,   deb javob berdi, – deb ko‘rganlarini hikoya qilib berganlar  (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Shuningdek, ro‘zador kishi nazarini Alloh qaytargan narsalardan tiyishi kerak.  Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deydilar:

يَا عَلِيُّ لا تُتْبِعْ النَّظْرَةَ النَّظْرَةَ فَإِنَّ لَكَ الأُولَى وَلَيْسَتْ لَكَ الآخِرَةُ

(رواه الْإِمَامُ الترمذي عن جابر رَضِيَ اللَّهُ عنهُ)

ya'ni: “Hoy Ali birinchi nazarga ikkinchisini ergashtirma. Chunki birinchisi sen uchun (ya'ni, beixtiyor bo‘lgani uchun unga javobgar emassan) ikkinchisi esa seni ziyoninggadir” dedilar (Imom Termiziy rivoyatlari).

Demak, Ramazon oyida go‘zal xulqlar va chiroyli sifatlarga odatlansak, albatta, bu xislatlar bizga yil davomida hamroh bo‘ladi. Yomon xislatlardan forig‘ bo‘lish uchun esa Ramazon oyi ayni muddaodir.

Muhtaram azizlar! Ro‘za tutishni savobi ko‘pligi va fazilatlari haqida bundan boshqa ko‘plab hadisi sharif va ulamolarning o‘gitlari mavjud. Shunday ekan, ro‘zadorlarga va'da qilingan savoblarga erishish uchun kishi imkon qadar ro‘zaga oid masalalarni bilishi kerak. Shuni inobatga olib, suhbatimiz davomida ro‘za ibodatiga oid yurtdoshlarimiz tomonidan eng ko‘p so‘raladigan masalalarga to‘xtalamiz:

  • Ramazonda saharlikdan uxlab qolgan odam, o‘yg‘ongach oz bo‘lsa ham biror narsa yeb-ichib, “ro‘zani niyat qilaman” desa, niyati ham, o‘sha kuni tutadigan ro‘zasi ham noto‘g‘ri bo‘ladi. Shunday ekan, Ramazon oyida saharlikka uxlab qolgan odam, uyqudan turgach, ro‘zani buzadigan (ya'ni yeb-ichish, er-xotinlik aloqasi kabi) ishlarni qilmasdan, shu kungi ro‘zani tutishni niyat qiladi. Bunday niyatni toki quyosh tikkaga kelgungacha qilish mumkin.
  • Ro‘zador kishi unutib yesa yoki ichsa, ro‘zasi ochilmaydi, lekin ro‘zadorligi yodiga kelgan zahoti yeb-ichishdan to‘xtaydi, hatto og‘zida chaynab turgan luqmani ham yutmaydi.
  • Ro‘zador kishi mushk, atir va boshqa xushbo‘yliklarni hidlash bilan ro‘zasi ochilmaydi.
  • Ro‘zador kishi qon oldirishi yoki birovga qon berishi mumkin. Agar qon oldirish ro‘zadorni holsizlantirib qo‘yadigan bo‘lsa, makruh bo‘ladi. Bunday ishlarni og‘iz ochgandan keyinga qoldirgan yaxshiroq.
  • Qasddan qayt qilmasa, ro‘za ochilmaydi. Agar qasddan, o‘zini-o‘zi qayt qildirsa, og‘iz to‘la bo‘lsa, ro‘za ochiladi; og‘iz to‘la bo‘lmasa, ochilmaydi. Taom og‘ziga kelib, so‘ng beixtiyor qaytib ketsa, ro‘za ochilmaydi.
  • Ro‘zador biror narsani tatib ko‘rsa, makruh bo‘lsa-da, ro‘za ochilmaydi, lekin tatib ko‘rgan narsasini yutib yubormasdan, og‘zidan chiqarib yuborishi darkor, aks holda ro‘za ochiladi (“Raddul muhtor”).
  • Ehtilom, ya'ni uyquda bulg‘anish, ro‘zani buzmaydi. Chunki, u o‘z ixtiyori bilan bo‘lmagan. Bunday holatda ro‘zador kishi tezda g‘usl qilib, ro‘zasini davom ettiradi.
  • Ayol kishi ro‘za tutayotganda hayz yoki nifos qoni kelib qolsa, ro‘zasi ochiladi va qazosini tutib berishi zimmasiga lozim bo‘ladi.
  • Yonbosh yoki teri ostiga (ozuqa va quvvat bermaydigan) ukol olish bilan ro‘za buzilmasligiga ulamolar yakdil fikr bildirganlar. “Fatovoi hindiya” kitobida shunday deyiladi: “Terining orasidan ichkariga yog‘ kabi narsalarning kirishi ro‘zani ochmaydi. Odatiy yo‘llardan boshqa joylardan terining orasiga narsa kirishi, masalan, ilon chaqib olishi (garchi tomirdan chaqsada), sovuq suvda g‘usl qilish natijasida teri orasidan ichkariga suv o‘tishi, ro‘zani ochmasligiga barcha ulamolar ittifoq qilganlar”.
    Koronavirusga qarshi emlashga kelsak, u ham teri osti va mushakka qilinadigan ukollardan biri. Buning ustiga oziqlantiruvchi emas. Yuqoridagi fatvo va hozirgi kundagi dunyo Fatvo uyushmalarining fatvolariga binoan ro‘zador holda emlanish ro‘zani buzmaydi.
  • Ulamolarning ko‘pchiligi tomir orqali qilingan ukol ro‘zani buzadi deganlar.
  • Ko‘zga dori tomizilsa, ro‘zani ochmaydi (“Fatovoi hindiya”). Zamonaviy tibbiyot ko‘zdan dimoqqa yo‘l borligini isbotlagan. Shuning uchun bu ishni ehtiyotan, iftordan keyinga qoldirgan ma'qul.
  • Burun, quloq, orqa avrat kabi asliy yo‘llardan suyuqlik, dori tomizish, klizma tufayli ichkariga yoki miyaga biror narsa yetib borsa, ro‘za ochiladi (“Badoyius sanoye”).
  • Sepiladigan yoki til ostiga qo‘yiladigan dorining o‘zi yoki og‘iz suvi bilan aralashgani ichga ketishi bilan, ro‘za ochiladi. Ichga ketmay, faqat og‘izda qolganida ro‘za ochilmaydi. Dori ta'mini sezish sababli yurak tinchlanishi va maxsus asbob (pulverizator) bilan og‘izga sovuq havo yuborilishi, ro‘zani ochmaydi.
  • Nafas qisishi va boshqa kasalliklarda ishlatiladigan aerozollar, agar gaz ko‘rinishida bo‘lsa, ro‘zani ochmaydi. Agar suyuq dorilar ko‘rinishida bo‘lsa, tomoqdan o‘tsa ro‘zani buzadi. Ro‘zador kishi burni bitib qolib, nafas yo‘llarini ochishiga zarurat tug‘ilsa, ulamolarimiz burun chetiga surtiladigan mazlardan foydalanishni tavsiya qilganlar.
  • Turli surtma dorilar va shu kabi vositalarni badanga surtish bilan ro‘za ochilmaydi.
  • Shariatimiz ikki toifa kishilarni ro‘za tutmasliklariga ruxsat berib, o‘rniga Ramazonning har bir kuni uchun fidya berishga buyurgan. Bu yilgi fidya miqdori 25 000 (yigirma besh ming) so‘m deb belgilandi.
    1. Qarilik sababli umuman ro‘za tutishga yaramaydigan, kundan-kunga jismonan zaiflashib borayotgan yoshi ulug‘ keksalar.
    2. Surunkali kasal bo‘lib, odatda tuzalishiga umid bo‘lmagan va ro‘za tutish ularning salomatligiga jiddiy ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan bemorlar (“Bahrur roiq”).
  • Ro‘zani qasddan buzish aslo mumkin emas! Bu katta gunoh bo‘ladi! Ro‘zador kishi kunduz kuni, qasddan jinsiy aloqa qilsa yoki yeb-ichsa ro‘zasi buzalida va kafforat vojib bo‘ladi.

Muhtaram jamoat! Yaqin kunlarda 9 may – “Xotira va qadrlash kuni” ham yetib keladi. Bu kunda biz o‘tmishda o‘tgan ajdodlarimiz, xususan qatag‘on davri qurbonlari va Vatan ozodligi, xalqimizning farovonligi yo‘lida jonlarini fido qilib, bugungi kunda olamdan o‘tib ketgan barcha fidoyi yurtdoshlarimizni yodga olib, ruhlariga Qur'on tilovat qilib, haqlariga duoi xayrlar qilamiz.

Jumladan, Ikkinchi jahon urushi davrida 538 mingdan ziyod o‘zbekistonliklar Vatan himoyasida mardlarcha halok bo‘lgan. 158 mingdan ko‘proq hamyurtimiz urushda bedarak ketgan.

Mo‘min-musulmonlarga Vatanni sevish Muhammad alayhissalomdan meros hisoblanadi. Hazrati Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Makka shahridan Madina shahriga chiqib ketayotganlarida to‘xtab, orqalariga qarab: “Qanday ham yaxshi shaharsan! Qanday ham menga sevimlisan! Agar qavming meni sendan quvmaganida sendan boshqa joyda yashamas edim”, - deb noilojlikdan Vatanni tark etishga majbur bo‘lganlarini izhor etganlar (Imom Termiziy, 3926-hadis).

Jumhur ulamolar vatanparvarlik oddiy shior yoki his-tuyg‘u emas, balki quyidagi xayrli amal va ibratli ishlarda ifoda etishi lozim ekanini ta'kidlaydilar:

- Vatan haqqiga bor yaxshiliklarni tilab duo qilish;

- jamiyatda ahillikni kuchaytirish yo‘lida harakat qilish (silai rahm, qo‘shnilarga yaxshilik, o‘zaro yordam, bir-birlarga yaxshilikni sog‘inish, salbiy axloq va ijtimoiy illatlardan saqlanish va h.k.);

- Vatan salohiyatini oshirish va uni muhofazasi uchun jonkuyarlik qilish (Vatan mulkini avaylab-asrash, uning yuksalishi uchun halol mehnat qilish, o‘zini bag‘ishlash va h.k.);

- Vatan erki, hududi yoki obro‘siga qarshi fikriy yoki harbiy hujumga qarshi mudofaada turish.

Aksincha, islom dini vatanfurushlikni qattiq qoralaydi. Bunday harakatlar sirasiga quyidagilarni kiritish mumkin: davlat va jamiyatga xiyonat kilish, o‘z shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab iqtisodiy, siyosiy va boshqa josuslik faoliyati bilan shug‘ullanish, dushman tomoniga o‘tib o‘z xalqi, mamlakatiga qarshi kurash olib borish, qo‘poruvchilik ishlari bilan shug‘ullanish, turli diniy mutaassib va ekstremistik g‘oyalar ta'siri ostida oilasi, Vatanidan voz kechish, ommaviy, jumladan, Internet orqali kindik qoni to‘kilgan zaminga nisbatan bo‘hton va ig‘vo tarqatish, fitna chiqarish va hokazolar.

Islom ta'limotida Vatanga xiyonat qattiq qoralanadi. Hadisi sharifda aytiladi: “Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Men Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning: “Qiyomat kuni har bir xiyonatkor uchun bu dunyoda qilgan xoinligi uchun sharmisor qiluvchi bayroq o‘rnatib qo‘yiladi”, deb aytganlarini eshitdim” (Imom Buxoriy, 3188-hadis).

Shu o‘rinda ta'kidlash kerakki, o‘tganlarimizni har doim eslab, haqlariga duoda bo‘lishimiz – biz tiriklarni vazifalarimizdan biri hisoblanadi. Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallam bu haqda shunday marhamat qiladilar:

اُذْكُرُوا مَحَاسِنَ مَوْتاكُمْ وكُفُّوا عَنْ مَساوِيهِمْ

(رَوَاهُ الإمَامُ أَبُو دَاوُدَ وَالإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ)

ya'ni: “O‘tganlaringizning yaxshi sifatlarini eslanglar, ularning yomon sifatlarini aytishdan saqlaninglar”  (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyatlari).

Keyingi paytlarda tilovati Qur'onning savobi o‘tganlarga yetmaydi degan xilof chiqarilmoqda, vaholanki, sahobai kiromlar davrlaridan beri Qur'on o‘qib savobini bag‘ishlash mavjud. Zakariyo Ansoriy rahmatullohi alayh “Al‑Lubob” kitoblarida: “Tilovatning savobi o‘lganga yetishiga dalolat qiladigan narsalardan biri shuki, musulmonlar barcha asrlarda Qur'on o‘qib, o‘tganlariga bag‘ishlaganlar va buni hech kim inkor etmagan. Binobarin, bunga ijmo' bo‘lgan”, – deganlar.

Hanafiy mazhabi ulamolari mayyitga ham, tiriklarga ham Qur'on qiroatining savobi yetib borishi joizligini aytishgan. “Hidoya”, “Badoi'”, “Bahr” va boshqa kitoblarda bu haqda bayon qilingan.

Alloh taolo barchamizga Ramazon oyining fazilatlaridan to‘liq foydalanish uchun tavfiq berib, O‘zining sevimli, soim va qoim bandalaridan bo‘lishimizni nasib aylasin! Omin! 

 

"Ro‘za – dinning arkoni" nomli mav'izani yuklab olish (PDF formatda)


Kiritilgan vaqti: 29/04/2021 18:34;   Ko‘rilganligi: 951
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/juma/30042021-y-roza-dinning-arkoni
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 19:31
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing