O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

08.01.2021 y. Ilmli yoshlar – yurt kelajagi

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي عَلَّمَ الْإِنْسَانَ مَا لَمْ يَعْلَم، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ الأَكْرَم وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ اَمَّا بَعْدُ

Muhtaram azizlar! Tarixdan ma'lumki, barcha buyuk davlatlarda yoshlar tarbiyasiga alohida e'tibor qaratilgan. Zero, aynan jismonan sog‘lom va aqlan salohiyatli yoshlar o‘z yurtining qudrati va ravnaqiga zamin yaratadi. Har bir ota-ona ham o‘z navbatida farzandining istiqboli, baxt-saodati va kelajakda mustaqil hayot kechirib, jismoniy, ma'naviy va ruhiy jihatdan barkamol avlod bo‘lib yetishishini niyat qiladi. Shunday ekan, ota-ona o‘z farzandining yoshlik chog‘ini mazmunli, namunali, foydali ishlar va savobli amallar bilan o‘tkazishiga yordamchi bo‘lmog‘i lozim. Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:

 يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا قُوا أَنْفُسَكُمْ وَأَهْلِيكُمْ نَارًا وَقُودُهَا النَّاسُ وَالْحِجَارَةُ

ya'ni: “Ey imon keltirganlar! O‘zlaringizni va oila a'zolaringizni yoqilg‘isi odamlar va toshlar bo‘lmish do‘zaxdan saqlangiz” (Tahrim surasi 6-oyat).

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam “o‘zlaringizni va ahl-oilangizni do‘zaxdan saqlanglar!” oyatini tilovat qildilar. Shunda: “Yo Rasululloh, biz oilamizni do‘zaxdan qanday qilib saqlaymiz?” – deyildi. U Zot: “Ularni Alloh yaxshi ko‘radigan narsaga buyurasizlar, Alloh yomon ko‘radigan narsadan qaytarasizlar”, – dedilar” (Imom Ibn Mardavayh rivoyatlari).

Islom dinida bolalarni hali bolaligidanoq go‘zal axloq va odobga o‘rgatib borish tavsiya etiladi. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisi sharifda shunday deyiladi:

 عن عُمَرَ بْنَ أَبِى سَلَمَةَ يَقُولُ، كُنْتُ غُلامًا فِى حِجْرِ النَّبِىّ صلى الله عليه وسلم وَكَانَتْ يَدِى تَطِيشُ فِى الصَّحْفَةِ فَقَالَ لِى رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم: "يَا غُلامُ سَمِّ اللَّهَ وَكُلْ بِيَمِينِكَ وَكُلْ مِمَّا يَلِيكَ فَمَا زَالَتْ تِلْكَ طِعْمَتِى بَعْدُ"

 (رواه الامام البخاري)

ya'ni: Umar ibn Abu Salama raziyallohu anhu aytadilar: “Men Rasulullohning qaramog‘larida yosh bola edim. Ovqat vaqtida qo‘limni tovoqning hamma yeriga uzatar edim. Shunda Rasululloh menga: “Ey bolakay! Avval, “Bismilloh”ni aytgin, so‘ngra o‘ng qo‘ling bilan, o‘zingni oldingdan yegin”, – deb o‘rgatdilar. Shundan beri o‘shanday ovqatlanadigan bo‘ldim” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Dinimizda yoshlarni asosan rostgo‘ylik, va'daga vafo, omonatdorlik, kattaga hurmat, kichikka izzat, o‘zgalarga mehr-oqibatli bo‘lish kabi fazilatlar sohibi qilib voyaga yetkazishga katta ahamiyat qaratiladi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadisi sharifda shunday marhamat qildilar:

لَأَنْ يُؤَدِّبَ الرَّجُلُ وَلَدَهُ خَيْرٌ مِنْ أَنْ يَتَصَدَّقَ بِصَاعٍ 

(رواه الإمام الترمذي عن جابر بن سمرة)

ya'ni: “Kishi o‘z farzandini tarbiya qilib bir narsa o‘rgatishi – bir so'ni sadaqa qilishidan yaxshiroqdir” (Imom Termiziy rivoyatlari). (Bir so' –  taqriban, ikki kg mayizning qiymatiga teng bo‘ladi).

Yoshlarning jismonan baquvvat, tanlari sog‘lom, g‘ayratli va shijoatli bo‘lishlarida jismoniy tarbiyaning ahamiyati kattadir. Islom dini ta'limotida jismoniy tarbiya tushunchasi zamiriga nafaqat badan tarbiya mashqlari bilan shug‘ullanish balki inson salomatligi uchun zarur bo‘lgan barcha omillarga rioya qilish, ayni paytda salomatlik uchun zararli, balki hayot uchun xavfli bo‘lgan illatlardan saqlanish nazarda tutiladi. Quyidagi hadisi sharif shunga dalolat qiladi:

نْ أَبِي رَافِعٍ، قَالَ: "قُلْتُ يَا رَسُولَ اللهِ، أَ لِلْوَلَدِ عَلَيْنَا حَقٌّ كَحَقِّنَا عَلَيْهِمْ؟" قَالَ: "نَعَمْ، حَقُّ الْوَلَدِ عَلَى الْوَالِدِ أَنْ يُعَلِّمَهُ الْكِتَابَةَ وَالسِّبَاحَةَ وَالرَّمْيَ، وَأَنْ يُؤَدِّبَهُ طَيِّبًا"

(رواه الإمام البيهقي)

ya'ni: Abu Rofi' aytadilar: Men: Yo Rasululloh sallallohu alayhi vasallam! Bizning bolalarimizda haqqimiz bo‘lgani kabi, ularning ham bizda haqlari bormi? – deb so‘radim. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Ha, bolaning otadagi haqqi unga yozishni, suzishni, kamondan otishni o‘rgatishi hamda halol va pokiza narsalar berib tarbiyalashidir”, – dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).

  Shuni ham ta'kidlash kerakki, yoshlarimizning bo‘sh vaqtlaridan unumli foydalanib,  ularga kasb-hunarni o‘rgatishimiz – ayni muddaodir. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam mehnatkash va kasb-hunarli kimsalarni maqtab shunday deganlar:

(اِنَّ اللهَ يُحِبُّ الْعَبْدَ المُحْتَرِفَ (رواه الإمام الترمذى

ya'ni: “Alloh taolo kasb-hunarli kishini yaxshi ko‘radi” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Muhtaram jamoat! Islom dini ta'limotida yoshlarni aqlan tarbiya qilish ham muhim masala sanaladi. Bunda ularni manfaatli ilm sohibi qilib tarbiyalash, fikriy va ilmiy jihatdan yetuk inson qilib kamolga yetkazish nazarda tutiladi. Islom dinida ilm deganda diniy va dunyoviy ilmlar tushuniladi. Diniy ilm insonning asosan oxirati uchun zarur bo‘lsa, dunyoviy ilm insonning asosan dunyosini obodligi uchun zarurdir. Bu haqda Imom Suyutiy  rahmatullohi alayh o‘zlarini “Al-Jomi'us sog‘ir” asarlarida quyidagi xabarni keltirganlar:

"خَيْرُكُمْ مَنْ لَمْ يَتْرُكْ آخِرَتَهُ لِدُنْياهُ ولا دُنْياهُ لآخِرَتِهِ ولَمْ يَكُنْ كَلاًّ على النَّاس"

(رواه الإمام الخطيب والإمام الديلمي).

ya'ni: “Sizlarning eng yaxshingiz  bu dunyosini deb oxiratini unutmagan, oxiratini deb bu dunyosini unutmagan va o‘zgalarga malol keltiruvchi bo‘lmaganingizdir”. Ushbu ta'limotlarga jonu dili bilan amal qilgan ajdodlarimiz, buyuk bobokalonlarimiz ham shariat, ham tariqat va ham ilm-fan sohasida butun dunyoga o‘rnak bo‘lganlar.

Yoshlik davrining e'tiborga molik jihatlari juda ko‘p. O‘spirinlik vaqti insonning fe'l-atvori va ruhiyati shakllanadigan asosiy davr bo‘lib, ayni shu davrda ularga alohida ahamiyat qaratmoq lozim. Jumladan, yoshlarni ahli solih kishilar bilan do‘stu birodar bo‘lishlarini ta'minlash zarur. Payg‘ambarimiz alayhissalom hadisi shariflarining birida shunday deganlar:

مَثَلُ الْجَلِيسِ الصَّالِحِ وَالسُّوْءِ كَحَامِلِ الْمِسْكِ وَنَافِخِ الْكِيرِ فَحَامِلُ الْمِسْكِ إِمَّا أَنْ يُحْذِيَكَ وَإِمَّا أَنْ تَبْتَاعَ مِنْهُ وَإِمَّا أَنْ تَجِدَ مِنْهُ رِيحًا طَيِّبَةً وَنَافِخُ الْكِيرِ إِمَّا أَنْ يُحْرِقَ ثِيَابَكَ وَإِمَّا أَنْ تَجِدَ رِيحًا خَبِيثَةً 

(رواه الإمام البخاري عَنْ أَبِي مُوسَى رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ).

ya'ni: “Yaxshi hamsuhbat bilan yomon hamsuhbatning misoli mushki anbar sotuvchi bilan temirchining bosqoniga o‘xshaydi. Mushki anbar sotuvchi atridan sovg‘a qilishi yoki undan sotib olishingiz, hech bo‘lmasa uning xushbo‘yidan bahra olishingiz mumkin. Ammo temirchining bosqoni esa, yo kiyimingizni kuydiradi, hech bo‘lmasa tutuni dimog‘ingizni achitadi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Xalqimizda: “Qozonga yaqin yursang qorasi yuqadi” degan naql ham bor. Hasanul Basriy rahmatullohi alayh bir kuni odamlarga: “Ekin pishib yetilgandan so‘ng nima qilinadi?” – deb savol berdilar. Ular: “Hosili yig‘ib olinadi”, – deyishdi. Shunda Hasanul Basriy: “Shuni bilinglarki, gohida ekin pishib yetilmasidan oldin unga ofat, kasallik yetishi va uni nobud qilishi ham mumkin”, – deb yoshlar tarbiyasiga e'tiborli bo‘lishga, kishining yoshlik davrini qanday o‘tkazishi uning kelajakda kim bo‘lib yetishishida muhim o‘rin tutishiga ishora qildilar. Yoshlik davri – qalbning musaffoligini saqlash, uni imon va ilmu ma'rifat nuri bilan to‘ldirish uchun eng qulay fursatdir.

Har bir kishi farzandi dunyoda baxt-saodatli, ilm-ma'rifatli, obro‘-e'tiborli bo‘lishini, oxiratda esa jannatiy bo‘lishi orzusida bo‘lar ekan, farzandini yoshligidanoq odob-axloqli, ilm-ma'rifatli qilish bilan birgalikda, Yaratganni tanitib, Payg‘ambari kim, dini nima, kalimasini biladimi, mazhabi qaysi, mazhabida mahkam turish lozimligi, har xil buzg‘unchi oqimlar va kimsalar fitnalaridan saqlanishi va boshqa zaruriy narsalarni o‘rgatishi ham lozim bo‘ladi. Chunki musulmonning farzandi bularni bilmasligi ota-onalarining jiddiy va katta kamchiligi hisoblanadi.

Ulamolarimiz yoshlarni yangi ekilgan niholga o‘xshatadilar. Bog‘bon niholni parvarishlab, vaqtida suvini quyib, noto‘g‘ri o‘sgan shoxlarini butab tursa, yangi ko‘chat chiroyli va bog‘bon ko‘zlaganday bir go‘zal daraxt bo‘lib shakllanib, meva beradi. Yoshlarni ham “hali yoshku” demasdan, uni o‘z vaqtida odob-axloqi, ta'lim-tarbiyasi, ilm-ma'rifati bilan har bir ota-ona va mas'ullar shug‘ullansa, kelajakda bizning farzandlarimizdan ham Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Alisher Navoiy, Xorazmiy, Ibn Sino, Farg‘oniy kabi buyuk olimu allomalar chiqadi, inshaalloh.

 Payg‘ambarimiz alayhissalom hadisi sharifda shunday marhamat qildilar:

مَا نَحَلَ وَالِدٌ وَلَدًا مِنْ نَحْلٍ أَفْضَلَ مِنْ أَدَبٍ حَسَنٍ

(رواه الإمام الترمذي)

ya'ni: “Ota o‘z bolasiga chiroyli odobdan ko‘ra yaxshiroq narsa bera olmaydi” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Bugungi kun yoshlariga juda ko‘p imkoniyatlar yaratib berilgan. Yoshlarimiz bu imkoniyatlardan oqilona va to‘g‘ri foydalanishlari lozim. Lekin, ming afsuslar bo‘lsinki, ba'zilarning farzandlari, xossatan, maktab yoshidagi yigitlar vaqtlarining aksarini internet va kompyuter o‘yinlari (playstation) klublarida har xil nojo‘ya o‘yin o‘ynab, insonning qalbi va imoniga zarar keltiradigan rasm va videolarni tomosha qilib va to‘g‘ri yo‘ldan adashtiruvchi notanish kishilar bilan suhbat o‘tkazib, umrlarining oltin davrini zoye qilmoqdalar.

Shuningdek, ba'zi oilalarda farzand tarbiyasi to‘lig‘icha televizor yoki telefon apparatlariga topshirib qo‘yilgan. Ularning farzandlarini o‘zlari emas, balki o‘sha texnik jihozlar “tarbiyalamoqda”. Har bir ota bolalari tarbiyasi uchun javobgar ekanini unutmasligimiz va oxiratda bu haqda aynan ota so‘ralishini yodimizdan chiqarmasligimiz kerak.

Muhtaram jamoat! Yoshlar tarbiyasi va kamoloti maqsadida yurtimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganiga o‘zingiz guvoh bo‘lmoqdasiz. Yoshlar orasida kitobxonlikni oshirish uchun joylarda yangi kutubxonalar tashkil etilayotgani, musobaqalar o‘tkazilayotgani, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun joylarda to‘garaklar, texnoparklar ochilayotgani, yosh olimlar uchun berilayotgan turli imtiyozlar shular jumlasindandir.

Jumladan, 2020 yil 28 dekabr kuni muhtaram Yurtboshimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida 2021 yil – “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb e'lon qilinishi ham barkamol avlodning tarbiyalash ishlariga bundanda ko‘proq ahamiyat qaratilishini anglatadi.

Zero, imon-e'tiqodi mustahkam, ilm-ma'rifatli, jismonan sog‘lom yoshlar yurtning buyuk kelajagi garovidir. Bularning barchasi hukumatimiz tomonidan farzandlarimizning ilm olishlari, ajdodlariga munosib avlod bo‘lishlariga qaratilayotgan e'tiborning yorqin namunasidir. Umid qilamizki, ushbu tashabbuslar yaqin tariximizda o‘zining samarasini beradi, inshaalloh.

Muhtaram azizlar! 14 yanvar yurtimizda “Vatan himoyachilari kuni” sifatida nishonlanadi. Darhaqiqat, Vatan – muqaddas makon. Uni himoya qilish, dushmanlardan asrash, uning ravnaqi va farovonligi yo‘lida xizmat qilish – har bir inson uchun ham farz, ham qarzdir. Vatan sarhadlari daxlsizligini ta'minlash, yurt sha'ni va or-nomusini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash shu zaminda yashayotgan har bir imonli, e'tiqodli va ixlosli farzandning muqaddas burchidir. Shuni alohida ta'kidlash joizki, tinchlikni saqlash, mustaqilligimizni yanada mustahkamlash, yurtimiz barqarorligi va xavfsizligini ta'minlashda milliy armiyamizning alohida o‘rni bor.

Dinimizda Vatanni himoya qilish ishiga o‘zini baxshida etish eng ulug‘ savobli amallardan ekanligi aytilgan. Bu to‘g‘rida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan shunday hadisi sharif rivoyat qilingan:

عَيْنَانِ لَا تَمَسُّهُمَا النَّارُ: عَيْنٌ بَكَتْ مِنْ خَشْيَةِ اللهِ وَعَيْنٌ بَاتَتْ تَحْرُسُ فِي سَبِيلِ اللهِ

(رواه الإمام الترمذي)

ya'ni: “Ikki ko‘z egasini do‘zax otashi kuydirmas: biri  – Allohning azobidan qo‘rqib yig‘lagan ko‘z, ikkinchisi – Alloh yo‘lida qo‘riqchilik qilib bedor bo‘lgan ko‘z” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Kindik qoni to‘kilgan Vatanni, shu mustaqil yurtni ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylash inson uchun go‘yo o‘z oilasini, sha'nini, or-nomusini, imon-e'tiqodini himoya qilish kabidir. Bu yo‘lda fidoiy bo‘lgan kishi yuksak maqomga yetishi ulkan ajrlar sohibi bo‘lishi haqida bashoratlar mavjud bo‘lib, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Kimki Alloh taolo yo‘lida bir kunduz yoki bir kecha chegara poylasa, unga bir oy kunduzi (nafl) ro‘za tutib, kechasi ibodat qilganlik savobi yoziladi. Kimiki sarhadni qo‘riqlab turganda halok bo‘lsa, unga ham xuddi shunday ajru-savob mukofoti bo‘ladi va shahidlik maqomi berilib, barcha fitnalardan omonda bo‘ladi”(Imom Nasaiy rivoyatlari).

Alloh taolo mustaqil yurtimizni tinchlik va omonlikda, askaru zobitlarimizni O‘zining hifzu himoyasida saqlab, jannatmakon diyorimizni yomon ko‘zlardan va barcha ofatlardan omonda saqlasin! Omin!

 


Kiritilgan vaqti: 06/01/2021 11:36;   Ko‘rilganligi: 1021
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/juma/08012021-y-ilmli-yoshlar-yurt-kelajagi
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 13:02
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing