Zakot nima?
“Zakot” so‘zi lug‘atda “poklik” va “o‘sish” degan ma'nolarni anglatadi. Zakot bergan kishining moli poklanadi. Zakot bermagan kishining moli esa ichida zakotga haqdorlarning moli ham aralashgani uchun nopok bo‘lib turadi. Qachon zakotini bersa, poklanadi, bo‘lmasa yo‘q. Zakoti berilgan molga baraka kiradi, ko‘payib, o‘sadi.
Shar'iy istilohda “Zakot – maxsus moldan maxsus juzni maxsus shaxsga Allohning roziligi uchun shariatda tayin qilingandek mulk qilib berishdir”. Endi ushbu umumiy ta'rifdagi istilohlar bilan tanishib olaylik. “Maxsus mol” – nisobga yetgan mol demakdir. “Maxsus juz” – zakot beruvchining mulkidan ajratiladigan miqdordir. Misol uchun, bir kishiga “Ushbu uyda bir yil o‘tirib turishing senga zakot”, deb bo‘lmaydi. “Maxsus shaxs” deganda zakot olishga haqli bo‘lgan shaxs nazarda tutilgan. “Allohning roziligi uchun” jumlasi esa zakotning ibodat niyati bilan berilishi kerakligini anglatadi. “Shariat tayin qilgan” deganda zakot chiqarish miqdori shariatda ko‘rsatilgan miqdorga to‘g‘ri kelishi kerakligi nazarda tutiladi. Ozgina sadaqa berib, “shu zakot” deb bo‘lmaydi. “Mulk qilib berish” degan jumladan esa “o‘sha berilayotgan mol uni oluvchiga mulk bo‘lmagunicha zakot bo‘lmaydi” degan ma'no anglanadi. Zakot Islomning besh ruknidan biri bo‘lib, shariat farz qilgan amaldir. Zakot Madinai Munavvarada hijriy ikkinchi sanada Ramazondan oldin farz qilingan. Zakot Qur'oni Karimda yigirma yetti joyda namoz bilan birga zikr etilgan. Bu esa o‘z navbatida namoz bilan zakotning bir-biriga chambarchas bog‘liq ekanini ko‘rsatadi. Zakot Qur'on oyatlari va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bilan farz bo‘lgan. Musulmonlar barcha asrlar va o‘lkalarda zakotning farzligiga ijmo' qilishgan. Qur'oni Karimda zakotning farzligi va uning fazilatlari haqida bir necha oyati karimalar nozil bo‘lgan. Qur'oni Karimda “zakot” so‘zi o‘ttiz martadan ortiq kelgan bo‘lsa, shundan yigirma yettitasida u namoz bilan birga zikr qilingan. “Namozni to‘kis ado etinglar, zakot beringlar va Rasulga itoat qilinglar. Shoyadki, rahm qilinsangiz” (Nur surasi, 56-oyat). Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Molingning zakotini ado qilgan bo‘lsang, batahqiq, zimmangdagi(burch)ni bajaribsan”, dedilar”. Termiziy rivoyati “Kim zakotning farzligini inkor qilsa, kofir bo‘ladi, u uch marta tavba qilishga chaqiriladi. Tavba qilsa – qildi, aks holda unga nisbatan «murtad» degan hukm chiqariladi. Islomga yangi kirgani tufayli yoki chet joylarda johil bo‘lib o‘sgani uchun zakotning farzligini inkor qilgan odamga esa tushuntiriladi va o‘rgatiladi, darhol kofir deb hukm qilinmaydi”. Nima uchun zakot Islomda uchinchi rukn deb e'lon qilingan? Qolaversa, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida nima uchun zakotga alohida e'tibor berilgan? Zakotni inkor qilgan odam nima uchun kofir bo‘ladi? Mol-mulk va moliyaviy aloqalar insonlar hayotida, xususan, ijtimoiy hayotda muhim o‘rin tutishini hech kim inkor qila olmaydi. Qay bir shaxs, qay bir jamiyat moliyaviy masalani to‘g‘ri hal etsa, katta muvaffaqiyatga erishishi aniq. Shuning uchun ham bu masala hamisha ko‘pchilikni o‘ylantirib kelgan va kelayotir. Zakot masalasi faqat Alloh taoloning O‘ziga xos ishdir. Kim Allohning ta'limoti bilan ish ko‘rsa, niyatiga yetadi. Alloh taolo O‘zining oxirgi dini – Islomda iqtisodiy muammolarni hal qilish zakot asosida bo‘lishi kerakligini ko‘rsatib qo‘ygan. Bugungi kun tili bilan aytganimizda, zakot iqtisodning asosi qilib olinsa, so‘ngra unga boshqa islomiy-iqtisodiy omillar qo‘shilsa, iqtisodiy muammolar o‘z yechimini osongina topgan bo‘lardi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining kitoblari asosida Samrqand shahar “Ruhobod” masjidi imom-xatibi To‘lqin AMIROV tayyorladi.
Kiritilgan vaqti: 20/04/2020 10:16; Ko‘rilganligi: 2601
Chop etilgan vaqti: 16/09/2024 01:54