O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

YOSHLAR TARBIYASIGA BARCHAMIZ MAS’ULMIZ

 
 

Bugungi ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy munosabatlarning shiddat bilan rivojlanishi, kommuniksiya va axborot texnologiyalarining taraqqiyoti g‘oyaviy ta’sir o‘tkazish imkoniyatlarining kengayishiga hamda shu sohadagi uslub va vositalarning takomillashuviga sabab bo‘lmoqda. Boshqacharoq qilib aytganda kurash vositasi sifatida mafkuradan foydalanish keng tus olmoqda.

Har xil geosiyosiy kuch markazlari o‘zlarining maqsadlari yo‘lida "Nishon" sifatida tanlangan mamlakatni qaram qilib olish uchun avvalo shu xalqni qadriyatlari, tarixi va ma’naviyatidan judo qilishga, shuningdek birinchi navbatda hali ongi to‘liq shakllanmagan yoshlarni jalb qilishga e’tibor qaratmoqda.

Prezidentimiz I.A.Karimov ta’kidlaganidek: "Agar biz bunday xatarlarga qarshi o‘z vaqtida qat’iyat va izchillik bilan kurash olib bormasak, turli zararli oqimlar bizning yurtimizga ham shiddat bilan yopirilib kirishi, yoshlarimizni o‘z girdobiga tortib ketishini, oqibatda ularning ota-ona, oila, el-yurt oldidagi burchi va mas’uliyatini o‘ylamaydigan, faqat bir kunlik hayot bilan yashaydigan xudpisand kimsalarga aylanib qolishi mumkinligini tasavvur qilish qiyin emas".

Mamlakatda hukm surayotgan tinchlik osoyishtalikni saqlash barchadan birdek mas’uliyat talab qiladi. Afsuski, hayotda sodir bo‘layotgan ayrim noqonuniy ishlarni ko‘rib ko‘rmaslikga oladigan, tinchlikni saqlash faqat davlatning ishi deb o‘ylaydiganlar ham borligini qayd etish lozim. Shuning uchun ma’naviyat va ma’rifat, tarbiyaviy ishlarda soxtakorlik, shoshma-shosharlikdan qochishimiz, ushbu masalaga kundalik ishlarda keyingi o‘rindagi masala sifatida qarashga barham berishimiz lozim.

Shu bilan birga, yosh avlodni vatanparvar, xalqparvar, milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalashga g‘amxo‘rlik qilish nafaqat hukimatimiz, balki jamoat va diniy tashkilotlar, har bir ota-onaning ham muqaddas burchi hisoblanadi.

Darhaqiqat tinchlikni saqlash xushyorlik va ogohlikni talab qiladi. Muhtaram yurtboshimiz I.A.Karimov 2014 yil 31avgust kuni "Shahidlar xotirasi" majmuasida ta’kidlaganlaridek: "Diniy qadriyatlarning ezgulikning, insoniyatning dushmani bo‘lgan yod g‘oyalarning asl mohiyatini ochib berish, buzg‘unchi oqimlarni jilovlash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, ana shunday tinch, musaffo osmon ostida bunyodkorlik mehnati bilan band bo‘lib, shukrona keltirib yashayotgan oliyjanob xalqimizning tinch hayotini har qanday balo-qazolardan asrashga o‘z hissamizni qo‘shish bugungi kundagi eng dolzarb vazifamiz bo‘lishi kerak".

Yuqoridagi mulohazalardan kelib chiqqan holda shuni qayd etishimiz lozimki, agarda davlat, jamoat va diniy tashkilotlar, hamda ota-onalar hamkorlikda yoshlarda milliy g‘urur, milliy iftixor tuyg‘usini yarata olsak, mamlakatimizning jahon jamiyatida o‘ziga munosib o‘rin egallashi uchun fidokorlik bilan kurasha olish qobiliyatini yanada chuqurroq shakllantirsak yoshlar tarbiyasida katta yutuqlarga erishgan bo‘lamiz.

N.Temirova

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Samarqand viloyat vakilining

xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi


Kiritilgan vaqti: 21/01/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 1716
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/yoshlar-tarbiyasiga-barchamiz-masulmiz
Chop etilgan vaqti: 25/06/2021 18:30
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing