O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Yomonliklar boisi

 
 

Harom qilindi!.. . Yaqinlashmangiz!... . Bas undan chetlaningiz!.. ushbu ta’qiq lafzlariga e’tibor bering, qo‘yidagi maqolada ularning ma’no jihatdan qanday ahamiyat kasb etishi ifoda etiladi.

Yurtimizda olib borilayotgan juda keng ko‘lamli islohatlar, insoniy qadriyatlar, milliy va ma’naviy ananalar, diniy ma’rifiy sohalar qatori to‘yu marosimlarimiz ham isrofgarchiliklarsiz milliy ruhdagi go‘zal tarzda o‘tkazilishiga ham katta e’tibor bera boshlandi. Zero musulmon kishining barcha ishlari Islomiy sof e’tiqodga muvofiq kelishi lozim.

Afsuslar bo‘lsinki ba’zan Islom shariatida taqiqlagan ishlardan va iste’moli harom qilingan narsalardan o‘zini tiymaydigan fosiq kimsalarni uchratamiz. Bunday kishilar shariati Islomiya ta’qiqlagan narsalarga beparvolarcha munosabatda bo‘ladilar. Hattoki savob umid qilinadagan aqiqa, sunnat, kelin to‘yi kabi marosimlarda ham shaytoniy narsalarni qo‘yish va tab tortmay iste’mol qilish oqibatida poklik o‘rnini nopoklik, savob o‘rnini ma’siyat egallaydi.

Shu o‘rinda spirtli ichimliklarni haromlik darajasi haqida yana bir bor mulohaza qilishimiz foydadan xoli bo‘lmas inshaolloh.

Buning uchun dinda ta’qiqlangan ba’zi amallarni Qur’oni karimdagi ifodasiga e’tibor berishimiz kifoya qiladi. Ayni masalaga doir Qur’ondan uchta misol keltiramz:

1. Moida surasida “ O‘limtik, qon, cho‘chqa go‘shti, Allohdan o‘zganing nomi aytib so‘yilgan, bo‘g‘ilib o‘lgan, urib o‘ldirilgan, yiqilib o‘lgan, suzishdan(ya’ni shoxlanib) o‘lgan va yirqich xayvon(qisman) yegan (xayvonlar)sizlarga xarom qilindi. Illo(shar’an) so‘ysangiz (haloldir).” (3 oyat) deb marhamat qilingan. Demak oxirgi besh holatdagi xayvon joni borida “bismilloh” deb so‘yib olinmasa ular ham iste’mol uchun xarom bo‘ladi. Ammo fiqhiy qoidaga ko‘ra bu yerda zikr qilingan hayvonlarning cho‘chqadan boshqa barchasini juni, payi, suyagi, tishi, shoxi, oshlansa terisi ham foydalanish uchun halol bo‘ladi.

2. Lekin shunday gunohlar ham borki hatto ularga yaqinlashmoqlik ham harom hisoblanadi. Ulardan biri zinodir. Bu haqida Isro surasida Alloh taolo “Zinoga yaqinlashmangiz! Chunki u faxsh va yomon yo‘ldir.” (32 oyat) degan. Zotan haromga olib boruvchi yo‘lga kirish ham haromdir. Shu qoidaga ko‘ra o‘zi harom bo‘lgan zinoning yo‘liga kirish ham harom bo‘ladi. Kimki ta’qiqlangan hududga kirsa jinoyatni amalga oshirish ehtimoli ko‘payadi. Bunga otamiz Odam alayhissalom va onamiz Momo Havvoga jannatdagi bir daraxtga yaqinlashmasliklariga Alloh taoloning amri misol bo‘ladi. O‘shanda ularga Alloh taolo undan yemangiz demadi balki “yaqinlashmangiz!” dedi. Vaqtiki Odam alayhissalom bilan Momo Havvoni shayton vasvasa qildi, ular man qilingan daraxtga yaqinlashdilar oqibatda xatoga yo‘l qo‘ydilar, ya’ni mevani yedilar. O‘zlariga zulm qilib qo‘ydilar va jannatdan chiqarildilar, pushaymon bo‘lib tavba qildilar.

3. Gunohlar ichida yana shunday xatarli va jirkanchlari ham borki ularni amalga oshirish yoki unga yaqinlashish u yoqda tursin, undan chetlanmaslik va uzoqlashmaslikning o‘zi ulkan gunohdir. U gunohlar sirasidan tobora uzoqlashmoq lozim bo‘ladi. Kimda kim ulardan chetlanmas ekan najot topmaydi. Ular haqida Moida surasida Alloh taolo “Ey iymon keltirganlar! Albatta may(mast qiluvchi ichimliklar), qimor, but sanamlar va (fol ochadigan) cho‘plar shaytonning ishidan iborat iflosliklardirki, undan chetlaningiz! Shoyad (shunda) najot topsangiz” (90 oyat), deya xabar bergan. Mazkur oyatda iymonli kishi dunyo va oxiratda najot topmog‘i uchun nimalardan chetlanishi lozimligi uqtirilmoqda. Oyatda xamr ya’ni mast qiluvchi ichimlik zikr qilinib so‘ngra qimor va budparastlik kabi og‘ir gunohlar unga tenglashtirilgan.

Abdulloh ibn Amr xamr(may) ichishni gunohi kabiralarning eng kattasi deb bilganlar. Shu sahobiydan rivoyat qilingan hadisda , Rasululloh sallallohu alayhi vassallamning “May ichuvchi butga ibodat qilguvchi kabidur va may ichuvchi Lot va Uzzoga ibodat qilguvchi kabidur” deb aytganlari rivoyat qilingan. Demak alkagol ichimliklarni ichish butu sanamlarga sig‘inish bilan barobar ekan. Oyatdagi undan “chetlaningiz!” kalimasi avvalgi ikki oyatdagi ta’qiq kalimalari “xarom qilinidi!, yaqinlashmangiz!” so‘zlaridan kuchliroq ta’qiq ekani o‘tgan misollardan ayon bo‘lib turibdi. Undan chetlanish faqat ichishdan tiyilishgina bo‘lmay balki u iste’mol qilinayotgan joydan uzoqlashish va unga taaluqli barcha ishlarni tark qilish bilan bo‘ladi. Bu hususida ibn Umar roziyallohu anhudan vorid bo‘lgan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vassallam: “Alloh xamrni ham, uni ichuvchisini ham, quyuvchisini ham, sotuvchisini ham, sotib oluvchisini ham,siquvchisini ham, siqtiruvchisini ham, olib keluvchisini ham, olib keltiruvchisini ham la’natladi” dedilar. Chunki mazkur toifalarning barchasi yomonliklar qamab qo‘yilgan “xona” qulfini ochish uchun KALIT yasab beruvchilardir.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rosululloh sallallohu alayhi vassallam “Xamr (mast qiluvchi ichimlik)dan saqlaninglar. Zero u, barcha yomonliklarning kalitidur” deganlar. Alloh talo bu gunohlarni shaytonning iflos amalidan ekanini bayon qildi. Qaysiki jamiyat va oilada ichkilikka ruju qo‘yilgan ekan u yerda baraka yo‘q, halovat yo‘q, tinchlik yo‘q, najot yo‘q!. Buning sababidan iqtisodga va shu bilan birga boshqa man qilingan amal va narsalardan farqli o‘laroq ichkilik oqibatida buyuk ne’mat bo‘lmish aqlga ham futur yetadi. Natijada qanchadan - qancha nizolar bo‘lgani va arshni larzaga keltiruvchi taloqlar aytib yuboriliyotgani afsuski inkor qilib bo‘lmaydigan haqiqatdir.

Bas shunday ekan spirtli ichkiliklarning ashaddiy harom ekaniga voqe’likning o‘zi ham dalildir. Shuni ham ta’kidlash lozimki shariat harom qilgan har qanday narsa yoki amalni halol sanash mukallaf shaxsni Islom doirasidan chiqarib yuboradi. Bunday jaholatga qarshi Allohning tavfiqi ila ma’rifat vositasida kurashish barchamiz uchun farzdir.

Faxriddin Roziy va Imom Sha’roviy

tafsirlari hamda Imom Zahabiyning

“Kaboir” kitobi asosida tayyorlandi.


Kiritilgan vaqti: 08/11/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 2168
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/yomonliklar-boisi
Chop etilgan vaqti: 23/02/2024 05:51
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing