Yolg‘onchilik og‘ir gunoh
Bismillahir rohmanir rohim
Kishilik jamiyatda insonlar azaldan bir birlari bilan ijtimoiy, iqtisodiy munosabatlarida, jamiyatda ma'naviy-axloqiy muhitni sog‘lomligida rostgo‘ylik alohida muhim o‘rin tutadi. Rostgo‘ylikning ziddi - yolg‘onchilikdir. Yolg‘on - jamiyat a'zolari o‘rtasida u yoki bu holat, voqelik yoki shunga o‘xshash ijtimoiy munosabat va muomalaga nisbatan noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otish (shakllantirish) hisoblanadi.
Muqaddas dinimiz ta'limotida yolg‘onchilik gunohi kabira hisoblanadi. Gunohi kabira sodir etgan kishiga uqubat vojib bo‘ladi. Shuning uchun kabira gunoh sodir etgan kishi zimmasiga darhol istig‘for aytmoqligi ya'ni gunohiga tavba qilib, Alloh taologa kechirishini so‘rab iltijo qilmoqligi kerak bo‘ladi.
Alloh subhonahu va taolo Qur'oni karimning ko‘plab oyatlarida mo‘min musulmon bandalarini yolg‘onchilikdan qaytargan. Jumladan, Tavba surasida: ''Ey mo‘minlar, Allohdan qo‘rqingiz va iymonlarida rostgo‘y bo‘lgan zotlar bilan birga bo‘lingiz'', (119-oyat), degan bo‘lsa, Ahzob surasida: ''Rostgo‘y erkaklar va rostgo‘y ayollar uchun Alloh mag‘firat va ulug‘ mukofot tayyorlab qo‘ygandir'', (35-oyat) deb marhamat qiladi.
Ibni Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Suyukli Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining muborak hadislarida: ''O‘zlaringizga rostgo‘ylikni lozim tutinglar. Albatta, rostgo‘ylik kishini yaxshilikka yetaklaydi. Yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa Allohning huzurida o‘ta rostgo‘ylar (ya'ni siddiqlar) qatoriga yozib qo‘yiladi. Yolg‘on gapirishdan saqlaning. Chunki yolg‘onchilik fujur (ya'ni gunohlar)ga yetaklaydi. Gunohlar esa kishini do‘zaxga yetaklaydi. Kishi doim yolg‘on gapirsa, unga o‘rganib qoladi va Allohning huzurida kazzoblar ya'ni yolg‘onchilar qatoriga yozilib qo‘yiladi'', deb marhamat qilganlar.
Yolg‘onchilik munofiqlik alomatidir. Ibni Mas'ud roziyallohu anhu munofiqlik haqida: ''Munofiqning uchta sifatiga e'tibor qilinglar. Gapirsa yolg‘on gapiradi, bergan va'dasiga xilof qiladi, biror kishi bilan ahdlashsa, bergan ahdiga xiyonat qiladi'', deganlar. Demak, yolg‘onchilik munofiqlikning bir alomati ekan. Alloh taolo Qur'oni karimning Niso surasida: ''Albatta, munofiqlar do‘zaxning eng ostki qavatidadirlar va hargiz ularga bir yordamchini topa olmassan'', (145-oyat) deb ogohlantirdi. Alloh subhonahu va taolodan panoh so‘raymiz.
Inson bu dunyoda o‘z manfaati yo‘lida doim yolg‘on gapiradigan bo‘lsa, unday odam el orasida ''falonchi yolg‘onchi'' degan nomni oladi. Uning rost gapiga ham odamlar ishonmay qo‘yishadi. Shuningdek, rostgo‘y, omonatdor inson ikki dunyoda baxtu saodatga erishadi. Luqmoni Hakimdan: ''Siz dunyoda erishgan bunday darajotning asosiy sababi nimada'', deb so‘ralganlarida, shunday degan ekanlar: ''Men dunyodagi bu darajotga rostgo‘yligim, omonatdorligim va dunyo-yu oxiratimga naf bermaydigan ishlarni tark etish bilan yetishdim''.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarining birida: ''Menga oltita gunohni sodir etmaslikka kafolat bersalaringiz, men sizlarga jannatning kafolatini beraman. So‘zlasalaringiz rost so‘zlaysizlar, birovga bergan va'dalaringizga vafo qilasizlar, biror kishi mol-mulkda yoki biror gap-so‘zda omonat qoldirsa, omonatni ado qilasizlar, farjlaringizni haromdan saqlaysizlar, ko‘zlaringizni nomahramlarga shahvat nazari bilan qarashdan kuyi tutasizlar, qo‘llaringizni birovlarni mol-mulklarini harom yo‘llar bilan o‘zlashtirishdan tiyasizlar'', deb marhamat qildilar. E'tibor beradigan bo‘lsak Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam bandaning dunyo-yu oxiratda najot topish yo‘llarini shu birgina hadisda oltita shart bilan qanday sifatlarga ega bo‘lishi kerak ekanligini aniq ravshan bayon qilib berdilar.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: ''Yolg‘onchilik salohiyatli amal emas illo uch o‘rinda uni ishlatsa bo‘ladi. Birinchisi, urushda, chunki urush yolg‘onchilik va aldovdan iborat. Ikkinchisi, o‘rtalari buzilgan ikki birodarni yarashtirish uchun. Uchinchisi, kishi o‘zi va arazlab qolgan xotini o‘rtasini isloh qilish uchun'', deb marhamat qilganlar.
Tobeinlardan birlari: ''Bilmoq kerakkim albatta, rostgo‘ylik Alloh taoloning valiy bandalarining ziynatidir. Yolg‘onchilik esa baxtsizlik alomatidir'', degan ekanlar.
Shunday ekan, har bir mo‘min musulmon kishi rostgo‘y bo‘lmog‘i, yolg‘ondan hazar qilmog‘i, zimmasidagi ilohiy omonatni ado etmog‘i kerak bo‘ladi. Kishilar o‘rtasida o‘zaro muomaladagi rostgo‘ylik bitmas tuganmas baraka hamdir.
Alloh taolo barchalarimizni rostgo‘y, omonatdor bandalari qatorida bo‘lmoqligimizni nasib etib, ikki dunyo saodatiga musharraf qilsin.
Payariq tumani bosh imom xatibi Mansurjon Abduxoliqov
Kiritilgan vaqti: 23/01/2020 11:55; Ko‘rilganligi: 8947
Chop etilgan vaqti: 12/10/2024 14:00