O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Yolg‘on va mish-mishlarga ishonmang!

 
 

Zamon shu darajada rivojlandiki, uyida o‘tirgan ison bir zumda butun dunyo ma'lumotlariga ega bo‘lyapti. Ma'lumot almashinuvi ham shu qadar tezlashdiki ,bugungi ma'lumot  ertaga eski bo‘lishga ulguryapti. Albatta bu tezlashish, ma'lumot almashinuvini internetsiz tasavvur qila olmaymiz. Insonlar tomonidan internet tarmoqlariga shu qadar ma'lumot va yangiliklar qo‘yilib borilayapdiki uni o‘qib ulgurishni o‘zi mushkul bo‘lib qoldi. Bir daqiqani o‘zidayoq nafaqat yurtimizda balki dunyoda  bo‘layotgan xabarlar bilan tanishish yoki biror bir xabarni boshqalarga tarqatish hach gap bo‘lmay qoldi. Bu albatta insonlar uchun qulaylik bo‘lib, o‘zlariga kerak bo‘lgan ma'lumotlarni topib , uni o‘rganishida hamda , biror bir  xabarni yaqinlariga yetkazishida ham vaqt va mablag‘larini tejaydi. Lekin shuni yaxshi bilishimiz kerakki, qulaylik va yengillik bo‘lmish bu internetdan foydalanishda hususan axborot  olish yoki axborot yetkazishda juda ehtiyotkorona ish tutmoqlik kerak.

Keyingi vaqtlarda internet tarmoqlari orqali asossiz, yolg‘on xabarlar, turli uydirmalarni, ayniqsa butun dunyoni tashvishga solayotgan koronavirusga aloqador ma'lumotlarni bilib bilmay xalq ommasiga havola qilib, insonlar orasida turli noqulaylik va vahimalarni kelib chiqishiga  sabab bo‘layotganlar  kuzatilmoqda. Masalan, “ Falon nafar fuqaro falon joydan  ushbu kasallik sabab olamdan o‘tibti”,” Falon joydan faloncha adad kasallik aniqlanibti”, “Salqin ichimliklar ishlab chiqaruvchilar tomonidan koronavirus infeksiyasi ataylab tarqatilyapti”, “Narh navolar ko‘tarilib ketar ekan”, “ Oziq ovqatlarni ko‘proq g‘amlash kerak”,  kabi ko‘plab asossiz mish mishlar fikrimiz dalili bo‘la oladi.

Dinimizda yolg‘onchilik qoralanib, insonlarni yolg‘ondan qaytariladi. Sababi, yolg‘on gapirish yolg‘onchining imoniga salbiy tasir qilishi bilan birga,  jamiyada  beqarorlik va vahimalarga sabab bo‘lib, insonlar orasida parokandalikni keltirib chiqaradi.

Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: Bir odam kelib: "Ey Allohning Rasuli! Do‘zax amali nimadir?", deb so‘radi. Rasululloh: "Yolg‘onchlikdir. Agar banda yolg‘on gapirsa, fojirlik qiladi, fojirlik qilsa, kofir bo‘ladi, kofir bo‘lsa, do‘zaxga kiradi", deb javob berdilar.

Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Rostgo‘ylikni mahkam tutinglar. Zero, rostgo‘ylik ezgulikka yo‘llaydi, ezgulik esa jannatga boshlaydi. Kishi rost gapirish va rostgo‘ylikka intilishda davom etaveradi, natijada Alloh huzurida rostgo‘y deb yoziladi. Yolg‘onchilikdan saqlaninglar. Zero, yolg‘onchilik fojirlikka (gunohkorlikka), fojirlik esa do‘zaxga boshlaydi. Banda yolg‘on gapirish va yolg‘onchilikka intilishda davom etaveradi, nihoyat Alloh huzurida yolg‘onchi deb yozilad”», dedilar. (Buxoriy, Muslim, Termiziy rivoyati). 

Hadisi sharifda rostgo‘ylik maqtalib, rostgo‘y inson jannat ahlidan ekani, yolg‘on esa yomonlanib uning egasi do‘zax ahlidan  ekani ma'lum bo‘lyapti. Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz alayhissalom yolg‘onchini munofiqga tenglashtirdilar.

Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Munofiqning alomati uchta: gapirsa yolg‘on gapiradi, va'da bersa, ustidan chiqmaydi, omonat qo‘yilsa, xiyonat qiladi”. (Muttafaqun alayh).

Agarda yolg‘on xabarni tarqatgan kishidan ushbu xabarni manbasini so‘rasangiz kimdandir eshitganligini asos qiladi vaholanki hadisi shariflarda eshitgan narsalarini gapiraverishlik ham yolg‘onchilik ekani aytib qo‘yilgan.

Rosululloh sollalohu alayhi vasallam: “Kishining barcha eshitganlarini gapiraverishi uning  yolg‘onchiligiga yetarli dalildir”. (Imom Muslim).

Musulmon inson gapirsa yaxshi gap gapirishi bo‘lmasa sukut qilishi lozimdir.

Rosululloh sollalohu alayhi vasallam: “Kimki Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, yaxshi gap gapirsin yoki sukut saqlasin”, deganlar (Muttafaqqun alayh).

Yana shuni alohida takidlash kerakki Musulmon kishi hammani gapiga ishonib uni tasdiqlab ham ketavermaydi , balki xabarni kim yetkazayotganligi , u qanday kishi, nimani gapirayotganligini aniqlab keyin ishonishi kerak.  

 Yana, “Koronavirusning  davosi topilibdi” , degan mish mishlar  ham yo‘q emas. Alloh hohlasa topiladi. Lekin asossiz xabarlarga ishonib hech bir inson mutaxassislarga murojaat qilmasdan o‘zicha ish ko‘rmasin.  Eronda bir qancha fuqarolar mana shundek  asossiz, yolg‘on xabarlarning qurboni bo‘lgani kuzatildi .

 Har bir ma'lumotlarni tekshirib aniqlik kiritish zarur ekanligi haqida Alloh taolo shunday deydi:  “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq kimsa xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bilmasdan, bir qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo‘lmanglar!”.(Hujurot, 6). 

Musulmon, Allohdan umidi bor inson doimo boshqalarga yaxshi va to‘g‘ri gaplarni gapirishi, ayniqsa mana shunday sinovli kunlarda insonlar orasida asossiz, bo‘lar bo‘lmas xabarlarni tarqatib, turli  vahimalarga sabab bo‘lish o‘rniga,  barchani hamjihatlik va sabrga chaqirishi lozimdir. Tijoratchi, tadbirkor qadrdonlar ham yuqoridagi turli asaossiz gaplarga e'tibor bermasdan, ushbu sinovli kunlarda narh navolarni oshmasligini ta'minlab, Allohdan savob va barakot umidida faoliyatlarini davom ettirishliklari  maqsadga muvofiqdir.Yurtimizda fuqarolarning osoyishtaligi, tinch va salomatiligi uchun barcha sharoitlar yaratilib, deyarli har kuni yangi qarorlar qabul qilinyapti. Har kuni mutaxassislar tomonidan yurtimizga va barcha mamlakatlarga oid yangiliklar OAV orqali omma e'tiboriga havola qilinib borilyapti. Sarosima va tushkinlikka o‘rin yo‘q.

Barchamiz, bu o‘tkinchi bir sinov ekanligini, zarur bo‘lmaganda tashqariga chiqmasdan,  karantin talablariga rioya qilib, Allohga duo va iltijolar qilib, tavba va ibodatlar bilan mashg‘ul bo‘lishligimiz, har qanday asossiz gaplarga e'tibor bermasligimiz lozimdir.

 Ziyouddin MIRSODIQOV,
Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi
“Bo‘ta buva” jome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 30/03/2020 12:00;   Ko‘rilganligi: 1601
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/yolgon-va-mish-mishlarga-ishonmang
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 01:57
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing