Yaxshilikning mukofoti faqatgina yaxshilikdir
Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: “Ehsonning mukofoti faqatgina ehsondir” (Ar-Rohman surasi, 60-oyat). Ya’ni, yaxshilikning mukofoti faqatgina yaxshilikdir. Ushbu oyati karimadagi birinchi yaxshilik bandalar tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu yaxshilikning ichiga barcha ezgu ishlar kirib ketadi. Ikkinchi yaxshilik esa Alloh taolo tomonidan yaxshilik qiluvchilarga beriladigan Jannatdir.
Jabroil alayhissalom kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga “Yaxshilik haqida xabar bering” deganlarida u zot: “Yaxshilik bu - Alloh taologa ko‘rib turgandek ibodat qilishligingizdir. Garchi siz Uni ko‘rib turmagan bo‘lsangiz ham U Zot sizni ko‘rib turibdi” deb javob berganlar.
Barchamiz har doim qo‘ldan kelgunicha yaxshilik qilmoqligimiz lozim. Alloh taolo yaxshilik qilguvchilarni suyadi. Vaholanki, Alloh taolo O‘z suygan bandasini hech qachon xor qilib qo‘ymaydi.
Sizlarga ikkita ajoyib voqeani keltirsam. Olimlardan biri o‘zi kambag‘al bo‘lishiga qaramasdan odamlarga yaxshilik qilishga haris edi. Ko‘pincha bitta kiyimda yurar edi. Agar kiyimlari ikkita bo‘lib qolsa, oldidan biror miskin chiqib qoladigan bo‘lsa, bittasini yechib berardi. Uylariga esa bitta kiyimda qaytib ketar edilar. Ramazon oyi kunlarining birida uylarida ayollari dasturxon yozib iftorlikka tayyorgarlik ko‘rayotgan edi. Bir vaqt eshik taqillab qoldi. Shayx chiqib qarasa bir miskin (bechora) ekan. U o‘zi va uydagilarini biror ovqat yeyishga imkoniyati yo‘qligini aytdi. Shunda Shayx xotini ichkarida ekanligidan foydalanib, barcha ovqatni o‘sha miskinga berib yubordi. Xotini bundan xabar topgach malomat qilib, baqir-chaqir qildi. Shayx bunga e’tibor bermay jim turib nimanidir kutar edi. Birdaniga eshik taqillab qoldi. Ochsalar bir kishi turli noz-ne’matlar bilan turibdi. Bu nima sababdan ekanligini so‘radilar. U kishi “Said Bosha olimlarni chaqirib ziyofat bergan edilar. Barcha olimlar uzr aytib, kela olmasliklarini aytdilar. Shunga u kishi bu taomlarni sizga yetkazishimni ta’kidladilar” dedi. Shayx ayoliga qarab “Ko‘rdingmi, bu yaxshilikni mukofoti” dedi.
Bir ayol kishining o‘g‘li safarda bo‘lib, anchadan beri kelmagan edi. Bir kuni ayol bir burda nonni saryog‘ga botirib endi yemoqchi bo‘lganida birdan eshik taqillab bir miskin kelib qoldi. Ayol qo‘lidagi luqmani o‘sha miskinga berib yuborib, o‘zi och holatida o‘tiraverdi. Bir necha kun o‘tib o‘g‘li qaytib keldi. U yo‘lda ajoyib bir hodisa guvohi bo‘laganligini onasiga hayojanlangan holda shunday dedi: “Onajon! Yo‘lda bir o‘zim ketayotgan edim. Ortimga o‘girilib qarasam bir sher izma-iz ergashib kelyapti. Qo‘rqqanimdan undan qocha boshladim. U esa ortimdan quvib menga yetib oldi va ustimga sakradi. Endi o‘zimni uning og‘zida ekanligimni his qilganimda bir oq kiyimli kishi kelib meni undan xalos etdi. U kishi ketayotib menga “Luqma evaziga luqma” deb aytdi. Men bundan juda ajablanib, bu gapni oxiriga yeta olmayapman”. Shunda ona o‘g‘lidan bu hodisa qachon bo‘lgani haqida so‘radi. O‘g‘li unga bu voqea xuddi ona miskinga luqma bergan vaqtda ro‘y berganini aytdi. Shunda ona Allohga hamd aytib, o‘g‘liga bo‘lgan voqeani aytib berdi.
Ha azizlar, yaxshilik sababidan Alloh taolo kasalliklarni aritadi, xato-kamchiliklarni avf etadi. Qo‘limizdan kelgunicha yaxshilik qilaylik. Imkoniyatimiz yo‘q bo‘lsa, hech bo‘lmasa yaqinlarimizga tabassum qilib qaraylik, bu ham yaxshilikdandir.
Kiritilgan vaqti: 09/03/2018 00:00; Ko‘rilganligi: 7852
Chop etilgan vaqti: 12/12/2024 01:13