O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

VATANNI SEVMOQ IYMONDANDIR

 
 

Vatan. Bu jarangdor so‘zning asl ma’nosi ona yurt demakdir. Ha azizlar, azal azaldan insoniyat o‘z tug‘ilib o‘sgan, kindik qoni to‘kilgan go‘shasini onaga tenglashtirib, uni yuragining tub-tubida ardoqlab asragan.

Ayniqsa payg‘ambarimiz Muhammad alayhis-salomning Makka yaqinidagi tepalikdan turib, tug‘ilib o‘sgan zaminiga termulguncha ko‘z yoshi to‘kishi, Najmiddin Kubroning qo‘lida vatan bayrog‘i ila jon berganligi hamda Imom Buxoriy kabi ko‘plab ulug‘larimiz o‘z tabarruk nomlarini vatan bilan bog‘laganliklari bizga vatan qadriyu muhabbatini qayta-qayta eslatib turgandek bo‘laveradi.

Oltin, kumush kabi qimmatbaho buyumlar ham o‘tda toblanib, qizdirilib, qiymatga ega bo‘lganidek bugungi yorug‘ kunlarimizgacha ajdodlarimiz ne-ne sinov va ko‘rguliklarni ko‘rmadi deysiz. Ana shu mash’um tarixning daxshatini keksa avlod vakillaridan juda ko‘p bora eshitganmiz. Bir so‘z bilan aytganda bu yorug‘ kunlarimiz Yaratganning buyuk bir in’omi bo‘lish bilan birga yelkamizdagi yuksak omonat hamdir.

Bir narsani yaxshi anglashimiz lozimki, o‘sha zamonlarda ham O‘zbekistonning zamini, hududi o‘z joyida edi. Xalqimiz ham aynan shu zamin, shu tuproqda yashar edi. Ammo o‘shanda xalqimizning qo‘lida hurriyyat, milliy davlat yo‘q edi. Ajdodlarimiz o‘z uyiga o‘zi ega chiqa olishmas, yurak yutib O‘zbekiston xalqi mening xalqim deya olishmas edi. Boz ustiga davlat madhiyasi ham boshqa bir xalqqa salom berilib, unga qulluq qilinishdan boshlanardi. XX asrning so‘ngiga kelib esa siyosiy jihatdan muhim bir voqea ro‘y berdi. Ya’nikim, ko‘p yillik orzu – mustaqillik ne’matiga erishdik.

Mazlum ajdodlarimizning ko‘p yillik duolari sharofati ila Mustaqillikning ilk qadamidanoq ulug‘vor maqsadlarga boy bo‘ldi.

Muhtaram yurtboshimiz I. Karimov 1 sentyabr kunini O‘zbekistonda Mustaqillik kuni umumxalq bayrami deb e’lon qilar ekanlar, oradan ko‘p o‘tmasdan 1991 yil O‘zbekistonda Alisher Navoiy yili deb ham nomlandi. Ana shu kundan boshlab biz Navoiy bobomizni “Shamsul millat” (“Millat quyoshi”), “Ma’naviy pirimiz” ekanligini angladik va buni behadik tillarimizda ayta oladigan bo‘ldik.

Mana bu yil jannatmonand vatanimiz mustaqilligiga 25 yil to‘lgan bo‘lsa, erishgan yutuq va marralarimizni sanab adog‘iga yeta olmaymiz. Eng asosiysi ona yurtimizning har bir go‘shasida har kuni musaffo, osoyishta tonglar otmoqda. Hatto eng chekka hududlardagi o‘zgarishlarni ko‘rib qalbing sururga to‘ladi. Ommaviy axborot vositalari orqali jahon areniyalaridagi g‘olib farzandlarimizni ko‘rib, beixtiyor qalbingdan vatan muhabbati bilan to‘lib toshgan iftixor tuyg‘ulari yog‘ilib kelaveradi.

Alloh taolo aziz vatanimizni tinch osmonimizni musuffo, mustaqilligimizni abadiy qilsin.


Kiritilgan vaqti: 11/08/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 15084
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/vatanni-sevmoq-iymondandir
Chop etilgan vaqti: 17/09/2021 21:44
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing