O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

VATAN UCHUN JON FIDO

 
 

Alloh taolo Odam ato va Momo Havvoni yaratdi va ulardan dunyoga kelgan zurriyotlarini yerda turli millat va elatlarga bo‘lib qo‘ydi. Bu haqda Alloh taolo kalomi sharifini Hujurot surasi 13-oyatida shunday marhamat qiladi:

"Ey, insonlar, darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishlaringiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo‘ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir".

Shunday ekan, inson farzandi qayerda, qaysi yurtda dunyoga kelsa ana o‘sha joy unga qadrli vatan va kindik qoni to‘kilgan joy uning uchun hamma narsadan ham qimmatli maskan bo‘lib qoladi. Bunga misol qilib Rasululloh (s.a.v.)ni Madinai munavvaraga hijrat qilib borganlaridan so‘ng tug‘ilib o‘sgan vatanlari Makkai mukarramani eslab, shunday deganlarni keltirish mumkin:

"Agar qavmim meni Makkadan chiqib ketishga majbur qilmaganida, hecham o‘z ixtiyorim bilan uni tashlab ketmagan bo‘lar edim". Demak, vatanni sevish, uni sog‘inib yashash, undagi bor narsalarni ardoqlash insoniyatda bo‘lgan bir go‘zal tuyg‘u ekan.

Hadisi sharifda esa bunday deb marhamat qilingan:
“Kimiki Alloh taolo yo‘lida bir yoki bir kecha chegara poylasa, unga bir oy kunduzi nafl ro‘za tutib, kechasi nafl ibodat qilganlik savobi yoziladi. Kimki sarhadni qo‘riqlab turganda halok bo‘lsa, unga ham xuddi shunday ajru - savob mukofoti bo‘ladi va oliy maqomi berilib, barcha fitnalardan omonda bo‘ladi”.

Bu hadisi shariflardan ko‘rinib turibdiki, har bir inson o‘z jonini, molini, dinini, oilasini, mahallasini va yurtini jon-jahdi bilin himoya qiladigan bo‘lsa, shu hayoti dunyoda ham va oxirat dunyosida ham ulug‘-ulug‘ martabalarga erishishi haqiqat ekan.

Alloh subhanahu va taoloning behisob lutfi va marhamati ila jonajon diyorimizda tinchlik va osoyishtalik hukm surmoqda. Yurtimiz yanada gullab yashnab, taraqqiy topmoqda. Uning yosh avlodlri kamolotga erishib, xalqi yanada farovon yashamoqda.

Muborak istiqlol bizga in’om etgan yutuq va muvaffaqiyatlar asosida mamlakatimizdagi osudalik, mehr-oqibat, bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik yanada mustahkamlanmoqda.

Ma’lumki, mustaqilligimiz e’lon qilingan yillardanoq mamlakatimiz mudofaasini kuchaytirish masalasi davlatimiz siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab olindi.

1992 yil 14 yanvar kuni esa mustaqil davlatimiz tarixida yana bir muhim tadbirga qo‘l urildi. Respublika Oliy Kengashining “O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan harbiy qismlar va harbiy o‘quv muassasalari to‘g‘risida”gi qarori bilan mamlakatimiz hududidagi barcha harbiy tuzilmalar mustaqil O‘zbekiston tasarrufiga o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan mazkur hujjat armiyamizni isloh qilishning uzoq muddatli dasturi ishlab chiqilishiga yo‘l ochdi.

1993 yilning 29 dekabrida 14 yanvar yurtimizda “ Vatan himoyachilari kuni” deb e’lon qilindi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, tinchlikni asrash, yurtimiz barqarorligi va xavfsizligini ta’minlashda milliy armiyamizning alohida o‘rni bor. Yurtboshimiz rahbarligi ostida mamlakatimizda tezkor va ixcham, zamonaviy qurol - yarog‘ va texnika bilan ta’minlangan, jangovor tayyorgarlikka ega milliy armiya barpo etish maqsadida keng ko‘lamda ishlar amalga oshirildi.

Qo‘lga kiritilgan bunday ulkan moddiy va ma’naviy boylikni qadrlay bilish, Vatan sarhadlari daxlsizligini ta’minlash, yurt sha’ni va or-nomusini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash shu zaminda yashayotgan har bir farzandning muqaddas burchidir.

Demak, har bir inson butun jamiyat a’zolari uchun muhim bo‘lgan tinchlikni saqlash yo‘lida birdam bo‘lib harakat qilishi muhimdir. Vatan himoyasi jabhalarida xizmat qilayotgan har bir harbiy xizmatchi o‘ziga topshirilgan vazifani Alloh va yurti oldidagi ulug‘ mas’uliyat deb bilmog‘i va harbiy qasamyodni, va’dalarini bajarishi zarurdir.

Mutafakkir olimlardan biriVatanparvar – o‘z vatani kamoloti yo‘lida, o‘z xalqiga muhabbati tufayli moli, kuch-g‘ayrati tugul, jonini ham ayamaydigan, xalqi va vatanining ozodligi, farovonligi uchun bor-budini fido qiluvchi insondir”,- degan ekan.

Shunday ekan, har bir inson vatan ravnaqi uchun sohasi doirasida o‘z hissasini qo‘shishi lozim.

Alloh taolo mustaqil yurtimiz sarhadlarini sergaklik bilan qo‘riqlayotgan, Vatanimiz qurolli kuchlari safida xizmat qilayotgan barcha harbiy akalarimizni O‘zining hifzu himoyasida saqlab, aziz diyorimiz osmonini musaffo, diyorimizni tinchligini barqaror va mustaqilligimizni abadiy bo‘lishini nasib qilsin.

Hasanxon Temirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Samarqand viloyat vakilligi mutaxassisi


Kiritilgan vaqti: 08/01/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 4122
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/vatan-uchun-jon-fido
Chop etilgan vaqti: 13/10/2024 05:52
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing