O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Vatan himoyasi oliy saodat

 
 

Farzandu nabiralarimiz bog‘cha yoki maktabga borar ekan, dastlabki kunlardanoq o‘zicha yangi iboralarni yod olib, uyga qaytadi. Men ko‘p e’tibor qilganim – aksariyat bolajonlarning tilidagi ilk kalom Vatan mavzuida bo‘lmoqda. Aytaylik, bugungi besh-olti yoshli bolakay «O‘zbekiston Respublikasiga xizmat qilaman!» deyapti. Bu nimadan dalolat?

Ochig‘ini aytish kerak, bu yoshdagi bola Vatanga xizmat qilish, uning qadr-qimmati, shon-sharaf, degan tushunchalardan ancha yiroq bo‘ladi. Ammo uning tiliga ota-ona, bog‘cha opa, ilk o‘qituvchisi tomonidan solinayotgan bu kalomlar ertaga diliga ham ko‘chib o‘tishiga hech shubha yo‘q. U bola ertaga albatta, tilidan chiqqan bu kalom haqida o‘ylab ko‘radigan yoshga yetadi va aytgan iborasining naqadar ulug‘ ekanligini tushunadi. Qolaversa, ozod va obod mamlakatimizda nafaqat milliy siyosat, balki bugun har bir fuqaroning qalbida ham Vatan bilan faxrlanish, farzandlarni shu ruhda tarbiyalash ehtiyoji paydo bo‘lmoqda. Yurt ravnaqi, taraqqiyoti, daxlsizligi unga bo‘lgan muhabbat bilan o‘lchanishi barchamizga kundek ravshan bo‘layotir.

Vatanga xizmat qilish, uning himoyasiga otlanish nima? Bizningcha, bu tushunchani eng oddiy jihatlariga ham e’tibor qilmoq joiz. Masalan, bir o‘qituvchi o‘ttiz yil davomida millat yoshlarini o‘qitdi, tarbiyaladi, ma’nan barkamol etib yurt xizmatiga qo‘shdi. Nazarimizda o‘qituvchining bu ishi ham Vatan himoyasidan boshqa narsa emas. Bir shifokor fidoyiligi, insonlar sog‘lig‘i uchun jon koyitishi, kasbini sharaf bilan ado etishi ham yurtni sevishdir, uni himoya qilishdir.

Xo‘sh, nega bunday deyapmiz? Chunki, Yaratganning o‘zi asrasinu o‘sha odam xalqini uch pulga sotishi, Vatan xoini bo‘lishi ham mumkin edi. Buni mana, dunyoning ayrim mamlakatlari misolida ko‘rib turibmiz. Afsuslar bo‘lsinki, o‘sha davlatlarda maqsadu maslagini unutgan, aniqrog‘i umuman, Vatan qadr-qimmati, dinning asl mohiyatini bilmay turib xoin sifatida jon berayotganlar ichida yurtdoshlarimiz ham bor. Demak, davlatning chegaralarida turib, qo‘lda qurol bilan Vatan himoyasiga otlanganlardan tortib, chekka qishloqlarda farzandlarimizga harf tanitayotgan oddiy muallimning qilayotgan ishi ham, bir xonadondagi bemor ahvolidan xabardor bo‘lmoq ham birdek sharafdir. Kasbidan qat’iy nazar Vatanni sevish, unga xizmat qilish katta saodatdir.

Abu Atiyya roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kishi vafot etganini bilib, «Qay biringiz uni biror yaxshi amalni bajarayotganida ko‘rgansiz», deb so‘radilar. Bir kishi: «Men u bilan Alloh yo‘lida bir kecha qo‘riqchi bo‘ldim», deb aytdi. Payg‘ambarimiz alayhissalom va u zot bilan o‘tirganlar o‘rinlaridan turib, unga janoza namozini o‘qishdi. Qabriga qo‘yilgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘llari bilan tuproq tortdilar. So‘ng mayitga qarab: «Men sening jannat ahlidan ekaningga guvohlik beraman» dedilar».

Bundan ko‘rinib turibdiki, Vatanni himoya qilish dinimizda ham juda katta sharaf hisoblanadi. Shunday ekan, Vatandan, davlat chegaralaridan tashqarida turib yurtga tosh otayotganlar, qurol o‘qtalayotganlarni qanday atamoq joiz? Shular haqida o‘ylarkanmiz, ularning qilmishi na diniy qadriyatlarga, na dunyoviy aqidalarga to‘g‘ri kelishiga amin bo‘ladi kishi.

Yana bir hadisda «Kimki Alloh taolo yo‘lida bir kun yoki bir kecha chegara poylasa, unga bir oy kunduzi ro‘za tutib, kechasi ibodat qilganlik savobi yoziladi. Kimki sarhadni qo‘riqlab turganda halok bo‘lsa, unga ham xuddi shunday ajru-savob mukofoti bo‘ladi va shahidlik maqomi berilib, barcha fitnalardan omonda bo‘ladi», deyiladi.

Vaholanki, bir umr harbiylik kasbini sharaf bilan ado etib kelayotganlar bor. Anglashiladiki, Vatan sarhadlarida bedor bo‘lib, tinchligimiz, xotirjamligimiz yo‘lida zaxmat chekayotgan inson ham ibodatda bo‘lgan inson savobini olar ekan. Farqi shundaki, u o‘zining bu fidoyiligi bilan nafaqat o‘zi, oilasi, balki yurt osoyishtaligiga ham xizmat qilayotgan hisoblanadi. Bu shunday xizmatki, eng oliy, eng sharafli xizmatdir.


Kiritilgan vaqti: 12/01/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 2483
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/vatan-himoyasi--oliy-saodat
Chop etilgan vaqti: 18/09/2021 02:40
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing