Uyda qoling - ota –onangizning duosini oling
“Biz insonga ota-onasiga yaxshilik qilishni tavsiya qildik” (Ankabut surasi 8- oyat).
Demak, ota-ona nomiga sazovor bo‘lgan shaxs borki, xoh yaxshi, xoh yomon bo‘lsin, xoh musulmon, xoh kofir bo‘lsin, dinimizda ular ehtiromga loyiq zotlar sifatida qadrlanadi. Ularga yaxshilik qilish har bir farzandning burchidir.
Payg‘ambarimiz sollalloxu alayxi vasallam shunday deganlar: “Mo‘min kishining ota-onasi hayot bo‘lsa, ularga yaxshilik qilib, uning savobini kutgan holda tong ottirirgan bo‘lsa Alloh u banda uchun jannatdan ikki eshik ochadi. Ibn Abbosdan r.a. dan Imom Buxoriy rivoyat qilgan.
Ha albatta, ota-onasi bor insonlar dunyodagi eng baxtli insonlardir, Ularning xizmatida bo‘lish, duolariga sazovar bo‘lish, roziliklarini topish farzandni ikki dunyo saodatiga erishtiradi. Bunga tarixdan ham, bugungi kunimizdan ham ko‘plab misollar kelirtishimiz mumkin.
Qadimda ikki aka-uka bo‘lib, ular kechasi keksa ota-onalariga navbati bilan qarar edilar. Biri kechasi bilan ota-onasiga qarasa ikkinchisi kechasi bilan ibodatda bo‘lar edi. Kunlarning birida aka ibodat halovatini sezib ukasidan yana bir kecha sen ota-onamizga xizmat qilsang, men bugun yana ibodatda bo‘layin, deb ilimos qilibdi. Uka ham rozi bo‘libdi. Aka ibodatga uka ota-ona xizmatida qoyim bo‘libdilar. Ibodat qilayotgan aka tonga yaqin uxlab tush ko‘ribdi, g‘oyibdan bir ovoz ukangni barcha gunohlari kechirildi, ukangning hurmatidan sening ham gunohlaring kechirildi, debdi.
Aka hayron bo‘lib, axir men kechasi bilan Allohga ibodat qildim, ukam ota-onam xizmatida bo‘ldiku, debdi.
Shunda g‘oyibdan yana ovoz kelib, Alloh nazdida sening nafl (ixtiyoriy) ibodatingdan ota-onaning roziligi haqqi hurmati ustun turadi debdi.
Aziz yurtdoshlarim, bugun dunyoda qolaversa jonajon O‘zbekistonimizda koronavirus degan bir illat, balo barchani tashvishga qo‘yib turibdi. Ayni vaqtda yurtimizda karantin e'lon qilingan. Hatto masjidlarimizda ham jamoat namozlari to‘xtatildi. Yurtboshimiz va barcha mutasaddi rahbarlarmiz tamonidan uyda qoling, deb qayta va qayta ta'kidlanmoqda. Men ham sizga uyda qoling, duo qiling, ota-onangizning xizmatida bo‘ling, deb murojaat qilaman.
Alisher Shukurov - Narpay tuman “Ko‘k ota” jome masjid imom xatibi
Kiritilgan vaqti: 04/04/2020 09:10; Ko‘rilganligi: 1527
Chop etilgan vaqti: 14/09/2024 18:45