O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Ustoz ehtiromi farovon hayot garovi

 
 

Yurtimiz istiqlolga erishgach xalqimizning o‘z sha’n va shu’uri qaytarib berildi. Ayniqsa, ta’lim-tarbiya sohasida ham bir qancha ijobiy siljishlarga erishildi. Ko‘plab ilm dargohlari ta’mirlandi va ularning qatoriga yangilari qurib bitkazilib, xalqimiz farzandlariga yuksak darajada bilim olishlari uchun taqdim qilindi.

Mustaqillikka erishish davridayoq har qanday ilm sohasida ijod va mehnat qilib turgan kishilarni ijtimoiy hayot tarzlariga katta e’tibor qaratildi. Chunki kelajak avlodni taqdiri yuksak darajadagi ziyoli kishilar qo‘lida bo‘ladi. Bu azizlarni say’-xarakatlarini e’tiborga olib davlatimiz tomonidan 1-oktyabr “Ustoz va murabbiylar” kuni deb ataldi, ularning mehnatlarini qadrlab, sha’nlariga maqtovlar yo‘llash davlat darajasidagi ishlar qatoriga ko‘tarildi. Bu kun yurtimizda barcha diniy va dunyoviy o‘quv maskanlarida ta’lim-tarbiya berayotgan ustoz va murabbiylarning bayram kunlari bilan tabriklab va ularni mehnatlarini eslab, tashakkurlar bildirish odat tusiga aylangan.

Albatta ilm va ilm ahliga ehtirom ko‘rsatish ularni mavqe’lari haqida islom dinida alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, ularning darajalari haqida Zumar surasini 9-oyatida “ilmli kishi bilan ilmsiz kishi barobar bo‘ladimi” deb, Alloh taolo ularning maqomlarini ko‘tarib qo‘yganini o‘zi katta saodat hisoblanadi. Shu bilan birga bu dunyoda jamiyatning peshqadami bo‘lish bilan birga oxiratda jannatga dastlab kiruvchilar ham ilm egalari ekanligi kishida ilmga bo‘lgan muhabbatni uyg‘otadi.

Ilm va uning egalari fazli haqida bir qancha oyat, hadisi sharif va rivoyatlar kelgan bo‘lib, shulardan ilk bora Rasululloh sallollohu alayhi vasallamga nozil bo‘lgan “Alaq” surasining ilk oyatining o‘zini misol qilib olinadigan bo‘lsa, insoniyatni hidoyatga boshlovchi ilohiy dasturul amalning dastlabki xitobi o‘qishga, ilm olishga buyurgani , targ‘ib qilganiga guvoh bo‘lamiz. Chunki o‘sha davrdagi arablarni, nafaqat arab, balki dunyo ahlini bilimsizlik, zalolat botqog‘idan olib chiqishning yagona yo‘li birgina “o‘qish, bilish” bilangina bo‘lar edi.

Ustozning har zamon va har makonda darajasi yuqori o‘rinda ekanligiga Rasululloh sallollohu alayhi vasallamni yana bir hadisi shariflarida misolini ko‘rish mumkin.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الْيَدُ الْعُلْيَا خَيْرٌ مِنْ الْيَدِ السُّفْلَىُ

Ma’nosi: Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sallollohu alayhi vasallam aytadilar: “ Yuqori qo‘l qo‘yi qo‘ldan yaxshiroqdir....”.

(Imom Buxoriy rivoyati)

Rog‘ib rahmatullohu alayh aytadilar: “Ushbu hadisi sharif ustoz va muallimni shogirdga nisbatan hamisha ustun ekanligiga dalildir.

Va yana bir hadisi sharifda Rasululloh sallollohu alayhi vasallam shunday deb marhamat qiladilar: “Alloh taolo va uning farishtalari va yeru-osmon ahli xatto, uyasidagi chumoli, (suvdagi) baliq ham insonlarga yaxshilikni o‘rgatuvchiga salovot aytadi”.

(Termiziy rivoyati)

Ma’lumki, muallim ta’lim berish jarayonida o‘zining hayotiy tajribasidan kelib chiqib pandu-nasihatlar qilar ekan, hadisi sharifda zikr qilingan “yaxshilikni o‘rgatuvchi”lar qatorining avvalida bo‘ladi.

Anas roziyallohu anhu aytadilar: “Yerdagi ulamolarning o‘xshashi xuddi osmondagi yulduzlar kabidir. Ular sababidan quruqlik va dengizda to‘g‘ri yo‘l topiladi. Agar yulduzlar so‘nib qolsa to‘g‘ri yo‘ldagi kishining adashishi mumkin bo‘ladi”.

Imom G‘azzoliy rahmatulloh alayh aytadilar: “Muallim insoniyat qalbini boshqaruvchidir. Yerdagi mavjudotlarni eng sharaflisi insondir. Inson a’zosini javhari qalbidir. Muallim uni poklash va uni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llash va bandani Allohga yaqin bo‘lishiga sababchi bo‘ladi”.

Hikmatli so‘zlarda o‘ziga ustoz olmagan kishini ustozi shayton ekanligi ham aytib o‘tilgan. Oldin o‘tgan olimlardan birlari ustozsiz hayot kechirib borishni oqibati yomonligini aytib shunday deydi:

من اعظم البلايا مشيخة الصحيفة

Eng katta balolardan biri (muallimsiz) faqat kitob bilan umr o‘tkazishdir.

معلم الخير إذا مات بكى عليه طير السماء ودواب الأرض وحيتان البحور

Xabarlarda kelishicha, “Yaxshilikni o‘rgatuvchi muallim vafot etsa osmondagi qushlar, yerdagi chorpolar va dengizdagi maxluqotlar yig‘laydi”, deyilgan.

Olimlar Alloh taolodan qo‘rqadigan kishilardan ekanliklari va ular butun payg‘ambarlarni merosxo‘rlari ekanligi hadisi shariflardan ma’lumdir. Shuning uchun ham ular hurmat e’tiborga haqli kishilardir.

قال علي ابن أبي طالب "محبة العلماء دِينٌ يُدان به".

Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu aytadilar: “Ulamolarga muhabbat qo‘yish e’tiqod qilingan din (ning belgisi)dir”.

Ulamolar payg‘ambarlar merosxo‘rlari ekanliklariga hayotiy misollardan biri, Imom Zahabiy rahmatulloh alayh o‘zlarini “Tazkirotul-xuffoz ” asarlarida Abu Dovud rahmatulloh alayhni tarjimai hollarida shunday so‘zni keltiradilar: “Ba’zi olimlar shunday deydilar: “Abu Dovud jim turishda, muloyimlikda, yurish-turishda Ahmad ibn Hanbal rahmatulloh alayhga o‘xshaydi. Ahmad ibn Hanbal rahmatulloh alayh esa bu sifatlarda Vakiy’ rahmatulloh alayhga o‘xshaydi. Vakiy’ rahmatulloh alayh bu sifatlarda Sufyon rahmatulloh alayhga o‘xshaydi. Sufyon rahmatulloh alayh Mansur rahmatulloh alayhga o‘xshaydi. Mansur rahmatulloh alayh esa Ibrohim rahmatulloh alayhga o‘xshaydi. Ibrohim rahmatulloh alayh Alqamaga o‘xshaydi. Alqama esa Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuga o‘xshaydi. Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu jim turishda, muloyimlikda, yurish-turishda Nabiy sallollohu alayhi vasallam ga o‘xshaydilar.

Xulosa qilib aytiladigan bo‘lsa, ustozlarning mehnatlari jamiyatda nechog‘lik o‘rinda ekanligiga guvoh bo‘lamiz. Shuning uchun ham ularni xizmatlarida bardavom bo‘lish, duolarini olish har bir kishiga lozim ishlardan hisoblanadi.


Kiritilgan vaqti: 29/09/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 2638
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/ustoz-ehtiromi-farovon-hayot-garovi
Chop etilgan vaqti: 01/03/2024 19:55
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing