O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Umr imkoniyat

 
 

Qish ham tugab, bahorning ilk mujdalari uyg‘onish fasli kelganidan darak bermoqda. Ko‘klamga ham qadam qo‘ydik, umrimiz tarixidagi yana bir qish ortda qoldi. O‘tgan davr mobaynida qanchalik xayrli va savobli ishlarni qila oldik yoki qancha xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ydik, yaratganga ayon. Ezgu ishlarimiz ko‘proq bo‘lsa, hidoyat, aksincha xatolarimiz mezoni ko‘pchilikni tashkil qilgan bo‘lsa, ularni to‘g‘rilab olish uchun hali imkonimiz bor. Ammo umrning g‘animat ekanini unutmasligimiz lozim.

Umrni g‘animat bilish haqida Payg‘ambarimiz (s.a.v.) hadisi sharifda shunday deganlar: “Dunyoda go‘yo g‘aribdek yoki yo‘lovchidek bo‘l”. Ibn Umar (r.a.) ham “Kech kirsa tongni kutib o‘tirma, tong otsa kech kirishini kutib o‘tirma, sog‘lik vaqtingda bemorligingda qila olmaydigan ishlaringni qilib qol, tirikligingda vafotingdan keyin asqotadigan amallarni qilib qol”, deb yurar edi. Darhaqiqat, umrimizning har bir oni, har daqiqasini g‘animat bilib, ezgu va xayrli ishlarga sarf etsak, hayotimizni mazmunli qilgan bo‘lamiz. Bundan qalbimiz ham halovat topadi.

Mo‘min kishi dunyoning o‘tkinchiligi, oxirat hayotining abadiy ekanligini hech qachon unutmasligi lozim. Ayni paytda Alloh bergan umrni dunyo va oxirat uchun foydali bo‘lgan amallar bilan o‘tkazishga harakat qilish xayrlidir. Yoshlar o‘rtasida jinoyat va huquqbuzarliklarning ko‘payib ketishiga sabab bo‘layotgan omillardan biri ham insoniylik shartini tafakkur qilmasliklari, qilayotgan jinoyatlarining oqibati dunyo-yu oxiratda ularga foyda bermasligi, aksincha bu amallar ularga xasrat va nadomat olib kelishini anglamayotganidandir. Zero, yosh avlodni barkamol voyaga yetkazish va turli zararli odat va ta’sirlardan ehtiyotlab saqlash hozirgi zamonning eng dolzarb masalasidir.

Mana, bahorning ilk haftasi ham ortda qolmoqda. Oldimizda butun yil, demakki, umrimizni xayrli va mazmunli o‘tkazishimiz uchun uch fasldan iborat imkoniyat turibdi. Bu imkoniyatdan unumli foydalanish, joriy yilni ham xayrli amallar bilan o‘tkazish nasib etsin.


Kiritilgan vaqti: 03/03/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 5609
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/umr-imkoniyat
Chop etilgan vaqti: 14/12/2024 12:13
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing