O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

ULUG‘ ALLOMALAR MEROSI BEBAHO BOYLIGIMIZ

 
 

Shu yilning 18-19 oktyabr kunlari Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining Toshkent shahrida o‘tkazilgan 43-sessiyasini katta qiziqish va ehtirom bilan kuzatdik. Muqaddas islom qadriyatlarini asrab-avaylash va rivojlantirish, musulmon xalqlari o‘rtasida hamjihatlikni mustahkamlash, tashkilotga a’zo mamlakatlar xalqlarining farovonligiga ko‘maklashishdek ezgu maqsadga yo‘naltirilgani, azim poytaxtimiz anjumanga mezbonlik qilgani qalbimizga g‘urur bag‘ishladi.

«Ta’lim va ma’rifat – tinchlik va bunyodkorlik sari yo‘l!» shiori sessiyaning asosiy g‘oyasi bo‘ldi. Aynan ta’lim va ma’rifat bashariyat farovonligining asosiy omillaridan hisoblanadi, insonlarni ezgulikka da’vat etadi, saxovatli, sabr-qanoatli bo‘lishga undaydi. Muqaddas islom dinimiz bizlarni shunday bo‘lishga, to‘g‘ri va halol yashashga, insonlarga mehrli bo‘lishga da’vat etadi.

Yurtimiz ulug‘ allomalar, buyuk insonlar yetishib chiqqani bilan dunyoga mashhur. Ayniqsa, islom olamida Qur’oni karimni yod etib, tafsir qilgan, aqida ilmida nom qozongan allomalarning kitoblari bugun islomning oliy nufuzli ilm dargohlari dasturiy rejalariga kiritilgan. Abu Mansur Moturidiyni «musahhihi aqidayi ahli sunna», ya’ni ahli sunna aqidasining tuzatuvchisi, Imom al-Buxoriyni «amiral mo‘minina fiyl hadis» ya’ni hadis bo‘yicha imomlar imomi, deb e’tirof etadilar. Mahmud Zamaxshariyni «agar «al-Kashshof» kitobi bo‘lmaganida Qur’on tafsiri ochilmay qolardi», deyishadi ulamolar. Usuli fiqx bo‘yicha Imom Dobusiy bilan Imom Bazdaviylarning kitoblari hanafiya mas’habi kitoblariga asos bo‘ldi. Fiqx ilmi bo‘yicha Imom Marg‘inoniy bilan Imom Kosoniylarning kitoblari hanafiya mas’habining asosiy kitoblari bo‘ldi, deb etirof etadilar.

Ta’bir joiz bo‘lsa, Movarounnahr allomalarining kitoblari dunyoning nufuzli islom jamiyati va markazlari, islom oliy dargohlarida o‘qitiladi. Imom Buxoriyning «Sahihi Buxoriy» hadislar to‘plamini islom dunyosida Qur’oni karimdan keyingi o‘rinda turadigan muqaddas kitob deb biladilar.

Mehmonlar Samarqandga tashrif buyurib, muqaddas qadamjolarni ziyorat qildilar, tinch va farovon, islom ahkomlari ulug‘lanayotgan yurtimizga, boy merosimizga havas qildilar.

Imom Buxoriy yodgorlik majmui qoshida islom madaniyatiga, umumbashariy sivilizatsiyaga benazir hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ko‘p qirrali diniy-ma’naviy merosini o‘rganishga ixtisoslashgan xalqaro ilmiy tadqiqotlar markazini tashkil etilishi haqidagi xabarni quvonch bilan qabul qildik. Nasib bo‘lsa, eng buyuk musulmon mutafakkirlardan biri, muhaddislar peshvosi Imom Buxoriyning tabarruk maqbarasi joylashgan mintaqaga xos bo‘lgan alohida ma’naviy-ruhiy muhit yuzaga keladi.


Kiritilgan vaqti: 25/10/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 3220
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/ulug-allomalar-merosi-bebaho-boyligimiz
Chop etilgan vaqti: 07/10/2024 11:04
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing