O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

TOZALIKKA E’TIBOR-KELAJAKKA E’TIBOR

 
 

Oxirgi yillarda shahrimiz gullar shahriga aylanib ulgurdi. Har qadamdagi turfa xil gullar kishining ko‘zini quvontirib, qalbini yayratadi. Ko‘chalarimizdagi tozalik, ozadalik chiroy ochib turgan gullar bilan uyg‘unlashib shahrimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turishi kishini beixtiyor o‘ziga jalb etadi. Qaysi joyda poklik, go‘zallik xukmron bo‘lsa, o‘sha joyda qut baraka bo‘ladi. Qur’oni karimda: "Unda poklanishni xush ko‘radigan kishilar bor. Alloh esa poklanuvchilarni sevar", - deb marhamat qilingan.

Payg‘ambarimiz (s.a.v) bir xadislarida: "Pok bo‘linglar, zero Islom pok dindir va faqat pok kishilargina jannatga kirur", - deb marhamat qilganlar. Demak har bir musulmon yashab turgan joyida poklikka, tozalikka amal qilmog‘i, go‘zallikka intilib yashamog‘i lozim ekan. Joylarda obodonlashtirish ishlariga xolis o‘z xissamizni qo‘shishimiz, vatanimizning gullab yashnashiga xissa qo‘shishimizdir. Vatan ona kabi muqaddas, hech bir narsaga almashmaydigan, hech bir narsaga tenglamaydigan makondir.

Mustaqilligimizning 25 yillik to‘yiga to‘yona sifatida xonadon ahli o‘z havli atrofini, tashkilotlar esa, ishxona atrofini gulzorlarga aylantirsak Vatanga bo‘lgan muhabbatimizni yana bir bor ko‘rsatgan bo‘lamiz. Payg‘ambarimiz (s.a.v) hadisi sharifda: "Xayirli bir ishga yo‘l ko‘rsatib, sababchi bo‘lganga, o‘sha xayrli ishni bajarganning savobicha mukofat beriladi", - deb marhamat qilganlar. Xayotiy tajribaga ega bo‘lgan keksalarimiz yoshlarni qavatiga olib xayrli ishlarga bosh bo‘lsalar, duogo‘y bo‘lib tursalar, pandu-nasihatlarini ayamasalar nur ustiga nur bo‘lar edi. Bahouddin Naqshband hazratlari kechalari turib ko‘chaga chiqib nimaiki insonlarga ozor beradigan narsalar yo‘lda yotgan bo‘lsa ularni yo‘ldan olib tozalab chiqar ekanlar. Bobokalonimizning ana shu ishi mahallasiga, tug‘ilib o‘sgan yurtiga, vataniga bo‘lgan mehr-muhabbatining izhori emasmi? Biz ham bu zotlardan o‘rnak olib yashab turgan joylarimizni doimiy ravishda tozaligini nazorat qilsak, pokiza saqlasak, kelgusi avlodga o‘rnak bo‘lsak vatan ravnaqi uchun ulkan hissa qo‘shgan bo‘lar edik.

Tozalikka e’tibor – kelajakka e’tibordir. Kelajak avlodlarimiz sog‘-omon bo‘lishi uchun bizlar bugundan qalbimizdagi poklikka, tashqi ko‘rinishimizdagi poklikka, hovlimizdagi poklikka, tevarak atrofimizdagi poklikka jiddiy e’tibor qaratishimiz kerak. Alloh taolo barchalarimizni to‘g‘ri hidoyat yo‘lida bardavom bo‘lishimizni nasib etsin. Gullab yashnayotgan Vatanimizga ko‘z tegmasin. Tozalik va poklik bizning kundalik shiorimiz bo‘lsin.


Kiritilgan vaqti: 02/08/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 1552
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/tozalikka-etibor-kelajakka-etibor
Chop etilgan vaqti: 25/06/2021 12:26
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing