O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

To‘y — farovonlik belgisi, isrofgarchilik emas!

 
 

“Bu yorug‘ dunyoda hayot bor ekan, oila bor. Oila bor ekan, farzand deb atalmish bebaho ne’mat bor. Farzand bor ekan, odamzot hamisha ezgu orzu va intilishlar bilan yashaydi”, deb yozadi Marhum Prezidentimiz Islom Karimov “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” asarida. To‘ydan muddao — yaxshilik. Ezgu niyat, xayrli maqsad bilan ikki yoshning boshini qovushtiramiz. “Serfarzand, serdavlat bo‘linglar, o‘zlaringdan ko‘payinglar, unib-o‘singlar”, deya kayvonilarimiz yoshlarni duo qilishadi. Yangi oila bunyod etiladi. Lekin biz nimagadir yoshlarning baxt-saodati, kelajagi haqida emas, ko‘proq to‘y, uni qanday o‘tkazish xususida qayg‘uramiz. Qulog‘imizgacha qarzga botsak-da, obro‘ uchun qozon-qozon guruch damlaymiz. Avtomashinalardan karvon tuzib, mahallada “duv-duv gap” qilgimiz keladi. Eng qimmat restoranda bazm uyushtirib, tanishu notanish, mast-alast olomonning xurmacha qiliqlarini viqor bilan tomosha qilamiz. Elning rasm-rusumini qilyapmiz deb haddan oshamiz. Xayotda xammamiz ko‘p bo‘lmasayam hech bo‘lmagandan bir marta shunday holatlarga guvoh bo‘lganmiz. To‘yxonaga oppoq liboslarda shahzodayu malika bo‘lib kelin bilan kuyov kirib kelishadi. Kelin salom qilish maqsadida bir oz egilar ekan, hijolatdan kattalarning nigohi yerga qadaladi. Atrofdan: “Juda ochiq kiyinibdi”, “Etagini uzun qilgandan ko‘ra yelkasiga tashlasa bo‘lar ekan”, degan dashnomlar quloqqa chalinadi. Kelin-kuyov to‘rdagi o‘rindiqlarga borib o‘tirishadi. Kuyov kresloda yasanib o‘tirar ekan, huddi “Mana ko‘rib qo‘yinglar, mening malikamni”, deyayotgandek edi. Jo‘ralar, hatto to‘yga kelgan aksar erkaklarning nigohi shohsupada “malika”larday o‘tirgan hushsurat kelinga qadalgan...

Kelin yuzini ochib, bemalol o‘tirdi. Lekin harir parda ortidagi chehrani, bu nozik vujudni ko‘z-ko‘z qilish aslo mumkin emas. Ketma-ket kelgan taniqli xonandalar qo‘shiqlaridan davra yoshlar diskoteka zaliga aylandi-qoldi. Hatto kelin-kuyovni ham davraga olib chiqishdi. Hind seriallarida kuylanadigan qo‘shiqqa hamohang kelin-kuyov quchoqlashib valsga tushishdi. Bu manzarani qanday izohlash mumkin?! Hammaning nazari ikki yoshda. Atrofni o‘rab olgan yigitlarning qiy-chuvi... So‘ng kelin otasi bilan, keyin qaynotasi bilan ham raqsga tushdi... Qani sharqona odob-axloq, ibo-hayo?! Buni oddiy holatdek qabul qilayotganlarning oriyati, hamiyati qayerda qoldi? Oila jamiyatning bir bo‘lagi. Oila to‘kis bo‘lsa — jamiyat farovon. Oila daromadi jamiyat boyligi bilan chambarchas bog‘liq. “Pul meniki, qanday xohlasam, shunday sarflayman. Istasam — dabdabali to‘y qilaman, istasam — dang‘illatib uy solaman”, deb hisoblaydiganlar bor. Ular boyligimizni havoyi orzular uchun sovurishimiz oxir-oqibat o‘zimizga ziyon ekanini nahotki bilmaydilar?! Ahli donishlar shuhratparastlik, manmanlik, takabburlik deb baholaydigan dabdababozlik bilan nom qozonish, mol-dunyosini ko‘z-ko‘z qilish unchalik qiyin ish emasdir, ehtimol. Ammo o‘zini shu zaminga daxldor deb bilgan tuychi akalarimiz to‘y degan tomoshada sochadigan mablag‘larining loaqal o‘ndan birini xayrli maqsadlarga, deylik, beva-bechoralarga yordam berish, o‘zlari yashaydigan mahalla va qishloqlarni obodonlashtirish, yangi ish joylari tashkil etish, yoshlarni ilmli qilish, yo‘llar, ko‘priklar qurish singari ezgu ishlarga sarflasalar nafaqat el-yurt oldida obro‘-e’tiborga, balki katta savobga ham doxil bo‘ladilar-ku! Behbudiy ta’biri bilan aytganda, to‘y va aza ismidagi bu ikki qattol dushman hayotimizga egov, oyog‘imizga tushov bo‘lib kelayotgani bor gap. “Erdan chiqsang ham, eldan chiqma” naqliga amal qilib, vujudimizni qurtdek kemirayotgan bu xastalikni bekitishga, o‘zimizga yoqmagan poygada harsillab chopishga harakat qilamiz. Ma’raka-marosimlarimizdagi dabdababozlik, isrofgarchilik haqidagi gap-so‘zlar, ta’na-dashnomlarga ich-ichimizda qo‘shilsak-da, sirtimizga suv yuqtirmaymiz. Foydasi yo‘q, baribir hech narsa o‘zgarmaydi, bu haqda gapirish — osmonga kesak otishday bir gap, deya qo‘l siltab yashayveramiz. Shu o‘rinda hayotimizning ajralmas bo‘lagi bo‘lgan to‘y, ma’raka va boshqa turli marosimlar o‘sha omillarning salmoqli qismini tashkil etishini ham unutmaslik darkor. To‘y — farovonlik belgisi. To‘kinlik, fayz-baraka, osoyishtalik bor joyda to‘ylar bo‘ladi. Biroq noshukurligimiz haddan oshib ketadi ba’zan. Orzu-istaklarimiz chegara bilmay qoladi. Abdulla Qodiriyning o‘tgan asrning boshlarida, aniqrog‘i, 1915 yilning 20 martida “Sadoi Turkiston” gazetasida bosilgan “to‘y” g‘azali yodga tushadi. Abdulla Qodiriy ham o‘z davrining ulug‘ ma’rifatparvarlari Behbudiy, Fitrat singari millatimiz turmushiga, ruhiyatiga, imon-e’tiqodiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan to‘ylardan og‘rinib, kuyunib yozgan edi. Bundan yuz yil nari-berisida bitilgan “To‘y” g‘azalida qalamga olingan muammolar bugun ko‘paysa ko‘paydiki, aslo kamaygani yo‘q:

Qildi bu vaqt bizda javlon to‘y,

Oqchasi yo‘qni etdi hayron to‘y.

Bir-biridin oshurdilar to‘yni,

Topdi ravnaq, g‘ayratila boyon to‘y.

Besh kun o‘tmay to‘yni so‘ngidin

Ketibon mulklar bois fig‘on to‘y...

Hammamizni to‘ylarga yetkazsin. Xalqimiz hayotini to‘ysiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Orzu-istaklarimiz, jamiki sa’y-harakatlarimiz farzandlarimiz kamoli, baxt-saodati bilan bog‘liq. Yurtimiz tinch, turmushimiz farovon, hayotimiz to‘kis. Qancha to‘y qilsak, yarashadi. Qanday ota-ona o‘z farzandini sog‘lom va barkamol etib tarbiyalashni, uning baxtu iqbolini ko‘rishni istaydi. Ana shunday ezgu maqsadda mehnat qilib, yaxshi kunlar uchun yig‘inamiz, “topgan-tutganimizni” to‘ylarga ataymiz. Biroq so‘nggi paytlarda bunday hoyu-havaslar milliy qadriyat va urf-odatlarimiz ko‘zgusi bo‘lgan to‘y-hashamlarimizning dabdababozligu kim o‘zar poygaga, isrofgarlik tomoshasiga aylantirib qo‘yayotgani ko‘pchilikni tashvishga solishi tabiiy. Chunki dabdaba bilan o‘tkazilayotgan to‘y-hashamlar oqibati turli muammolarga, eng achinarlisi, yosh oilalarning ajralishlariga ham sabab bo‘lmoqda.


Kiritilgan vaqti: 16/08/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 3142
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/toy--farovonlik-belgisi-isrofgarchilik-emas
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 19:53
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing