O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

TIRIKLARNING BURCHI

 
 

Alloh taola bandalariga mehribonlik ko‘rsatib behisob ne’matlarini berib qo‘ygan. Ana shunday ne’matlaridan biri tiriklik ne’matidir. Bu dunyoda umrguzaronlik qilayotgan har bir inson o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan orzu-istaklari tomon intilib yashaydi. Ilm oladi, kasb-hunar o‘rganadi, dehqonchilik, chorvachilik, savdogarlik bilan shug‘ullanadi. Topgan mol davlatidan to‘y-hashamlar o‘tkazadi, hovli-joy quradi, xayru-ehsonlar qiladi. Shu tarzda hayot davom etaveradi. Har bir inson bosqichma-bosqich o‘z vazifasini, o‘z burchini ado etayotganligini his qilib yashaydi. Gohida o‘tganlarni eslab Qur’on tilavot qilib xayr saxovatlar ulashadi. Albatta xotira tiriklar uchun muqaddas burchdir. Alloh taola Qur’oni karimda: “Ulardan keyin (dunyoga) kelgan zotlar ayturlar: Ey, Robbimiz! O‘zing bizlarni va bizdan ilgari imon bilan o‘tganlarni mag‘firat etgin va qalblarimizda imon keltirgan zotlarga nisbatan gina paydo qilmagin! Ey, Robbimiz! Albatta, Sen mehribon va rahmli zotdirsan!” - deb marhamat qilgan. (Hashr surasi, 10-oyat)

Ushbu oyat o‘tgan kishilarni xayrli duolar bilan eslash yaxshi amallardan ekanligiga dalolatdir.

Muqaddas islom dinimiz tiriklar qilayotgan savobli ishlarini o‘tganlarning xotirasiga bag‘ishlashi mumkin ekanligi xaqida ta’lim beradi.

Imom Hokim rivoyat qilgan hadisi sharifda keltirilishicha, bir yigit Rasululloh (s.a.v.) ning huzuriga kelib, onasining vafot etganini aytadi va: “Nima qilsam onamning ruhini shod etgan bo‘laman?” - deb so‘raydi.Shunda Rasululloh (s.a.v.) unga: “Quduq qazib, suv chiqar”,- dedilar. Shundan so‘ng yigit quduq qazib, suv chiqardi va: “Buning savobini onamga hadya qildim”,-dedi.

Bugun hayotlik davrimizda o‘tganlarni xotiralab xayrli ishlarga bosh bo‘lsak, albatta, biz o‘tganimizdan keyin bizlarni ham eslab yaxshi amallar bilan xotiralashadi, inshaalloh.

Zero shoir Boqoniy aytganidek:

Tiriklarning qadriga yetib,

Yashamoqlik bizning burchimiz.

O‘tganlarning ruhin shod etib,

Yashamoqlik bizning burchimiz.


Kiritilgan vaqti: 29/04/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 2489
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/tiriklarning-burchi
Chop etilgan vaqti: 11/10/2024 16:06
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing