O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

TINCHLIKNI SAQLASH MUQADDAS BURCHIMIZ

 
 

Yaratgan parvardigor tomonidan biz bandalariga ato etilgan yaxshiliklar ichida shubhasiz, eng sarasi – bu tinchlik ne’matidir. Chunki yer yuzini obod qilish, hayotni go‘zal, farovon etish hamda uni davom ettirish uchun bu ne’matning ahamiyati bebahodir. Odamlar baxtli yashamoqlari uchun, albatta, tinch va osuda sharoit zarur. Muqaddas islom dini tinchlik tushunchasini o‘zining bosh g‘oyasi va oliy shioriga aylantirgan. Shuning uchun ham Qur’oni karimda bunday deyiladi: «Ey, imon kelirgan bandalar! Barchangiz tamomila tinchlik va toat yo‘liga kiringlar».

Payg‘ambar alayhissalom tinchlik Alloh taoloning ulug‘ ne’mati ekanligini ta’riflab shunday deganlar: «Tinchlik va xotirjamlik ikki ulug‘ ne’matdirki, bundan ko‘p odamlar mahrumdirlar». Darhahiqat, Alloh taoloning buyuk ne’mati bo‘lmish tinchlikdan hamma ham barobar bahramand emas. Chunki, dunyoning turli mintaqalarida nohaq g‘on to‘kilishlar, xunrezliklar sodir bo‘lmog‘da. Eng afsuslanarlisi, bu kabi gunoh ishlar terrorchilik harakatlarining sakson foizi muqaddas islom dini nomi bilan sodir etilmog‘da.

Respublikamizning birinchi Prezidenti I.Karimov Oliy majlisning Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida qilgan ma’ruzasida dunyo xalqlari uchun xavf solayotgan tahdidlar safida diniy ekstrimizm, xalqaro terrorizm va radikalizmning oldini olish, ularga qarshi kurashish masalalariga alohida e’tibor qaratib: « … Biz xalqaro terrorizmni ota-bobolarimizdan qolgan muqaddas dinimiz – Islom dini bilan bog‘lashdek xavfli niyat va urinishlarni keskin qoralaymiz. Bunday oqibatini o‘ylamagan va ig‘vogarona hatti-harakatlar birinchi galda «Al-qoida» va «Xizbittahrir» kabi eng ashaddiy ekstremistik harakat va tashkilotlarga qo‘l keladi», - deb ta’kidlagan edilar.

O‘zgalar joniga qasd g‘ilish, nohaq biror jonni o‘ldirish, nafaqat Islom dinida, balki barcha ilohiy dinlarda birdek qoralanadi. Shunga qaramay, ayrim manfur guruhlar o‘zlarining manfaati va g‘arazli maqsadlarini amalga oshirishda din niqobi ostida harakat qilishni ko‘zlamoqdalar. Qur’oni karimda shunday deyiladi: « Ana o‘sha (ilk qotillik) tufayli Isroil avlodiga shunday hukmni bitib qo‘ydik: «Biror jonni o‘ldirmagan yoki yerda (buzqunchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarni qilmagan insonni o‘ldirgan odam xuddi hamma odamlarni o‘ldirgan kabidir. Unga hayot baxsh etgan (o‘limdan qutqarib qolgan) odam esa barcha odamlarni tiriltirgan kabidir…» («Moida», 32-oyat)

Yuqoridagi oyatda Isroil avlodi zikr etilgan bo‘lsa-da, bu hukm barcha musulmonlarga tegishlidir. Demak, bir begunoh jonni nohaq o‘ldirish go‘yoki yer yuzidagi barcha odamlarning qonini to‘kkan kabi ulkan gunohdir. Aksincha, biror jonni o‘limdan saqlab qolgan kishiga esa Alloh taoloning ulkan ajr, mukofotlari nasib etadi. Bu haqda hadisi sharifda shunday marhamat qilingan: « Hech kim o‘z birodariga qurol o‘qtalmasin, chunki shayton vasvasa qilib, jahannam qa’riga yetaklayotganini bilmay qolishi mumkin!» (Imom Buxoriy rivoyati).

Payg‘ambar alayhissalom nafaqat birovga qo‘l bilan, balki til bilan ozor yetkazishdan ham qaytarganlar. Hadisi sharifda: « Musulmon kishi, uning qo‘li va tilidan hech kim ziyon ko‘rmagan kishidir», deyilgan.

Bir kishi o‘zganing hayotiga suiqasd qilish u yoqda tursin, hattoki unga tig‘ ko‘tarish, qurol o‘qtalish ham gunoh hisoblanib, qurol ko‘taruvchi kishi farishtalarning la’natiga qolib ketarkan. Payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarida marhamat etib shunday deganlar: « Kimki bir kishiga tig‘ ko‘tarsa, Allohning farishtalari to o‘sha tig‘ni g‘aytarib o‘rniga qo‘ymaguncha, unga la’nat aytib turadilar». Ta’kidlash joizki, tinch aholi hayotiga zomin bo‘lish, goho esa xudkushlik qilib nohaq qon to‘kish, begunoh kishilarni o‘ldirish kechirib bo‘lmas gunoh.

Afsuski, bu kabi jinoyatlarni sodir etayotganlarning aksariyatini g‘o‘r yoshlar yoki ayollar tashkil etmoqda. Yovuz niyatli kishilar o‘zlarining siyosiy maqsadi yoki shaxsiy manfaatlari yo‘lida bu kabi ba’zi bir ongi sayoz kishilarni o‘zlarining qarmoqlariga ilintirib, ularning mafkurasiga «jihod», «hijrat» kabi g‘oyalarni o‘z manfaatlariga moslab singdirmoqdalar. Aslida jihod – bu arabcha so‘z bo‘lib, lug‘atda «harakat qilmoq», «g‘ayrat qilmoq» degan ma’nolarni beradi. Istilohda esa yaratganga xo‘sh keladigan har qanday ezgu ishlarni qilishga aytiladi. Masalan, ota-onaga yaxshilik qilish. «Hijrat» so‘zi esa lug‘atda «ko‘chish» ma’nosini anglatadi. Istilohda esa «yomon ishlardan qochish» ma’nosini beradi.

Islom dini insonlarni tinchlikka da’vat etadi. Zero, Islom so‘zi ham aslida «Salima» - sog‘-salomat, bezarar bo‘lmoq kabi ma’nolarni bildiradi. Musulmonlar ham o‘zaro salomlashganda, bir-birlari bilan «Assalomu alaykum», ya’ni « Sizga tinchlik, omonlik tilayman» degan qutlug‘ duo bilan so‘rashadilar.

Joriy yilning oktyabr oyida yurtimizda Islom konferensiyasi tashkiloti (IKT) ning nufuzli anjumani bo‘lib o‘tdi. Aytish lozimki, bu nufuzli tashkilot - hukumatlararo xalqaro Islom tashkiloti hisoblanadi. Unga 1969 yilda Robat (Marokash) shahrida islom mamlakatlari va hukumat boshliqlarining birinchi uchrashuvida asos solingan. Islom konferensiyasi tashkilotining faoliyati musulmon mamlakatlariga iqtisodiy ijtimoiy taraqqiyotda ilmiy-texnikaviy ishlarda yordam ko‘rsatishga yo‘naltirilgan. Tashkilot kotibiyati tarkibida ijtimoiy-iqtisodiy, fan va texnika, xalqaro munosabatlar, axborot, inson huquqlari va boshqa bo‘limlar ishlab turibdi. 1974 yil tashkil etilgan Islom Taraqqiyot banki shular jumlasidandir.

Ushbu yurtimizdagi bo‘lib o‘tgan anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Sh.Mirziyoev tinchlikni asrash va Islom dinining ahamiyati haqida shunday dedi: « Dunyo shiddat bilan o‘zgarib, barqarorlik va xalqlar rivojiga rahna solayotgan yangi tahdid va xavflar paydo bo‘layotganining guvohimiz. Bu sharoitda ma’naviyat va ma’rifatga, axloqiy tarbiya, yoshlarning bilim olishi, barkamol o‘sishiga jiddiy e’tibor qaratish har qachongidan ham bugun muhimdir. Aynan ta’lim va ma’rifat bashariyat farovonligining asosiy omillaridan hisoblanadi. Insonlarni ezgulikka da’vat etadi. Saxovatli, sabr-qanoatli bo‘lishga undaydi. Muqaddas Islom dinimiz bizga shuni o‘rgatadi. Alloh taolo butun dunyo xalqlariga tinch va farovon hayot kechirishlarini nasib etsin. Tinchlikdek ilohiy ne’matning qadriga yetib, uni avaylaylik. Yurtimiz tinch, elimiz obod bo‘lsin!


Kiritilgan vaqti: 03/11/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 2505
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/tinchlikni-saqlash-muqaddas-burchimiz
Chop etilgan vaqti: 25/06/2021 17:57
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing