TINCHLIGIMIZ POSBONLARI
Har bir ne’matning qadri u yo‘qolganda bilinadi. Ammo shunday ne’matlar borki, ularning qadri har doim ulug‘dir. Tinchlik-xotirjamlik ana shunday har doim e’zozlanadigan, tinmay shukrona aytiladigan aziz ne’matdir. Yaratgan Robbimizga hamdu sanolar bo‘lsinki, yurtimiz tinch, hayotimiz bir maromda, xotirjam kechmoqda, kunlarimiz yorug‘, tunlarimiz osuda. Uzoq safarlarga ketib, bir necha kun musofir bo‘lsak ham, har kuni ertalab ketib, kechqurun ishdan qaytsak ham, uydagilardan ko‘nglimiz xotirjam. Bolalarimiz bog‘chaga, maktabga o‘zlari borib, o‘zlari qaytib kelishyapti, ulardan ham ko‘nglimiz to‘q.
Oynai jahon orqali osmonini urushning qora buluti qoplagan, har kuni begunoh qonlar to‘kilib, insonning insonlik, fuqarolik haq-huquqi poymol qilinayotgan, uy-joyi vayron, ekin payhon, mol-mulki talon-taroj bo‘layotgan yurtlarni ko‘rganimizda Vatanimizdagi dorilomon kunlarning qadrini yanada chuqurroq his qilamiz, Parvardigorimizga hamdu sanolar aytamiz. Ayni paytda bu osuda hayotning xavfsizligini himoya qilayotgan, kecha-kunduz xizmatda shay turgan tinchligimiz posbonlariga ham minnatdorchilik bildiramiz, rahmatlar aytamiz. Zero, bugun, 25 oktyabr — Ichki ishlar idoralari xodimlari kunidir.
Shu munosabat bilan Ichki ishlar idoralarining barcha xodimlarini, Qorovul qo‘shinlarining harbiy xizmatchilarini, ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, tinglovchi va kursantlarini, xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan xodimlarning oila a’zolarini, ichki ishlar idoralari faxriylarini bu bayram bilan samimiy tabriklaymiz.
Ushbu bayram tabrigi orqali o‘z oromi, tinchi, huzur-halovati, rohat-farog‘atidan, kerak bo‘lsa jonidan kechib, Vatanimiz tinchligi va osoyishtaligini himoya qilayotgan ichki ishlar xodimlarining jinoyatchilikka qarshi kurash, uning oldini olish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash borasidagi mashaqqatli xizmatini alohida e’tirof etmoqchimiz.
Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston musulmonlari idorasining rahbarlari, ulamolar va barcha mo‘min-musulmonlar nomidan bu soha vakillarining yurtimizdagi ikki mingdan ziyod barcha masjidlarda o‘qilayotgan besh mahal namozlarda, juma, taroveh va hayit namozlarida sizu bizning xavfsizligimiz uchun tunu-kun olib borayotgan xizmatlari uchun, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash borasidagi mashaqqatli xizmatlari uchun alohida minnatdorchilik bildirib, tashakkur izhor qilamiz.
Ichki ishlar idoralari xodimlariga el-yurt tinchligi, osoyishtaligini saqlash, jinoyatchilikning oldini olish, unga qarshi kurash, jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligini ta’minlashdek mas’uliyatli vazifalarni bajarishda, bu sharafli kasbni ado etishda kuch-quvvat, mustahkam sog‘lik tilaymiz.
Tinchlik – bebaho ne’mat. Uni saqlamoq, avaylamoq, kerak bo‘lsa bu yo‘lda jon fido qilish shu zaminda yashayotgan har bir fuqaroning muqaddas burchidir. Ta’kidlash joizki, osuda hayotimiz, musaffo osmonimiz, aziz bolajonlarimizning quvnoq kulgisi, ota-onalarimizning farovon umr kechirishi yurtimizdagi barqarorlik – tinchlik tufaylidir.
O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki kunlaridan boshlab jamiyatimizda barqarorlikni ta’minlash, fuqarolarimizning tinchligi va osoyishtaligini asrash asosiy vazifalardan biriga aylandi. Bu og‘ir, ammo sharafli mas’uliyatni bugun kasb bayramini nishonlayotgan ichki ishlar organlari xodimlari zimmalariga olib, otalik, farzandlik, fuqarolik burchini ado etmoqdalar.
Tinchlik qaror topgan yurtda xotirjamlik hukm suradi, jamiyatda har tomonlama yuksalish va rivojlanish ro‘y beradi. Odamlarning o‘zaro bir-birlariga bo‘lgan ishonch va sadoqatlari, mehr va muruvvatlarining samimiy bo‘lishi ham asosan xotirjamlikka bog‘liqdir.
Ma’lumki, insoniyat hayoti davomida turli mafkura va maslaklar o‘rtasidagi ziddiyat va qarama-qarshiliklarni boshidan kechirgan. Buning oqibatida o‘zaro kelishmovchiliklar, notinchliklar yuzaga kelib turgan. Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bir hadislarida tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanligini ta’kidlab, shunday deganlar:
«Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. Ular xotirjamlik va sihat-salomatlikdir».
Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning buyuk ilohiy ne’matlaridan biridir. Qolaversa, barcha ezgu ishlar ro‘yobga chiqishining boisi ham osoyishtalikdir. Shunday ekan, insonlar nafaqat mavjud tinchlikni qadriga yetib, shukrini ado etishlari balki, unga noshukrlik qilib, putur yetkazib qo‘yishdan ham saqlanishlari lozim.
Tinchlikning qadriga yetib yashash kerak. Shu aziz Vatan barchamizniki ekan, uni avaylab-asrash ham barchamizning chin farzandlik burchimizdir.
Xalqimiz tinchlikni yuksak qadrlaydi, uni orzu intilishlari, ezgu niyatlari ro‘yobga chiqishining muhim kafolati deb biladi. Ichki ishlar xodimlari yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, siyosiy-ijtimoiy vaziyat barqarorligini saqlash uchun bor imkoniyatlarni ishga solishyapti.
Mustaqil mamlakatimizda kechayotgan islohotlar samarasi o‘laroq, jamiyatimizning barcha jabhalarida munosib yutuqlar qo‘lga kiritilayapti. Aholining tinch, osuda va farovon hayot kechirishini ta’minlash ana shu sa’y-harakatlarning tub mohiyatini tashkil etadi. Tinchlik, osoyishtalik avvalo oiladan, mahalladan boshlanadi. Shu ma’noda, viloyatdagi har bir aholi yashash joylarida ichki ishlar xodimlari, mahalla faollari, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida fuqarolarni ogohlikka da’vat etuvchi tadbirlar o‘tkazib kelinayotir.
Jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Ekstremizm va uning turli ko‘rinishlariga qarshi kurashish, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash borasida olib borilgan tezkor-profilaktik tadbirlar o‘z samarasini berib, sezilarli darajada ijobiy ko‘rsatkichlarga erishildi.
Odam savdosi inson qadr-qimmatiga tahdid solayotgan transmilliy uyushgan jinoyatlardan biri ekanligi barchaga ayon. Bu illat o‘z domiga asosan yoshlarni, ayniqsa, yosh ayollarni tortib, jahon hamjamiyatida tashvish va xavotir uyg‘otmoqda. Jinoyatchilar uchun esa bunday faoliyat mo‘may daromad manbaiga aylangan.
Ichki ishlar xodimlari, fuqarolar yig‘inlari faollari, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati bo‘limlari, «Istiqbolli avlod» yoshlar axborot-ma’rifiy markazi vakillari bilan bunday holatlarning oldini olishga qaratilgan uchrashuvlar, davra suhbatlari, seminar-treninglar o‘tkazishmoqda.
Vazifalarni sidqidildan ado etish boshqa sohalardan farqli o‘laroq, ichki ishlar idoralari shaxsiy tarkibidan xalqi, yurtiga mehr-muhabbatli, kasbiga sodiq, qat’iy intizomli va yuksak ma’naviyat egasi bo‘lishni talab qiladi. Shuning uchun ham tizimda faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarning kasbiy va jismoniy tayyorgarligi, siyosiy ongi, huquqiy madaniyatini yuksaltirishga alohida e’tibor berilmoqda.
Ayni paytda ichki ishlar idoralari ko‘proq yoshlar bilan jamlanayotgani tufayli kadrlar tarbiyasi va o‘quvi katta ahamiyat kasb etmoqda. Shu ma’noda o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ayniqsa, xodimlarning ota-onalari bilan uchrashuvlar tashkil etilayotgani yaxshi samara berayapti. Yoshlarimiz yetarli nazariy bilimga ega bo‘lsa-da, ularda hali amaliy ko‘nikma yetishmaydi. Buni inobatga olib, har bir yosh xodim ichki ishlar sohasida tajriba orttirgan ustozlarga biriktirib qo‘yilmoqda.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan ilk kunlardan boshlab kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlarga e’tibor kuchaytirildi. Barkamol avlod yilida viloyatimizda amalga oshirilgan keng qamrovli ishlar kelajagimiz egalarini Vatanga, milliy istiqlol g‘oyasiga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu davrda yuksak maqsad – muddaolarga erishish uchun yurtimizda qonunchilik va huquq-tartibotni mustahkamlashning muhim bo‘g‘ini bo‘lgan ichki ishlar idoralari tizimini chuqur isloh qilish bo‘yicha keng ko‘lamli, mazmun-mohiyatiga ko‘ra ulkan ishlar amalga oshirilganining guvohi bo‘ldik.
Mamlakatimizning birinchi Prezidenti Islom Karimov 2007 yil 25 oktyabr kuni Ichki ishlar idoralari xodimlarining kasb bayrami munosabati bilan yo‘llagan tabriklarida shunday degan edilar: «Bugungi kunda ichki ishlar idoralari saflarida — Vatanimiz manfaatlariga sadoqatli hamda munosib o‘g‘il-qizlarimiz xalqimizning tinch va osoyishta hayotini asrash yo‘lida murakkab vazifalarni ado etib kelmoqda. …Biz murakkab zamonda yashamoqdamiz. Bugungi kunda mamlakatimiz hayotiga uyushgan va transmilliy jinoyatchilik, narkobiznes bilan bog‘liq xavf-xatarlar tahdid solmoqda. Bunday balo-qazolarga qarshi samarali kurashish, ularga munosib zarba berish ichki ishlar idoralariga tegishli barcha xizmatlardan aniq va hamjihatlikda harakat qilishni, huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning har bir xodimidan o‘z xizmat burchini va mas’uliyatini chuqur his etgan holda, halol ado etishni talab qiladi».
Yurtboshimiz bu maqsadlarga erishish uchun oltita asosiy ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha vazifalarni belgilab bergan edilar. Ana shu ustuvor vazifalar asosida respublika ichki ishlar idoralarining faoliyatini yanada takomillashtirish, moddiy-texnika ta’minotini yaxshilash, jinoyatchilikka qarshi kurashda profilaktikaning rolini kuchaytirish, kadrlar bilan ishlash, xodimlarni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan uzoq muddatli Dastur ishlab chiqilib, ijrosi to‘liq ta’minlanib kelinmoqda.
Ha, jonajon Vatanimiz tinchligi, osoyishtaligini ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashdek mas’uliyatli, shu bilan birga, savobli ishlarni bajarishga posbonlarimiz kamarbasta. Ularda buning uchun matonat, mardlik va jasorat kabi fazilatlar yetarli.
Voyaga yetmaganlar tomonidan huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etilishi, ularning ekstremistik oqimlar ta’siriga tushib qolishining oldini olish hamda belgilangan boshqa vazifalarni bajarish maqsadida ichki ishlar idoralarining sohaviy xizmatlari tomonidan tegishli davlat idoralari va keng jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda qator tadbirlar amalga oshirildi.
Mustaqilligimizni himoya qilish va mustahkamlash, yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash yo‘lida aziz jonlarini qurbon qilgan mard insonlarning nomlari bizning, qolaversa, kelgusi avlodlar xotirasida mangu qolajak.
Ichki ishlar idoralarida ko‘p yillar samarali xizmat qilib, bugungi kunda keksalik gashtini surayotgan faxriylarimiz hamon o‘z maslahatlari va bilim-tajribalari bilan yosh xodimlarimizga ko‘makdosh bo‘lib kelmoqdalar. Yosh xodimlarimiz esa keksa avlod vakillarining shonli an’analarini davom ettirib, boyitib borishmoqda. Ular oldilaridagi vazifalarni sharaf bilan bajarish yo‘lida bor kuch va imkoniyatlarini ishga solishmoqda. Kechani kecha, kunduzni kunduz demay xizmat qilib, el tinchligi deb o‘z oromidan kechayotgani bois ham aholining ishonch va hurmatini qozonishmoqda.
Mamlakatimizning birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning quyidagi so‘zlari bilan aytganda: «Ishonchingiz komil bo‘lsinki, sizlarning odamlar osoyishtaligini ta’minlash yo‘lidagi mashaqqatli, olijanob va fidokorona mehnatingiz doimo yuksak qadrlanadi».
So‘zimiz yakunida barchangizni yana bir bor qutlug‘ kasb bayramingiz – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar idoralari xodimlari kuni bilan muborakbod etaman.
Sizlarga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, xonadoningizga qut-baraka, huquq-tartibotni kuchaytirish, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashishdek sermashaqqat faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman!
Bayramingiz qutlug‘ bo‘lsin, aziz yurt posbonlari!
Kiritilgan vaqti: 25/10/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 11357
Chop etilgan vaqti: 03/11/2024 21:03