O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Til — aqlning tarjimoni

 
 

O‘ylamay aytilgan so‘zdan paydo bo‘ladigan fitna va ofatlar ko‘p va turli-xil bo‘lib, ular kishining o‘ziga va jamiyatga katta zarar keltirishi mumkin. Til ofatlaridan qutulishning iloji va eng oson yo‘li esa Alloh taolo joriy qilgan shariatga va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislariga amal qilishlik orqali bo‘ladi.

Bu haqda bir qancha hadislar kelgan.

Sahl roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam : “Kim menga ikki oyog‘i orasidagiga va ikki jag‘i orasidagi (narsani saqlash)ga kafillik bersa, men unga jannatning kafilligini beraman”,- dedilar. Buxoriy va Termiziy rivoyat qilganlar.

Hadisi sharifda zikr qilingan ikki oyoqning orasidagi narsa jinsiy a’zo va ikki jag‘ orasidagi narsa esa tildir. Demak, kim o‘zini zinodan va tili bilan kufr- shirk, hamda gunohga boshlaydigan gaplarni gapirishdan o‘zini tiysa, jannat mukofati unga kafalot berilmoqda.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam : “Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, yaxshi gap aytsin yoki jim tursin ”,- dedilar. Buxoriy, Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar.

Tilni saqlash haqida sahobalar aytgan gaplar:

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu: “Tildan ko‘ra qamoqda turishga haqliroq narsa yo‘q”,-degan.

Abu Dardo roziyallohu anhu aytadi:

“Ikki qulog‘ingni og‘zingdan saqla. Oz gapirib, ko‘p eshitishing uchun senga bitta og‘iz, ikkita quloq berilgan”.

Ming afsuski, muqaddas dinimizni niqob qilib, bugungi kunda musulmonlarni va ularning imomlarini kofirga chiqarayotgan ba’zi firqalar ilmsizlik bilan adashmoqdalar va boshqalarni ham adashtirmoqdalar.

Allohdan qo‘rqqan, dindan va ilmdan xabari bor odam bu gaplarni aytishdan o‘zini tiyadi. Chunki musulmon kishilarni yoppasiga kofirga chiqarish hamda barcha diyorlarni “kufr diyori” deyishlik o‘ta nodonlik bo‘lib, bunday gaplarni faqatgina johil, gumroh va ilmsiz kishilargina aytadi.

Bugungi kunda o‘zlarini salafi solihlarning izdoshlari deb da’vo qilayotgan “salafiylar”lar (aslida xavorijlarning avlodlari) ularga qarshi chiqqan va ergashmagan musulmonlarni kufrda ayblamoqdalar. Vaholanki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bizlarni bundan qaytarib: “Kimki o‘z birodoriga kofir desa, kufr sifati ularning biriga yopishadi”,- deb ogohlantirganlar. Imom Buxoriy rivoyat qilgan.

Imom Muslim ushbu hadisni “Kim o‘z birodariga kofir desa, ularning biriga shu sifat yopishadi. Agar aytganidek bo‘lsa, aytilgan odam , unday bo‘lmasa, o‘ziga qaytadi”, — deb rivoyat qilgan.

Imom Buxoriy Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda “Nabiy sollallohu alayhi vasallam : “ Kim biz o‘qigandek namoz o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, so‘ygan jonlig‘imizni yesa, u Alloh va Uning Rasuli himoyasidagi musulmon bo‘ladi. Uning huquqlarini poymol qilib, Alloh taoloni tahqirlamanglar” ,-deganlar.

Mashhur sahoba Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo va Oisha roziyallohu anho onamiz: “Ahli qiblani kofirga chiqarish yo‘q “,-deganlar.

Ulamolarning barchasi hech bir musulmonni kofirga chiqarish mumkin emas deyishgan. Mazhabboshimiz Imom Abu Hanifa rohmatullohi alayhi ham : “Qibladoshlaringizni kofirga chiqarmanglar”,-deb ta’kidlagan.

Shayx Yusuf Qarazoviy esa musulmon kishini kofirga chiqarish to‘g‘risidagi gaplarni rad etib: “Kim Allohdan o‘zga iloh yo‘q va Muhammad sollallohu alayhi vasallam Uning Rasuli ekaniga qalbi bilan tasdiqlagan holda guvohlik bersa, musulmondir. Unga to‘laligicha musulmonlarga qilinadigan muomala qilinishi shart ”,-deb ta’kidlaydi.

Imom Abul Fath Qushayriy aytadi: “Alloh taolo musulmon kishini nohaq kufrda ayblagan kimsani jazolashga va’da bergan”.

Ota –bobolarimiz ham “Oldin o‘yla, keyin so‘yla”,-deydilar. Darhaqiqat, o‘ylamay aytilgan gaplar inson qalbiga jarohat yetkazadi. Til bilan yetkazilgan jarohatga qaraganda qilich bilan yetkazilgan jarohat yengilroqdir. Chunki til qalbni , qilich esa badanni jarohatlaydi. Qalb yarasi bitmasada, ammo badandagi yara bitadi.

Shu o‘rinda buyuk mutafakkir Alisher Navoiy hazratlarining yashab o‘tgan davrini esga olsak . Tolibi ilmlarga dars berayotgan Alisher Navoiyga Xuroson hukmdori Husayn Boyqaro yaqinlashib, ko‘rsatkich barmog‘i bilan boshini ko‘rsatdi. Alisher Navoiy ham ko‘rsatkich barmog‘i bilan tilini ko‘rsatdi. Husayn Boyqaro bu ishoradan bosh chayqadi-yu, tolibi ilmlar davrasiga yaqinlashmay ortiga qaytdi. Bu holatni ko‘rib turgan shogirdlar ustozdan ushbu imo-ishoraning ma’nosi nima ekanligini so‘radilar. Ustoz esa bu jumboqli masalaning yechimini topishni shogirdlarining o‘zlaridan talab etdi. Shogirdlar qanchalik harakat qilishmasin, tayinli javob topa olmadilar. Shunda Alisher Navoiy hazratlari shogirdlariga : “Imo-ishorada qiyin ma’no yashirinmagan, javob juda ham oddiy . Do‘stim Husayn mendan boshga baloni nima keltiradi deb so‘radi. Men esa unga til deb javob berdim”,-degan ekan.

Alloh taolo barchalarimizni iymonlarimizni mustahkam qilib, to‘g‘ri yo‘lidan adashtirmasin va tilning ofatlaridan Yaratganning O‘zi panoh bersin.

"islomobod.uz"dan


Kiritilgan vaqti: 31/10/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 8529
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/til--aqlning-tarjimoni
Chop etilgan vaqti: 08/11/2024 12:27
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing