So‘z kumush bo‘lsa, sukut oltindir
Til - Allohning ulug‘ ne’mati, ajibu latif san’atidir. Garchi u jisman kichik bo‘lsa ham itoati tufayli topadigan savobi yoki itoatsizligi tufayli sodir etadigan gunohi juda katta. Chunki, kufr ham, iymon ham faqat til guvohligida ayon bo‘ladi. Kufr va iymon esa toat va isyonning boshlanish hududlaridir. Kimki tilning jilovini bo‘sh qo‘yib yuborsa, shayton uni yo‘ldan ozdiradi, jar yoqasiga haydab, halokatga sudraydi. Faqat shariat bilan jilovlangan tilgina bu ofatdan najot topadi.
Bas, shunday ekan, til dunyo va oxiratga foydasi bor narsani gapirishi, hozir yo kelajakda zarari tegadigan narsani gapirishdan tiyilishligi kerak bo‘ladi. Shuning uchun shariatimiz ko‘p gapirishdan qaytaradi, jim yurishni maqtaydi va jimlikka undaydi. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom aytgan edilar: «Jim yurgan kishi najot topdi» (Termiziy rivoyati).
Insonlar ortiqcha so‘zlashdan, behuda va fisq so‘zlarni aytishdan qaytarilgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
«Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, yaxshi so‘z aytsin yoki jim tursin» deganlar (Imom Buxoriy).
Abu Hurayra aytadi: «Gapning ortiqchasida yaxshilik yo‘q».
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: «Kimning gapi ko‘paysa, xatosi ham ko‘payadi», degan.
Hakimlarning biridan: «Seni bunchalik hikmatga nima yetkazdi?» deb so‘ralganda, «Bilgan narsamni so‘ramayman, keraksiz narsani gapirmayman», deb javob bergan ekan.
Safvon ibn Salimdan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar alayhissalom shunday dedilar: «Ibodatning eng oson va badan uchun eng yengilini aytaymi? Bu jim yurish va go‘zal xulq!» (muttafaqun alayh).
Bir a’robiy Payg‘ambar alayhissalom huzurlariga kelib dedi:
- Meni jannatga kiritadigan amalni ayting.
- Ochlarni to‘ydir, tashnalarni qondir, yaxshilikka buyurib, yomonlikdan
qaytar. Agar bularga qodir bo‘lmasang, faqat xayrni gapir, yo‘qsa, tilingnitiy, dedilar Rasuli akram (Ibn Abu Dunyo rivoyati).
Avzo’iy aytadi: «Jim yurgan kishi o‘zida ikkita fazilatni jamlaydi: dinda salomatlik va do‘stni tushinish».
Hasan aytadi: «Muoviya rahimahulloh huzurida ko‘pchilik gapirdi, Axnaf
ibn Qays esa jim edi. Shunda Muoviya: - Ey Abu Bahr! Nega gapirmayapsan? dedi unga.
- Gapim yolg‘on bo‘lsa Allohdan, rost bo‘lsa sendan qo‘rqayapman, dedi Axnaf».
Jim yurishning fazilati ulkan. Albatta, jim yurish quruq sukutdan iborat fe’l emas. Unda oxirat g‘ami, davomli vazminlik, tafakkur uchun imkon, zikr, ibodat jamlanadi. Jim yurgan inson bu dunyoda so‘zlar charchog‘idan, oxiratda u so‘zlar uchun hisob berishdan xalos bo‘ladi. Alloh taolo deydi: «U biror so‘zni talaffuz qilsa, albatta, uning oldida hoziru nozir bo‘lgan bir kuzatuvchi (so‘zni yozib oluvchi farishta) bordir» (Qof, 18).
Sulaymon ibn Dovud alayhimussalom aytdi: «So‘z kumush bo‘lsa, sukut oltindir»
Alloh taolo barchalarimizni kumush(so‘z)dan unumli foydalanib, Oltin (sukut) ni lozim tutishligimizni va yolg‘on, g‘iybat kabi til ofatlaridan tiyilishligimizni, kam so‘zlaydigan, ko‘p tafakkur qiladigan, so‘zining ma’nosiga e’tibor berib, odamlarga ozor yetkazmaydigan solih insonlardan bo‘lishimizni nasib aylasin, omin!
Kiritilgan vaqti: 23/12/2017 00:00; Ko‘rilganligi: 3306
Chop etilgan vaqti: 08/11/2024 17:03