SOG‘LOM ONA VA BOLA YILI
Bismillahir rahmonir rahiym. Farzand qalb rayhonidir. Yoshlik chog‘larida ularni ko‘rib ko‘zimiz quvonsa, katta bo‘lganlarida yordamlaridan bahramand bo‘lib, dilimiz yayraydi. Dunyodan o‘tganimizdan keyin esa ularning sa’y–harakatlari tufayli solih amallarimiz ziyoda bo‘ladi. Payg‘ambarimiz alayhissalom aytadilar: «Inson vafot etganida uning amali to‘xtaydi, faqat uch narsa — sadaqai joriya, foydali ilm, duoi xayr qiluvchi solih farzand tufayli uning nomai a’moliga savob yozilib turadi» (Muslim rivoyati).
Alloh taolo insonga farzandni aslida ne’mat qilib bergan, lekin gohida mana shu ne’matga noshukrlik qilish tufayli farzand ota–onasiga nomunosib bo‘lishi ham mumkin.
Farzand Alloh taoloning bergan ulug‘ ne’matidir. Ota–ona bu ne’matga shukr qilishlari kerak. Kattalarning janjali tufayli murg‘ak qalb zarar ko‘rmasligi kerak.
Go‘dakning haqlaridan biri, onafarzandini ikki yil to‘la emizishidir. Yangi tug‘ilgan go‘dak jismi va ruhining sog‘lom bo‘lib o‘sishiga onasining sutidan afzal ozuqa yo‘qekanligini bugungi kuntibbiyot fani ham tasdiqlamoqda.
Bunga Qur’oni Karimning ushbu oyati dalolat qiladi:«Onalar bolalarini to‘la ikki yil emizadilar, (bu hukm) emizishni kamolga yetkazishni istovchilar uchundir...» (Baqara, 233).
Boshqa bir oyat ham ushbu ma’noni quvvatlaydi:«Biz insonga ota–onasini (rozi qilishni) amr etdik. Onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan (qornida) ko‘tarib yurdi. Uni (ko‘krakdan) ajratish (muddati) ikki yilda (bitar). (Biz insonga buyurdikki,) «Sen Menga va ota–onangga shukr qilgin! Qaytishlik Mening huzurimgadir!». (Luqmon, 14)
Ushbu oyatda ota–onani hurmat qilish har bir farzand uchun Allohning amri ekanligi bayon qilinib, ularni hurmat qilishning asosiy sababi ham aytib o‘tilgan. Ya’ni homiladorlik paytida onasi uni qornida zaifhol bo‘lib ko‘taradi. Borgan sari zaiflik ustiga zaiflik ortib borishi va bu hol bola dunyoga kelgunicha davom etadi. Shuncha mashaqqat ustiga ona bolasini yana ikki yil davomida emizadi.
Ulamolarimiz shar’iy emizish muddati ikki yil ekani haqidagi hukmni yuqorida aytib o‘tilgan oyatlardan olganlar. Bola ikki yoshga yetgunicha, biror begona ayolni emsa, sut orqali unga bog‘liq hukmlar joriy qilinadi. Masalan, chaqaloqni emizgan ayol unga emikdosh ona, ul ayolning eri esa ota, bolalari aka–uka, opa–singil bo‘ladilar. Mahramlik va nikoh masalalaridagi hukmlar ham shunga muvofiq kuchga kiradi.
Bolani emizish bilan bog‘liq boshqa hukmlar haqida ham Alloh taolo shunday marhamat qiladi:«...Ularni (onalarni) me’yorida oziqlantirish va kiyintirish otaning (erning) zimmasidadir. Hech kimga toqatidan ortiq (mas’uliyat) yuklanmaydi. Bolalari tufayli ona ham, ota ham zarar ko‘rmasin!...». (Baqara, 233)
Bolani emizishni ikki yildan oldin to‘xtatish yoki boshqa ayolga berib emizishning hukmlari haqida ham Alloh taolo shunday marhamat qiladi: «...Agar ota–ona o‘zaro kelishib, maslahat bilan (bolani sutdan) ajratmoqchi bo‘lsalar, gunohkor bo‘lmaydilar. Agar bolalaringizni (begona ayolga) emizdirmoqchi bo‘lsangiz, haqini me’yorida to‘lab tursangiz, gunohkor bo‘lmaysiz...». (Baqara, 233)
Agar ota bilan ona o‘zaro maslahat qilib, rozi bo‘lib, bolani sutdan ajratmoqchi bo‘lsalar, ikki yildan oz muddatda to‘xtasalar, gunoh yo‘q, bolaning foydasini ko‘zlasalar bo‘ldi. Shu bilan birga, turli holatlar ham bo‘lib turadi. Masalan, ona biror sababga ko‘ra chaqaloqni emizishga qodir bo‘lmay qolishi mumkin. Bunda bolani emizish uchun boshqa bir ayolni topish va unga haqini berish lozim. Bu ish otaning vazifasiga kiradi.
Farzandining sog‘lom o‘sishi uchun to emizish muddati tugamaguncha, ona homilador bo‘lib qolishdan saqlanmog‘i lozim.
Asmo binti Yazid raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi vasallam, aytdilar: «O‘z bolalaringizni xufyona tarzda o‘ldirmanglar. Darhaqiqat, homiladorlik vaqtidagi sut, otliqqa ta’sir qilib, uni otdan qulatib ham yuboradi».
Ushbu hadisni ulamolar shunday izohlashgan: «Emizikli ayol homilador bo‘lsa, uning suti buziladi. Shu sut bilan oziqlangan bolaning badaniga u yomon ta’sir qiladi va mijozi buziladi. Katta bo‘lib, otga minganida, zaiflik tufayli otdan yiqilsa va jarohat olsa, undagi zaiflik onaning homiladorlik vaqtida emizgan suti sababli bo‘lishi mumkin. O‘sha holatda bola toza sut emganida edi, zaif bo‘lmas binobarin otdan yiqilmas edi». Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ana shunday ehtimoliy holatni nazarda tutib, bolalarning halokatiga sabab bo‘lib qolishdan qaytardilar.
Dinimiz farzand uchun ota–ona zimmasiga bir qancha vazifalar yuklagan. Ayni chog‘da, farzandlar zimmasidagi vazifalarni ham ochiq–oydin belgilab qo‘ygan.
Imom Muslim rivoyat qilgan bir hadisda Muhammad alayhissalom: «Ota–onasining birini yoki ikkalasini keksalik hollarida topib, o‘ziga jannatni vojib qilolmagan kishining burni yerga ishqalansin (ya’ni, xor bo‘lsin)!», – debbir necha bor takrorladilar.
Boshqa bir hadisda esa: «Allohning roziligi otaning roziligidadir va Allohning g‘azabi otaning g‘azabidadir», – dedilar.
Abu Umoma raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Bir kishi kelib: «Yo Rasulalloh, ota–onaning farzandi zimmasida qanday haqqi bor?» – deb so‘radi. On hazratlari: «Ular sening jannating va do‘zaxingdir», – deb javob berdilar».
Demak, farzand ota–onasining xizmatini ado etish bilan jannatni, ularga ozor berish bilan do‘zaxni qo‘lga kiritishi mumkin.
Ota–ona vafot etganidan keyin ham farzandning burchi tamom bo‘lmaydi. Balki ularning do‘st va qarindoshlari bilan yaxshi aloqada bo‘lishi lozim.
Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhuaytdilar: Muhammad alayhissalomning shunday deganlarini eshitganman: «Yaxshiliklarning eng afzali bir kishi otasi vafot etganidan so‘ng, uning do‘stlari bilan aloqa qilishdir».
Yana Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu aytdilarki: «Bir kishi Payg‘ambarimizning huzurlariga kelib: «Yo Rasulalloh, men katta gunoh qilib qo‘ydim, tavba qilsam, kechiriladimi?» – deb so‘radi. Ular: «Onang bormi?»– dedilar. U kishi: «Yo‘q», dedi. Payg‘ambarimiz: «Xolang bormi?» – deb so‘radilar. U kishi: «Ha», – dedi. Shunda unga: «Xolangga yaxshilik qil», – dedilar.
Demak, ona vafot etgan bo‘lsa, xola ona o‘rnidadir. Bundan unga yaxshilik qilish esa onaga yaxshilik qilish kabi ekanligi ma’lum bo‘ladi.
Inson ota–onaning qadrini va ularning qanchalik ulug‘ zot ekanini o‘zi ham ota yoki ona bo‘lganida to‘liq anglaydi. Quyidagi oyatikarima ham shunga dalolat qiladi: «... Bas, qachonki u voyaga yetib, qirq yoshga to‘lganda: «Ey, Rabbim, menga va ota–onamga in’om etgan ne’matingga shukr qilishga va O‘zing rozi bo‘ladigan solih amalni qilishga meni muvaffaq etgin va men uchun zurriyotimni isloh et! Albatta, men Senga (gunohlarimdan) tavba qildim va albatta, men musulmonlardandirman», deydi». (Ahqof, 15)
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Vido hajida tavof qilib turgan edilar. Ansorlardan bir kishi kelib, onasini yelkasida ko‘targan holda: «Ey Allohning Rasuli, men yelkamda onamni ko‘tarib tavof qildirdim, shu bilan uning haqqini ado qildimmi?» – deganida, Payg‘ambarimiz: «Onangni tavof qildirganing, oq sut berganining, bir kuni badaliga ham yetmaydi», – dedilar.
Hazrati Ali karramallohu vajhahudan rivoyat qilinadiki, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom: «Kimki ota–onasining haqqini ado etmasa, men bunday odamlardan uzoqda bo‘laman» (ya’ni, mening shafoatimdan bahramand bo‘lmaydilar). «Ularga (yaxshilik qilishi uchun) uning moddiy hech narsasi bo‘lmasa–chi, ey Rasululloh», ─deb so‘radim. «Agar ularning so‘zlarini eshitsang: Qulog‘im sizda, xizmatingizdaman”, desin va hech qachon ularning so‘zlariga «uf» (malollik) demasin, ularni jerkimasin. Ularga faqat go‘zal so‘zlar aytsin»,─dedilar.
Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhu Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: «Yo Rasulalloh! Amallarning qaysisi yaxshi?» deb so‘radim. «O‘z vaqtida o‘qilgan namoz», ─dedilar. «Yana qaysi amal, yo Rasulalalloh?» deb so‘radim. «Ota–onangga yaxshilik qilish»,─dedilar (Imom Termiziy).
Farzand ota–onaga qanchalik yaxshilik qilmasin, ularni qanchalik o‘zidan ham ortiq ko‘rmasin, hech vaqt dunyoga kelishiga sababchi bo‘lganlik haqini qaytara olmaydi.
Abu Hurayra (raziyallohu anhu) rivoyatida:«Rasululloh, sallallohu alayhi vasallam, marhamat qildilar: «Uch xil duo shak–shubhasiz mustajobdir. Mazlumning duosi, musofir (g‘arib)ning duosi, ota–onaning bolasi haqiga qilgan duosi». (Imom Termiziy)
Har birimiz ota–onamizga hayotlik vaqtlarida yaxshilik qilib, ularning nasihatlariga quloq solib, duolarini olsak inshoalloh, ikki dunyo saodatidan bahramand bo‘lamiz.
Abdurazzoq YUNUSOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
raisi o‘rinbosari
"www.muslim.uz"dan
Kiritilgan vaqti: 09/12/2015 00:00; Ko‘rilganligi: 5601
Chop etilgan vaqti: 04/12/2024 15:30