O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

TO‘G‘RI YO‘LDAN ADASHMAYLIK!

 
 

Bismillahir rohmanir rohiym

Alloh ta'ologa beadad hamdu sanolarimiz va Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallamga esa behisob salovotu durudlarimiz bo‘lsin.

Shariatimizda shunday so‘zlar borki, u so‘zlar aslida muqaddas tuyg‘ularni anglatadi. Lekin hozirgi kunda adashgan firqa va guruhlar ayni shunday muqaddas tuyg‘ularni anglatadigan, mo‘min-musulmonlar uchun qadr-qimmatli bo‘lgan so‘zlardan o‘zlarining g‘arazli maqsad va niyatlarini amalga oshirishda foydalanishlari achinarli holdir. Qo‘yida manashu masalaga to‘xtalib o‘tamiz:

Hijrat: Aslida Islom dinida “hijrat” katta bir ibodatdir. U Alloh taologa yaqin bo‘lish, Alloh taoloning buyrug‘ini bajarish, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini amalga oshirishdir. Hijrat muqaddas bir tuyg‘u, ya'ni mo‘min-musulmonlar o‘zlarining dini, iymon va e'tiqodlarini saqlab qolish uchun sabab va vositalardan biri bo‘lgan katta bir ibodatdir. Lekin, yuqoridagi toifalar hozirgi kunda “hijrat” so‘zidan o‘zlariga niqob yasashib, ko‘pchilikni “hijrat”dan beziydigan, hijrat desa qo‘rqadigan, hijrat desa talvasaga tushadigan holatga keltirib qo‘yishdi.

Aslida esa, “hijrat” so‘zining lug‘aviy ma'nosi va shariatimizdagi ma'nosi bilan tanishib chiqadigan bo‘lsak, hijrat hech qanday salbiy ma'noda ishlatiladigan so‘z emasligi ayon bo‘ladi. Balki mo‘min-musulmonlar uchun katta shart-sharoitlar va imkoniyatlar, e'tiqod erkinligi, ibodat erkinligini ta'minlab berish uchun bir ko‘prik o‘rnini bajaradigan ulug‘ amal bo‘lib, uni “hijrat” deb ataladi.

“Hijrat” so‘zining lug‘aviy ma'nosi “bir narsadan ajrash, uzilish, tark etish, uzoqlashish” degan ma'nolarni anglatadi. Shariatimizda esa, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam boshchiliklaridagi bir qancha sahobai kiromlarni Makkai mukarramadan Madinai munavvaraga ko‘chib o‘tganliklariga aytiladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam nima uchun hijrat qilganlar? Makkai mukarramada Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam boshchiliklaridagi sahobai kiromlarga diniy e'tiqodlarini, diniy erkinliklarini va ibodatlarini amalga oshirishga mutlaqo shart-sharoit qolmaganligi, Makka mushriklari ularga har tomonlama zulmu sitamlarni kuchaytirishlari, tajovuz qilishlari, ijtimoiy- iqtisodiy, ma'naviy, moliyaviy, diniy, e'tiqodiy tomonlama bosim o‘tkazishlari sababli Alloh ta'olo ularni Madinai munavvarga hijrat qilishga buyurgan. Manashu narsaga shariatda “hijrat” deyiladi.

Demak, xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, hijrat qaysiki mo‘min-musulmonni o‘zi yashab turgan joyda e'tiqod erkinligi, ibodat erkinligi va uning ma'naviy, ruhiy, diniy erkinliklarini siqib, uni iskanjaga olib, ularni amalga oshirishga yo‘l qo‘ymasa, ana o‘sha joyni tark etishlari shart bo‘ladi va bu shar'iy “hijrat” bo‘ladi. Ammo hozirgi kundagi “hijrat” so‘ziga noto‘g‘ri urg‘u berib, xalqni ichida, mo‘min-musulmonlarning ichida ularni tashvishga qo‘yayotgan va “hijrat” so‘zini o‘zlariga qurol qilib olayotgan firqalarning ishlari, g‘oyalari, mafkuralari sababli mo‘min-musulmonlar “hijrat” so‘zini muomalada ishlatishdan qo‘rqishib, uni xavfli bir so‘z deb tushinib qolishdi. Manfur kimsalarning ta'kidlashlaricha, odamlar qaysi yurtda yashashlaridan qat'iy nazar qonxo‘rlarni, qotillarni, jangarilarni tayyorlayotgan lagerlarga hijrat qilib, ularga qo‘shilmagunlaricha chin musulmon bo‘lmas emishlar.

Bu kabi g‘alamislarning g‘oyasida na shariatning asl ko‘rsatmasi, na ota-onaning roziligi va na boshqa omillarga rioya qilish shart. Balki, ular o‘z g‘oyalari yo‘lida barcha to‘siqlarni shirkka, kufrga yo‘yishib, maqsadlarini amalga oshirishda har qanday razillikdan tab torishmayapdi. Ular o‘zlariga “Albatta hijrat qilishlik shart va hijrat qilmaganlar iymondan ayriladi” kabi shiorlar qilishib, huddi haqiqatni gaprishayotgandek o‘zlarini “haqiqatpar” qilib ko‘rsatishmoqda.

Azizlar, biz yoshlarimizga, mo‘min-musulmonlarga hali Islom din borasida ko‘p ham ma'lumotga ega bo‘lmagan kishilarga hijrat haqidagi ma'lumotlarni to‘g‘ri va haqiqiy ma'nosini yetkazib qo‘yishimiz kerak. Shunda yoshlar xavf-hatar aslida “hijrat” so‘zida emas, balki bu so‘zni qurol qilib olgan toifa, guruh va adashgan jamoalarda ekanligini tushinib yetishadi.


Kiritilgan vaqti: 20/02/2019 00:00;   Ko‘rilganligi: 4558
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/society/togri-yoldan-adashmaylik
Chop etilgan vaqti: 09/11/2024 06:18
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing