O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

Til bu millatning ko‘zgusi!

 
 

Bir guruh shaxslarning O‘zbekistonda rus tiliga rasmiy til maqomini berish taklifi bilan chiqishi keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekiston — ko‘p millatli davlat. Respublikamizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qiladi. Yurtimiz aholisining 80 foizdan ortig‘ini o‘zbeklar tashkil etib, ularning umumiy aholi sonidagi ulushi muntazam oshib bormoqda. Shuningdek, boshqa millatlarning ko‘p sonli jamoalari ham mavjud. Ularning 10 foizdan ortig‘i — Markaziy Osiyo xalqlari vakillaridir. Rus va boshqa slavyan xalqlari vakillari respublika aholisining 10 foizini tashkil qiladi.

Bugungi kunda respublikamizda ta'lim 7 tilda (o‘zbek, rus, qoraqalpoq, qozoq, qirg‘iz, turkman, tojik tili) olib boriladi. Ta'lim o‘zbek tilida olib borilmaydigan ikki mingdan ortiq maktablar faoliyat olib bormoqda.

Bizning qadimiy va saxovatli zaminimizda ko‘p asrlar davomida turli millat va elat, madaniyat va din vakillari tinch-totuv yashab kelgan. Mehmondo‘stlik, ezgulik, qalb saxovati va tom ma'nodagi bag‘rikenglik bizning xalqimizga doimo xos bo‘lgan va uning mentaliteti asosini tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi va qonunlarimizda O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari millati, tili va dinidan qat'iy nazar, teng huquq va erkinliklarga ega ekani mustahkamlab qo‘yilgan. Ularga o‘z milliy madaniyati, an'ana va urf-odatlarini saqlash hamda har tomonlama rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Mamlakatimizda 16 ta konfessiyaga mansub diniy tashkilotlar erkin faoliyat yuritmoqda. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi o‘z ko‘rsatuvlarini 12 tilda namoyish etmoqda, o‘ndan ortiq tilda gazeta va jurnallar nashr etilmoqda.

Millatlararo munosabatlarni yanada uyg‘unlashtirishda 137 ta milliy madaniy markazning alohida o‘rni bor. Ular o‘zlarining madaniyati, an'ana va urf-odatlari, tili, xalq hunarmandligini rivojlantirib, turli madaniyatlarning bir-birini o‘zaro boyitishiga, har birimizda ko‘p millatli yagona oila tuyg‘usini mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda.

Alloh taolo muborak kitobida “Ey odamlar! Biz sizlarni bir erkak va ayoldan yaratdik va sizlarni o‘zaro tanishishingiz uchun xalqlar va qabilalar qilib qo‘ydik. Albatta, Allohning huzurida eng hurmatligingiz eng taqvodoringizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir” (“Hujurot” surasi, 13-oyat), deb marhamat qilgan. Demak, odamlarning har biri bir ota-onaning farzandlaridir. Ularning turli xalqlar va qabilalarga bo‘linishining sababi esa, o‘zaro tanishish, ma'rifat hosil qilishdir.

Yaratganga beadad shukrlar bo‘lsinki, yurtimizda har bir millat va elat vakillarining o‘z ona tilida muloqot qilishi, madaniyati, milliy an'ana va qadriyatlarini asrab-avaylashi va davom ettirishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Buning huquqiy asoslari Konstitusiya va qonunlarimizda belgilab berilgan. Ana shunday paytda ayrim kishilarning kimlargadir xushomad yoki boshqa manfaat ilinjida rus tiliga rasmiy til maqomi berilishini da'vo qilishi hech bir mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Aksincha, ular bu xatti-harakatlari bilan millatlar o‘rtasidagi samimiy, o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatlarga soya solishi mumkin.

Bugungi globallashuv davrida ko‘p til bilish barchamiz uchun hayotiy zarurat. Shuning uchun ham bolalarimizga yoshligidan ona tili – o‘zbek tili bilan birga bir necha chet tillarni, xususan, rus tilini ham o‘rgatishga harakat qilamiz. Bu har bir insonning erkin tanlovi asosida amalga oshiriladi. Bunga birovni majburlashning hojati yo‘q. Har kim o‘z ehtiyojidan kelib chiqib, istagan xorijiy tilini o‘rganadi. Bas shunday ekan, xalq gaplashadigan, muomala qiladigan asosiy tildan boshqa tilga davlat tili yoki rasmiy til maqomini berishni da'vo qilish faqat ayrim kuch va toifalarning manfaati uchun qilingan harakatdir.

Alloh taolo hech kimni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin.


Kiritilgan vaqti: 07/05/2019 00:00;   Ko‘rilganligi: 1697
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/society/til-bu-millatning-kozgusi
Chop etilgan vaqti: 12/12/2024 00:28
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing