Tabiatni asrashlik bizning burchimiz!
Biz har doim tabiat so‘ziga ona iborasini qushib aytamiz. Chunki bola ona bag‘rida erkin o‘sib ulg‘aygani kabi insoniyat hayoti ham tevarak atrofimizni o‘rab turgan mana shu borliq, tabiat quynida kechadi. Shu bois tabiatga onaga kabi e'zozli munosabatda bo‘lish talab etiladi. Alloh taolo ust boshimiz, oziq- ovqatimiz uchun kerak bo‘ladigan barcha ne'matlarni tabiat bag‘riga joylagan.
Qur'oni karimda bunday marhamat qilinadi:
“U yerni sizlar uchun beshik (qarorgoh) qilib qo‘ydi va unda yo‘llar paydo qildi hamda osmondan suv (yomg‘ir, qor) yog‘dirdi. Bas, u (suv) bilan turli o‘simliklar navlarini undirib chiqardik” (Toha, 53).
Yerning usti ham, osti ham bizga berilgan. Tiriklikda yer ustida bo‘lsak, vafot etganimizdan keyin uning bag‘riga singamiz. Shunday ekan, ona yerni obod qilib yashab turgan joylarimizni pok tutsak, o‘zimiz va barcha insonlar uchun qayg‘urgan bo‘lamiz.
Alloh taolo bizga ato etgan ulug‘ ne'matlardan biri suvdir. Yer yuzi tabiati uchun oqar suvlar go‘yo inson tanasidagi qon kabi muhimdir.
Olimlar ta'kidlashicha, jismning asosiy qismini, ya'ni, yetmish ikki foizini suv tashkil etar ekan. Ammo bugun toza oqar suvlarning qadriga yetayapmizmi? Ilgarilari ariqlardan bemalol suv ichar edik. Endi buning iloji yo‘q. Chunki ularga har xil chiqindilar tashlanadi. Ba'zan ariqlarda yelim idishlar, mevayu qovun tarvuz po‘choqlarini ko‘rib hayron qolasiz.
Tevarak atrofdagi dov daraxtlarni oling. Alloh taolo nafas olishimizni unga bog‘liq qildi. Daraxtlar bizga havoni tozalab beradi. Bugun qancha daraxt ekayapmizu qanchasini kesayapmiz?,
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Kim daraxt eksa va uni avaylab asrasa, meva bergunicha parvarishlasa, mevasidan odamlarga yetgan har bir foyda uchun Alloh taoloning huzurida unga ajr savoblar bo‘ladi”, deb marhamat qilganlar.
Demak, ekkan daraxtingiz mevasidan, soya salqinidan odam bolasi yoki qushlar foydalanadimi, savobi sizga yozilaveradi.
Dinimiz daraxtlarni parvarish qilmay, quritish yoki sababsiz kesishdan qaytargan. Islom dinida tabiatni asrash vojib amallardan sanaladi buni har bir musulmon yaxshi bilmog‘i kerak.
Shu o‘rinda aytish joiz, agar bahorda har birimiz hovlimizga, ko‘chalarimizga uch tubdan nihol eksak, bu ishimiz bilan tabiatdagi muvozanatni saqlashga va yurtimizni obod etishga hissa qo‘shgan bo‘lar edik.
Bu dunyoda yashayotgan barcha insonlar xuddi bir kemaga chiqqan yo‘lovchilar kabi. Agar kemaning bir joyi darz ketsa, barchaga zarari tegadi. Xullas, hayotimizga kerakli ona tabiatni asrashga barchamiz mas'ulmiz.
Kiritilgan vaqti: 06/02/2019 00:00; Ko‘rilganligi: 26962
Chop etilgan vaqti: 03/12/2024 01:13