O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

Sir yopding imon topding

 
 

Islom dini insonlarni har taraflama komil bo‘lishga chorlaydi. Komil inson hech qachon birovni sirini ochmaydi. Kim birovni sirini ochib uni sharmanda qilsa gunohi azim qilgan bo‘ladi. Ko‘pincha ikki kishi o‘rtasida ozgina kelishmovchilik chiqsa darhol bir birini sirlarini ochib sharmanda qilishga tushadi. Avvalam bor inson o‘z sirlarini har kimga aytmasligi kerak, sir egasidan boshqaga chiqdimi sirligi qolmaydi. Amr ibn Ossdan rivoyat qilingan hadisda shunday deyilgan “Birovga sirimni aytsam, uni fosh qilgani uchun malomat qilmayman. Qanday ham uni malomat qilay? Axir o‘zim uni sig‘dira olmadimku”. Demak, o‘z ichingda saqlay olmay siringni birovga aytdingmi, u ham birovga aytsa, sen undan xafa bo‘lma. U ham senga o‘xshagan inson. Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam: “Kim senga bir gap aytib, atrofga alanglab qo‘ysa bu omonatdir”, deganlar. Chunki gap aytaturib xavotirlangan odam, gapimni boshqa birov eshitib qolmasin, degan ma'onda alanglab qo‘ydi. Demak, bu gap sir saqlanishi lozim bo‘ladi. Bu gapni sir saqlamay boshqalarga aytgan odam esa, xiyonatkordir.

Yaqinda bir mahallada ikki qo‘shni o‘rtasida kelishmovchilik borligi ma'lum bo‘ldi. Muammoni joyida borib o‘rganganimizda majoro ikki yosh qo‘shni kelinlar o‘rtasida bo‘lgan ekan. Ular bir necha kun oldin oralaridan qil o‘tmaydigon sirdosh dugona bo‘lishgan. Erlari ishlash uchun uzoq safarda bo‘lganligi sababli har kuni ko‘chada o‘tirib hasratlashganlar. Hatto, qaynona, qanisingil haqida xam salbiy gaplar bian g‘iybatlashishgan. Shunday qilib ulardan biri qaynonasiga bildirmay bir buyumni olib sirdosh dugonasinikiga o‘tkazib qo‘yadi, tasodifan uning qaynonasi qo‘shnisinikiga o‘tib haligi buyumga ko‘zi tushadi va bu qanday qilib bularning uyiga kelib qolganligini suraydi, shunda o‘zini o‘g‘ri bo‘lib qolishidan qo‘rqqan dugona, keliningiz olib kelib bergandi, deb aytishga majbur bo‘ladi. Buni bilgan qaynona kelinni o‘g‘rilikda ayiblab, uydan haydaydi. Ana shundan keyin bir birlarining sirlarini oshkor qilish boshlanadi. Ikkala kelinchak bir-birining qaynonasiga barcha g‘iybat bilan aytilgan sirlarni yetkazadi hatto tuhmatlar ham qo‘shilib bu janjal, mushtlashishgacha boradi. Buning oqibatida ikkala oilada ham notinchlik yuzaga keladi. Bundan xabar topgan musofirlikdagi er onasining norozilik shikoyatlari sabab xotini bilan ajrashishini telefon orqali ma'lum qiladi. Mahalla faollari va mas'ul shaxslar bilan olib borilgan ko‘plab tushuntirishlarimiz natijasida ushbu oilalar saqlab qolindi. Mana, o‘ylamasdan qilingan birgina xatoning oqibatida ikki oila buzulishiga bir bahya qoldi.

Hadisi muborakda “Bir kishi bilan o‘ta qattiq do‘st bo‘lma, kun kelib dushman bo‘lib qolishi mumkin. Bir kishi bilan o‘ta qattiq adovatlashma, kun kelib do‘st bo‘lib qolishing mumkin”, deyilgan. Turmushga chiqarayotgan qizlarimizga oila sirlarini ko‘chaga chiqarmaslik, tilni g‘iybatdan saqlash haqida ko‘proq tushuncha beraylik. Kelin bo‘lib tushgan xonadon ular bilan obod bo‘lsin. Hozir arzimagan “dedi-dedi” bilan qancha oilalar buzilib ketmoqda. Sattorul 'uyub bo‘lgan Alloh sirimizni ochmasin desak biz ham birovning sirini ochmaylik. Zero, bejizga, sir yopding imon topding, deb aytilmagan..

Saydullo RO‘ZIYEV – Kattaqo‘rg‘on shahar “Qoriravot” jome masjidi imom xatibi.


Kiritilgan vaqti: 12/11/2019 16:56;   Ko‘rilganligi: 1346
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/society/sir-yopding-imon-topding
Chop etilgan vaqti: 27/04/2024 21:56
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing