SAVDO-TIJORAT VA UNING ODOBLARI
“Tijorat” so‘zi arabcha so‘z bo‘lib, lug‘atda oldi-sotdi manosini anglatadi. Ulamolar tijoratning tarifida bir-biriga yaqin bir necha ma'nolarni aytishgan: “Tijorat”- bir narsani savdoga qo‘yib, foyda olish uchun sotib olishdir”; “Tijorat” - oldi-sotdi ila foyda izlashdir.”; “Tijorat” – foyda ko‘rish maqsadida molni aylantirishdir” va hokazo.
Bizning ona tilimizda esa tijorat- savdo so‘zi arabcha “bay'” so‘ziga ham to‘g‘ri keladi. “Bay'” lug‘atda “o‘zaro bir narsani almashtirish”ni anglatadi. Shariatda esa bir molni ikkinchi bir mol muqobiliga rozi bo‘lib qabul qilib olishga aytiladi. Qisqa qilib aytganda, “savdo” so‘zi “tijorat” so‘zidan umumiyroq bo‘lib, bugungi kunning istilohida “bozor” muomalalari” ma'nosiga yaqinroq keladi.
Savdo halol bo‘lishi uchun ikki tarafning – ham sotuvchining ham xaridorning roziligi shart qilingan. Ushbu haqiqatga alohida etibor berish kerak. Birovga nisbatan tazyiq ishlatib, uning molini o‘zi istamagan tarzda past bahoga sotishga majburlash mumkin emas. Shuningdek, o‘zining narsasini boshqaga majburlab sotish ham ta'qiqlangan bo‘lib, bu borada mansabni, kuchni va boshqa choralarni ishga solib, odamlarni norozi qilib muomalaga chorlash qat'iy qoralangan.
Tijoratning shariatga kiritilishiga Qur'oni karimda, Rasululloh (s.a.v)ning sunnatlarida bir qancha dalillar bor.
Alloh taolo Niso surasida marhamat qiladi:
“Ey iymon keltirganlar! Bir –birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemang. Magar o‘zaro rozilik ila tijorat bo‘lsa, mayli. O‘zingizni o‘zingiz o‘ldirmang. Albatta Alloh taolo, sizlarga o‘ta rahmlidir” (29-oyat).
Birovning molini botil yo‘l bilan yeyishga sudxo‘rlik, qimor, poraxo‘rlik, aldamchilik, narxni sun'iy ravishda ko‘tarish, o‘g‘rilik, qimorbozlik, tovlamachilik va boshqalar kiradi.
Oyati karimada botil yo‘l bilan birovning molini yeyishdan “Faqat o‘zaro rozilik ila bo‘lgan tijorat bo‘lsa, mayli”, deb istisno qilinmoqda.
Albatta, halol rizq topishning yo‘li faqat tijorat emas. Ammo bu maqomda tijorat-savdoning zikr qilinishiga sabab shuki, noto‘g‘ri yo‘l bilan mol yeyishning ba'zi turlarida tijoratga o‘xshashlik bor. Misol uchun, Arabiston yarim orolida sudxo‘rlik avj olgan edi. Islom bu ishni ta'qiqlaganida mushriklar sudxo‘rlik ham tijoratga o‘xshash, degan davoni ilgari surishdi. Shu kabi tushunmovchiliklar yoki noo‘rin davolar bo‘lmasligi uchun o‘zaro rozilik bilan qilingan tijorat bundan istisno qilinmoqda. Chunki tijorat halol mehnat. Savdogar mehnat qilib, molu-pulini ishga solib, ishlab chiqaruvchi va xaridor o‘rtasida vosita bo‘ladi. Bu vazifani bajarishda orada ancha muncha xizmatlarni amalga oshiradi. U kasod bo‘lishi, sinib, molsiz-pulsiz qolishi ehtimollarini ham bo‘yniga olib, bu ishga qo‘l uradi. Eng muhim omillardan biri tijorat ikki tarafning roziligi bilan bo‘ladi. Birov uni o‘zi istamagan tarafga va o‘zi istamagan narxda sotishga majburlay olmaydi. Xaridor rozi bo‘lmasa, olish olmaslikda erkin, boshqa tomonga ketaveradi. Uni ham birov istamagan narsani istamagan narxda olishga majburlay olmaydi.
Oyatning davomida Alloh taolo mo‘min bandalariga qarata:
“O‘zingizni o‘zingiz o‘ldirmang!” demoqda. Sirtdan qaragan odam: “Bir-birining molini nohaq o‘zlashtirish va o‘zini o‘zi o‘ldirish orasida qanday aloqa bor?” deyishi mumkin. Lekin chuqurroq o‘ylab ko‘rilsa, hayotiy tajribaga nazar solinsa, haqiqatda bu ikki narsa o‘rtasida bevosita aloqa borligi ko‘riladi. Bir birining molini nohaq yo‘l bilan o‘zlashtirish odati bor jamiyat o‘zini o‘zi halokatga olib borajagini va borayotganini ko‘ramiz. Jumladan, mazkur nohaq yo‘l bilan mol yeyish ham katta xatolik sifatida halokatga sabab bo‘ladi. Bu ishni qilganlar o‘zini o‘zi o‘ldirgan bo‘ladi.
“Albatta, Alloh taolo sizlarga o‘ta rahmlidir”. U mo‘min-musulmonlarga rahm qilgani uchun ham sizlarni halokatga olib boruvchi ishlardan, jumladan, bir biringizning molingizni nohaq yo‘l bilan yeyishdan qaytarmoqda. Sizni najotga sabab bo‘luvchi ishlarga buyurmoqda. Bu hol Allohning rahmatidir. Agar u rahm qilib, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib bermaganida, noto‘g‘risidan qaytarmaganida, katta mashaqqatda qolgan bo‘lar edingiz.
Kiritilgan vaqti: 07/02/2019 00:00; Ko‘rilganligi: 3819
Chop etilgan vaqti: 13/10/2024 07:12