O‘Z JONIGA QASD QILISH NOSHUKURLIKDIR
Barchamizga ma'lumki, oila har bir jamiyatning boshlang‘ich bo‘g‘ini bo‘lib, uning tinch, halol va pok, mustahkam bo‘lishi jamiyatning tinch va farovonligini ta'minlovchi asosiy omillardan biridir. Buning qarama-qarshisi, ya'ni oilalarda notinchlik, buzg‘unchilik, ota-onaga nisbatan itoatsizlik bo‘lsa, o‘sha jamiyat ham buzilib, osoyishtaligi yo‘qoladi, parokanda bo‘ladi.
Shuning uchun har bir jamiyat oila masalasiga katta e'tibor qaratib, oilalarning mustahkam va baxtiyor bo‘lishlari uchun imkonida bo‘lgan barcha chora va tadbirlarni ko‘rib kelgan. Bizning mamlakatimizda ham, ayniqsa so‘ngi 2-3 yil ichida qabul qilingan har bir qaror va amalga oshirilgan har bir ishdan ko‘zda tutilgan maqsad,yurtimiz tinchligi, xalq farovonligi, oilalar mustahkamligi va hech kimdan kam bo‘lmagan komil insonni shakllantirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Boshqacharoq qilib aytadigan bo‘lsak, jonajon diyorimizda har birimizning o‘qishimiz, ishlashimiz, ibodat qilishimiz va mazmunli yashashimiz uchun barcha sharoitlar yetarli.
Lekin insonning hayoti faqat silliq kechavermaydi. Hayotning o‘ziga xos past-baland, egri – bugri yo‘llari ham bor, ya'ni inson hayoti davomida turli qiyinchilik, mashaqqat va sinovlarga duch kelishi mumkin, ba'zan imon-e'tiqodi sust yurtdoshlarimiz bunday musibatlardan qutulishning yo‘li deb o‘z shirin jonlariga qasd qilib qo‘ymoqdalar. Bu holat ayniqsa ayol-qizlarimiz va yoshlarimiz o‘rtasida sodir bo‘lib turmoqda. Ta'kidlash kerakki, bunday mudhish ishga qo‘l urish musibatdan qutulishning nafaqat noto‘g‘ri yo‘li, balki o‘zini undanda kattaroq musibatga mubtalo qilish demakdir.
Tumanlarning birida bir ayol o‘zi va ikki nafar bolasini pichoklagan. Natijada farzandlari nobud bo‘lgan, o‘zi esa tirik, lekin nogiron bo‘lib qolgan. Qaynona va turmush o‘rtog‘ini biroz qo‘rqitib qo‘yish niyatida sirka iste'mol qilgan yosh ayol bir umr nogironlik aravachasiga mixlanib qolgan. O‘ziga o‘t qo‘yib yuborgan ayol g‘oyat mudhish holatda o‘lim topgan, farzandlari yetim bo‘lib qolgan. Bu kabi holatlar esa har qanday kishining qalbini larzaga soladi. Muqaddas dinimiz ta'limotida insonning o‘z joniga qasd qilishi qattiq qoralanadi. O‘z joniga qasd qilish Allohning bergan ne'matlariga, chunonchi berilgan umrga, hayotga noshukurlik hamda yaratganning belgilab qo‘ygan taqdiriga isyondir. Shu bilan bir qatorda bu ishga qo‘l urgan odam qarindosh-urug‘larini, ota-onasini og‘ir kulfatga solib qo‘yadi, bolalarining yetim bo‘lib qolishiga, oilaning parokanda bo‘lishiga sabab bo‘lib qoladi. Qilgan gunohlariga tavba qilish imkonidan va jannatdan abadiy mahrum bo‘lib qoladi. Chunki Alloh: “bandam o‘zini-o‘zi o‘ldirib mening bergan umrimga shukur qilmay shoshildi. Shuning uchun unga jannatni abadiy harom qildim”,-deydi. Yaratganning o‘ziga shukronalarimiz bo‘lsinki, yashashimiz uchun barcha sharoitlar yaratilgan tinch va farovon jamiyatda yashamoqdamiz. O‘zining shirin joniga qasd qilishga esa hech qanday sabab yo‘q. Har qanday qiyinchilikni inson degan nomga munosib sabr-toqat va aql bilan hal qilsa bo‘ladi. Ammo sabrsizlik, noshukurlik qilinsa oqibati yaxshi bo‘lmaydi. Yaratganning o‘zi barchalarimizga bergan ne'matlariga shukronada bo‘lish va yetgan musibatlarga sabr qilishni nasib aylasin.
Muallif: O‘MI Samarqand viloyati vakili maslahatchisi N.Temirova
Kiritilgan vaqti: 23/07/2019 13:23; Ko‘rilganligi: 1312
Chop etilgan vaqti: 04/10/2024 17:30