O‘YLAMASDAN SO‘YLAMA!
Insoniyatning asosiy muomala quroli til bo‘lib, barcha munosabat va muloqotlar gaplashish orqali amalga oshiriladi. Dono xalqimizda tilga ehtiyotkor bo‘lish, har bir jumlani o‘ylab so‘ylash, so‘zlashish madaniyati haqida juda ko‘p ibratli hikmatlar bor.
Bu borada donalarimizdan qolgan 8 qoidani keltirmoqchimiz. Ular: bemavrid gapirmaslik, lutf ila yumshoqlik bilan so‘zlashish, yuzda samimiyatni saqlash, eshituvchining dilini og‘ritmaslik, faqat foydali gaplar uchun og‘izni ochish, andisha muvozanatini ushlash, shoshqaloqlik pushaymonlik keltirishni yodda tutish va boshqalarni fikrini hurmat qilish, so‘zni bo‘lmaslik shart. Huda behuda kulish ham tarbiyasizlik alomatidir.
Biz hamisha ham bu mezonlarga amal qilavermaymiz, oqibatda kishilarni o‘zimizdan bezdirishga sababchi bo‘lamiz. Hadisi sharifda aytilganidek, “O‘zingga ravo ko‘rmagan yomon narsani birovga ham tilama”. Buning uchun besuyak tilimizga ko‘rinmas, ammo mustahkam chegara o‘rnatishimiz, o‘zgalarga ozor beradigan, ko‘nggilni qoldiradigan, izzat–nafsiga tegadigan, or-nomusi, sha'nini oyoq osti qiladigan nojo‘ya gaplarni so‘zlamaslik, qalbni nayza tig‘idan ko‘ra til yomon jarohatlashini anglamog‘imiz darkor. Chunki bu dunyoda hammamiz mehmon, g‘animatmiz. Besuyak, bir parcha go‘shtni har tomonga yo‘rg‘alatib, arzimas ikir-chikir, lash-lushlarini deb Yaratgan muqaddas sanagan hazrati inson sha'nini yer bilan yakson qilishga haqqimiz yo‘q.
Bir-birimizni qadrlab, mehr ko‘rsatib, amalimizga yarasha ajru mukofotlar olib yashaylik!
G‘olib RASULOV- Tayloq tumani “Sadaqayrog‘och” jome masjidi imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 21/11/2019 11:23; Ko‘rilganligi: 1827
Chop etilgan vaqti: 09/02/2025 13:25