O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

Muqaddas ne'mat

 
 

Inson uchun eng ulug‘ nematlardan biri bu hayot nematidir.  Har bir inson o‘ziga berilgan ushbu nematini davom ettirish uchun o‘zidagi bor imkoniyatni ishga solishi lozim bo‘ladi. Jamiyatning har bir azosi xoh u yosh-qari, xoh erkagu-ayol bo‘lsin atrofida yashayotgan boshqa azolarning haq-huquqlarini, birinchi navbatda ularning hayotlarini hurmat qilishi kerak. Islom dinida kishilarga ozor yetkazish, kamsitish yoki ularning qonini nohaq to‘kish man kilinadi. Bu eng ulkan gunohlardan hisoblanadi. Inson qonini nohaq to‘kkanlar bu dunyoda ham oxiratda ham azobu uqubatga giriftor bo‘ladi. Inson farzandi har qanday holatda ham Alloh taolo tomonidan berilgan bu ulug‘ hayot nematiga ya'ni Allohning omonatiga xiyonat qilishi mumkin emas. Har qanday muammoning ham yechimi topiladi. Unga faqat sabr qilishi va taqvoda bo‘lishi lozim. Shunda Alloh taoloning o‘zi mushkullarning yechimini berib va hatto keng rizq ham ato etadi. Bu haqda qur'aoni karimda Alloh taolo shunday deb marhamat qilgan:

Kim Allohga taqvo qilsa, U zot uning yo‘lini ochib qo‘yur.. Va unga o‘zi o‘ylamagan tarafdan rizq berur. Kim Allohga tavakkal qilsa, bas, unga U zotning O‘zi kifoyadir” (Taloq surasi, 2-3-oyatlar)

Har bir inson yaxshi bilishi kerakki o‘z joniga qasd qilish ham eng katta gunohlardan hisoblanadi. O‘zgalar joniga qasd qilish gunohi azim bo‘lganidan keyin, albatta, o‘z joniga qasd qilish ham eng katta gunoh amal hisoblanadi.

Islom dini barcha musulmonlarni o‘z hayotlarini saqlashga, ehtiyot qilishga buyuradi va o‘zini halokatga tashlashdan qaytaradi. Alloh taolo o‘z kalomi sharifida “O‘zingizni halokatga tashlamang. Yaxshilik qiling, albatta, Alloh yaxshilik qiluvchilarni sevadir” deb  (Baqara surasi, 195-oyatida)  marhamat kiladi. O‘z joniga qasd qilganlar to‘g‘risida islom shariatining o‘z fikrlari bor. O‘zini o‘zi o‘ldirish eng ulkan gunoh, eng og‘ir jinoyat hisoblanadi. “Jon meniki xohlaganimni qilaman, deyishlik Alloh Taolo bergan hayot ne'matiga noshukrlik bo‘ladi. Hozirgi kunda ayrim arzimas oilaviy kelishmovchiliklar oqibatida yoshlar, xotin-qizlar orasida shunga o‘xshash ko‘ngilsiz voqealar sodir bo‘layapdi.

Asri saodatda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam masjidlariga o‘zini o‘zi o‘ldirgan kishining murdasini olib kelganda unga zajr uchun janoza namozini o‘qishdan bosh tortdilar. Bu ummatlarimga sunnat bo‘lib qolmasin deb. Boshqa bir mashhur  hadisda  “Janozasini boshqa biror kishi o‘qib qo‘ysin”  deb buyurganlari keltirilgan. Mayyit hayotda kim bo‘lganidan qat'iy nazar, qanchalik gunohkor, fosiq bo‘lsa ham bejanoza dafn qilinmasligi kerak. Gunohkar odam gunohi uchun o‘zi javob beradi, janoza o‘kigani yoki o‘kimagani uchun tiriklar javob beradi. Hozirgi kunda ham masjid imom–xatiblaridan o‘z joniga qasd qilganlar janozasini o‘qimasligi, yuqoridagi hadisga asosandir. Alloh taolo bunday marhamat qiladi. “(Insonga) biror musibat yetgan bo‘lsa albata Allohning izni (irodasi) bilangina (etur). Kimki Allohga imon keltisa (U) uning qalbini to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur. Alloh har narsani biluvchidir”. (Tag‘obun surasi 11-oyat.) Demak, inson farzandi har bir narsani Alloh taoladan deb bilishi kerak.

Haq Taolo hammamizni o‘z yulidan adashtirmasin. Ona-Vatanimiz tinch-osoyishta, xalqimiz, oilalari tinch, sog‘-salomat bo‘lsin.

 Husniddin Norjigitov, Kattaqo‘rgon tumani “Rizvon bobo” jome masjidi imom xatibi  


Kiritilgan vaqti: 18/10/2019 16:55;   Ko‘rilganligi: 4176
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/society/muqaddas-nemat
Chop etilgan vaqti: 19/05/2024 21:45
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing