O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

KASALLIK YUQISHI YO‘Q, EHTIYOT BO‘LISH YAXSHI

 
 

Bugungi kunda Koronavirus kasalligining keng tarqalmasligi va oldini olish uchun mamlakatimizda barcha zaruriy choralar ko‘rilmoqda. Fuqarolarimizning tahlikaga tushishi aslo kerak emas. Bu ofatni yengib o‘tish eng avvalo, har birimizning o‘zimizga bog‘liq. Birinchidan, shaxsiy gigena qoidalariga rioya etishmimiz, tegishli himoya vositalaridan foydalanish va boshqa zaruriy ehtiyot choralarini ko‘rish, kasallikning oldini olish bo‘yicha tibbiyot xodimlarining tavsiyalariga qat'iy amal qilish orqali o‘zimiz hamda yaqinlarimizni koronavirus infeksiyasidan bemalol himoyalashimiz mumkin.

Aslida kasallikning yuqishi masalasiga Islom nuqtai nazari bilan qarasak, dinimiz bu borada bizga o‘zgacha ta'limot berganiga guvoh bo‘lamiz. Islomdan oldingi johiliyat davrida johillikning turli-tuman ko‘rinishlari mavjud bo‘lgan. Jumladan, tibga, irimga oid masalalarda ham. Islom ana o‘sha narsalarni muolaja qilib, to‘g‘ri yo‘lga soldi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kasallik yuqishi yo‘q, boyqush yo‘q, nav'u yo‘q va safar yo‘q (ya'ni, qush, yulduz va safar oyiga irim qilish yo‘q), dedilar. Uchovlari rivoyat qilganlar.

Hadisdagi “Kasallik yuqishi yo‘q” so‘zlariga e'tibor qaratamiz. Johiliyat ahlida “Xastaliklarda o‘ziga yarasha quvvat bor, ular bir kishidan ikkinchisiga o‘sha quvvat yordamida o‘tadi”, degan e'tiqod bor edi. Hozirgi johiliyatda ham xuddi shu e'tiqod saqlanib qolgan. “Unday bo‘lsa, xastalik yuqishi yo‘qmi?” degan savol paydo bo‘lishi turgan gap. Bunga javob shuki, xastalik Alloh iroda qilsagina yuqadi. Xuddi shu ma'no Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shunga o‘xshash boshqa hadisi shariflardagi “Kasallik yuqishi yo‘q” degan gaplarida mujassam bo‘lgan. Dunyodagi har bir narsa faqatgina Alloh taoloning irodasi bilan bo‘ladi. Jumladan, xastalik yuqishi ham.

Hadisi shariflarda kasallikning o‘zicha yuqishi yo‘qligi, ba'zi hadislarda esa kasallik yuqishidan ehtiyot bo‘lish kerakligi aytilgan. Demak, kasallikning o‘zicha yuqmasligi e'tiqod masalasi ekanligi, kasallik yuqishidan ehtiyot bo‘lish esa dinimiz bizdan amal qilishni talab qilgan narsa ekanligi anglanadi. Jumladan, u zot sollallohu alayhi vasallam: “Vabo tarqalgan joyga bormanglar va u yerda bo‘lsangiz chiqib ham ketmanglar”, deb aytishlari orqali kasallik yuqishidan ehtiyot bo‘lishga chaqirganlar.

Shulardan kelib chiqqan holda mo‘min-musulmonlar kasallik yuqishidan qattiq tahlikaga tushmasliklari, Alloh taolo xohlagan narsa sodir bo‘lishiga e'tiqod qilishi, shu bilan birga ehtiyot choralarini qo‘llashlari ham lozim bo‘ladi. Bu borada tibbiyot soha xodimlarining qo‘llarni tez-tez va yaxshilab sovun bilan oqar suvda yuvish, dezinfeksiyalovchi vositalardan foydalanish, ovqat qilish davomida hamda undan oldin va keyin, shuningdek, ovqatlanishdan oldin, hojatxonadan yoki hayvon bilan aloqadan keyin qo‘llarni yuvish va boshqa ko‘rsatmlariga rioya etish tavsiya qilinadi. Aslida shusiz ham har bir musulmonning odobi va ibodat kundaligidan ushbu amallar o‘rin olgan.

Shifokorlarning “Shamollash yoki gripp alomatlariga ega odamlar bilan yaqin aloqa qilishdan cheklanish, kasallikning ilk alomatlari kuzatilganda, uyda qolish va darhol shifokorga murojaat qilish” borasidagi tavsiyalari yuqorida zikr qilingan “Vabo tarqalgan joyga bormanglar va u yerda bo‘lsangiz chiqib ham ketmanglar” hadisiga muvofiq keladi.

Xalqimiz orasida oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘proq jamg‘arib olish harakatiga tushib qolganlar ham uchrab turibdi. Yig‘ilgan mahsulotlarning sifati vaqt o‘itishi bilan buzilishi, uni iste'mol qilish orqali qo‘shimcha bir kasallikni orttirib olish xavfi yo‘q emasmi? Aynan oqibatini o‘ylamasdan mahsulotlarni ko‘p miqdorda xarid qilish, narx-navoni oshib ketishiga sabab bo‘lmaydimi? Rizq Allohdan, kimning qancha umri, rizqi borligi, ertasi nima bo‘lishi faqat Olamlarning Rabbisi bo‘lmish Alloh taologa ayon. Bu kabi holatlarda sizu biz mo‘min-musulmonlar hech qanday vahima va tahlikaga berilmasligimiz, ehtiyotni ham unutmagan holda bosiqlik va taqdirga rozilik bilan ish ko‘rishimiz eng to‘g‘ri yo‘ldir.

Buyuk mutafakkir va tabib Abu Ali ibn Sino “Vahimaning o‘zi yarim kasallikdir. Xotirjamlik yarim sog‘lik. Sabr esa shifoning boshlanishidir”, deganlar. Hurmatli yurtdoshlar, bu ofatni yengib o‘tish uchun eng avvalo, ahil bo‘lishimiz, xalqimizga xos bo‘lgan og‘ir-vazminlik bilan ish tutishimiz, ortiqcha vahimaga berilmasligimiz muhimdir. Hamma narsa Allohdan, lekin ehtiyot bo‘lganni Yaratgan ham asrashini unutmaylik. Yaxshi niyatlar ila hamjihat bo‘lib harakat qilishimiz, muammoni bartaraf etish uchun mehr-oqibat, insof diyonat asosida ish tutishimiz, xalqimizning sinovlarda birlashishdek azaliy qadriyatlarni ko‘rsatishimiz kerak.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyat vakili Z.Eshonqulov


Kiritilgan vaqti: 24/03/2020 14:16;   Ko‘rilganligi: 1254
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/society/kasallik-yuqishi-yoq-ehtiyot-bolish-yaxshi
Chop etilgan vaqti: 25/04/2024 05:15
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing