O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

ISROFNING ZARRASI HAM – HAROMDIR

 
 

Bir holatni barchamiz kuzatganmiz: qo‘ng‘iz o‘zidan bir necha barobar katta guvalakni tepalikka olib chiqishga chiranadi. Ming bir mashaqqat bilan surib ketilayotgan guvalak oxir-oqibat ortga yumalab, qo‘ng‘izni bosib qoladi. Jonivor halok bo‘lmasa-da, oyog‘idan, “qo‘li”dan ayrilishi yoki nogiron bo‘lib qolishi mumkin.

Bu biroz qo‘polroq o‘xshatish bo‘lsada, ammo bugun to‘ylarda urchiyotgan dabdababozlikka, isrofgarchilikka aynan mos tushadi. Yillar davomida misqollab yiqqan mablag‘ini “otdan qolma, eshagim” qabilida ish tutib, natijada qulog‘igacha qarzga botib to‘y qilayotgan oila boshliqlari, ming afsuski, aqlga ham, mantiqqa ham, shariatu sharoitga ham sig‘maydigan bir kunlik “orzu-havaslar”ning qurboniga aylanib, bir umrlik azob-uqubatga giriftor bo‘lmoqdalar.

Jamiyatda ildiz otayotgan bu illatlar qachon paydo bo‘ldi, bunga kimlar va qaysi omillar sabab bo‘lyapti degan savolga  javob tariqasida “ommaviy madaniyat” va ko‘p orzu havaslarga berilish hamda dinimiz ta'limotlaridan sayozlashib borayotganimiz desak to‘g‘ri keladi.

Yaqinda chet davlatda ishlab kelgan bir yigit bilan suhbatlashganimizda u shunday dedi; chet elga ishlashga borsang u yerdagi tanigan-tanimagan o‘zbeklar; bu yerga uylanmoqchi yoki qiz chiqarmoqchi bo‘lganlar, qiskasi to‘y qilaman, deganlar keladi, deb askiya qilishmoqda. Bu gaplar ham haqiqatga yaqin, dabdabali to‘y qilish uchun jonini xatarga qo‘yib oilasi, vatanidan uzoqda ishlab kelib topganini isrofgarchiliklarga sarflamokdalar.

 Qur'oni karimda: “Isrofgarchilikka mutlaqo yo‘l qo‘ymang! Chunki isrofgarlar – shaytonlarning birodarlaridir”(Isro surasi, 26–27-oyatlar), deb marhamat qilingan.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Kim tejamli bo‘lsa, qashshoqlik ko‘rmaydi”, – deya aytganlar (Imom Termiziy rivoyati).

To‘ylar, ma'raka-marosimlarda “besh xil, ba'zan yetti xil taom tortilishi kerak” degan tushunchalar ko‘pchiligimizning qorin g‘amiga mukkasidan ketganimizdan darak emasmikan? Aslida ortiqcha ovqat yegan yoki ichimlik ichgan odamning tanasi og‘irlashadi, toat-ibodatida halovat yo‘qoladi, mehnat qilishga malollanib qoladi, har xil kasalliklar paydo bo‘ladi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Odamzod qorindan ko‘ra yomon biror idishni to‘ldirmagan. Odam bolasiga gavdasini tik tutishga bir-ikki luqma ozuqa yetadi. Agar ko‘proq yegisi kelsa, unda oshqozonining uchdan biri ovqatga, uchdan biri ichimlikka, uchdan biri havoga to‘ldirilishi kerak” – deganlar (Imom Termiziy rivoyatlari).

Bobolarimiz oilasi ehtiyojidan ortsa, qo‘ni-qo‘shnisi, yordamga muhtoj kishilar bilan baham ko‘rishgan. Mashoyixlar: “Yaxshilik qancha ko‘p qilinsa ham, isrof bo‘lmaydi. Ammo isrofning zarrasi ham – haromdir” deb ta'kidlaganlar.

 Otabek G‘OIBOV - Oqdaryo tumani “Yangiqo‘rg‘on” jome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 14/10/2019 12:49;   Ko‘rilganligi: 1145
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/society/isrofning-zarrasi-ham-haromdir
Chop etilgan vaqti: 21/02/2024 06:30
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing