O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Сийрат

Siz mavlidni bilasizmi…?

 
 

Hijriy-qamariy hisob bilan Robi'-ul-avval oyining 12-sanasida Alloh taolo insoniyatni jaholat zulmatidan hidoyat nuriga, ma'rifatsizlik botqog‘idan ilmu-irfon halovati sari najot topishining sababchisi bo‘lgan payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollollohu alayhi vasallam dunyoga kelishini iroda qildi. Shu sabab bu oyda ko‘ngillar o‘zgacha zavqu-shavq his qila boshlaydi.

Maqola yozish niyatida qo‘lga qalam olar ekanman, “Siz mavlidni bilasizmi…?” deb nom qo‘yishlikka jazm qildim. Chunki bu tadbirning mohiyatini xalqimiz hali to‘liq tushunib yetmaydi. Hatto ayrim onaxon, opa-singillarimiz mavlidning ruhini yo‘qotib, mushkullar arishi uchun o‘qiladigan allaqanday marosimga aylantirib olayotganligi ko‘ngillarni xira etmoqda.

Xalqimiz tilida mavlid oyi deb ataladigan bu oy, payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollollohu alayhi vasallamning tug‘ilgan oylari bo‘lib, bu oyda ko‘proq u zot sollollohu alayhi vasallamning muborak siyratlari, hikmatu-xayratlarga to‘lib toshgan hayot tarzlarini o‘rganib, ibrat olishga kirishsak ana shundagina saodatimiz yanada ziyoda bo‘ladi.

Bu haqiqatni bugungi kunda aksariyat G‘arb olimlari ham isbotlashmoqda. Jumladan, Bernard Shou: “Agar Muhammad alayhissalomdek bir odam hozirgi dunyoni boshqarganida edi, bu dunyoning mushkulotlarini hal qilishga muvaffaq bo‘lar edi, bu esa o‘z navbatida, hozirgi dunyoga yetishmayotgan xotirjamlik va baxtni olib kelgan bo‘lardi” degan edi. Ko‘rinib turibdiki haqiqiy saodat Rasululloh  sollollohu alayhi vasallamdan ibrat olib yashamoqlikdadir. Ayniqsa yosh avlodni dunyoda huddi zaharli qo‘ziqorindek ko‘payib, turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘layotgan mafkuraviy makkorliklar iskanjasidan asrab qolishimizda ham ayni muddao bo‘lur edi.

Rasululloh sollollohu alayhi vasallamning hayotlariga bir zumgina e'tibor qaratgan kishi shuni anglaydiki, U zot alayhissalom Alloh taoloning roziligi yo‘lida jiddu-jahd qilib, haqiqat uzra sobitqadam bo‘lib o‘tganlar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Sizlardan birortangiz men unga bolasidan, ota-onasidan va odamlarning hammasidan mahbubroq bo‘lmagunimcha, mo‘mini komil bo‘la olmaydi”, dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Hayotimizning mazmuni bo‘lgan barcha ijtimoiy aloqalarimizni so‘z va amalda eng go‘zal namunasini o‘rgatib, ko‘rsatib bergan dunyodagi yagona inson shubhasiz Rasululloh  sollollohu alayhi vasallamdirlar. Bizlar ota-ona haqqini, oilamiz, farzandlarimiz oldidagi mas'uliyatlarimizni, jigarchilik, qo‘shnichilik majburiyatlarimizni kimdan o‘rgandik? Albatta Rasululloh  sollollohu alayhi vasallamdan. Shunday zotni sevmasdan, muhabbat qo‘ymasdan, o‘zimiz uchun namuna qilib yashamasdan bo‘ladimi axir?

Shuningdek, u zot sollollohu alayhi vasallamning bosib o‘tgan hayot yo‘llari har bir ummatlari uchun nafaqat ibrat, balki yupanch va dalda hamdir.

Ota-ona mehriga zor bo‘lib o‘sganlar bilsinlarki, Rasululloh  sollollohu alayhi vasallam ham ota-onaga erkalanish, ularning qo‘llaridan tutib yurish nima ekanligini bilmasdan ulg‘ayganlar.

Arzimas yetishmovchilik sabab hayot tashvishlaridan siqilib, ich etini yeyayotganlar bilmaydilarmi? Rasululloh  sollollohu alayhi vasallam ochlikdan qorinlariga tosh bog‘lab yurganlar.

O‘zini doimo yolg‘izdek his etayotganlar, Rasululloh  sollollohu alayhi vasallam bir ota-onadan yolg‘iz o‘zlari edilar.

O‘zini hayotda kimdandir tahqirlangandek his etib yashayotganlar, Rasululloh  sollollohu alayhi vasallam muborak bo‘yinlariga ip solinib, yosh bolalar va axmoq odamlarning qo‘llariga tutqazildilar. Namozda xolatlarida muborak bo‘yinlariga qo‘yning qorinlari to‘kib ketildi.

Farzand dog‘ida o‘z umrini hazon qilayotganlarga aytamiz, Rasululloh  sollollohu alayhi vasallamning suyukli farzandlari vafot etmagan edimi?

Bir so‘z bilan aytganda Rasululloh  sollollohu alayhi vasallam odam bolasi boshiga tushishi mumkin bo‘lgan har qanday qiyinchilik, sinovli kunlarni hammasini  ko‘rganlar. Alloh taolo Qur'oni karimda:

“(Ey, iymon keltirganlar!) Sizlar uchun – Alloh va oxirat kunidan umidvor bo‘lgan hamda Allohni ko‘p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg‘ambarida go‘zal namuna bordir” (Ahzob surasi, 21-oyat).

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, qadimda bir ish beruvchi o‘zining uch xodimiga o‘z vazifalarini taqsimlab berar ekan, birinchisiga ariqcha olishni, ikkinchisiga uning ichiga donni qo‘yib chiqishlikni, uchinchisiga esa ustini tuproq bilan yopib chiqishlikni buyuribdi. Oradan ma'lum bir vaqt o‘tgach, xodimlardan xabar olgani kelsa, birlari ariq ochib ketayapdi, ikkinchisi uning ustidan tuproq tortib ketayotgan emish. Darg‘azab bo‘lgan rahbar bu nima qilganlaring bo‘ldi desa ikkovlon: “Biz o‘z ishimizni bajarayapmiz, uchinchimiz esa kelmadi” deb javob bergan ekan. Aslida bu xodimlar o‘z ishlarining ustasi bo‘lishmagan. Qaysi bir sohada ana shunday no‘noq, ish ahlidan bo‘lmagan shuhratparast kishilar aralashsa kutilgan natija faqat ziyon bo‘lib chiqaveradi. Istardikki ixlosmand xalqimiz tomonidan joylarda amalga oshirilayotgan mavlid tadbirlari ham haqiqiy, rasmiy din peshvolari tomonidangina amalga oshirilsa ko‘zlangan maqsad xosil bo‘lib, inshaalloh mavlid oyini tom ma'noda siyratxonlik oyiga aylantirish baxtiga musharraf bo‘lamiz.

O‘tkir O‘MIRQULOV - Samarqand shahar “Lohutiy jome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 15/11/2019 10:55;   Ko‘rilganligi: 1542
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/siyrah/siz-mavlidni-bilasizmi
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 18:26
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing