SINOVLI KUNLAR SABRGA CHORLAYDI
Bugungi kunda insoniyat o‘z boshidan sinovli kunlarni o‘tkazmoqda. Gavjum shaharlar kimsasiz, oldingi jushqin hayot tamomila tin olgan, insonlar bu kunlarni tezroq o‘tib ketishiga umid bog‘lagancha uylaridalar, barchaning qalbi va tilida bitta iltijo Ilohim, kasallikni boshimizdan arit, barchamizni hifzu himoyangda saqla.
Darhaqiqat, koronavirus pandemiyasi dunyoni harakatdan to‘xtatib qo‘ygani hech kimga sir bo‘lmay qoldi. Sayyoramizdagi deyarli barcha davlatga kirib borgan bu kasallik, afsuski bizning diyorimizni ham chetlab o‘tmadi.Uning tarqalish sur'ati kun sayin ortib borsa bormoqdaki, ortga chekinmayapti.
Kasallikka qarshi kurashish, uning keng tarqalib ketishining oldini olish maqsadida davlatimiz tomonidan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, qat'iy karantin qoidalari joriy qilingan.Aholidan imkon qadar ko‘chaga chiqmaslik, ayniqsa, yoshi keksalarni ko‘proq avaylash so‘ralmoqda.
Ushbu sinovni, tabiiyki kishilar turlicha qabul qilmoqda. Kimdir uning jiddiyligini his qilgan holda, karatinga rioya qilib, go‘zal sabr bilan uyida o‘tiribdi. Bunday kishilar, avvalo, Alloh ta'oloning “Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) boshliqlarga itoat etingiz” (Niso, 59) degan buyrug‘iga itoat qilgan bo‘ladilar. Yana Payg‘abarimiz alayhissalomdan rivoyat qilingan “Zarar berish ham va zarar ko‘rish ham yo‘q” (Imom Moja, Imom Doraqutniy rivoyatlari)hadisiga ergashish orqali kasallikning tarqalishiga hissa qo‘shmagan va o‘zlari hamda oila a'zolarini himoya qilgan bo‘ladilar. Bu ishlarining zamirida, ko‘rib turganimizdek, har ikki dunyolari uchun asqotadigan manfaatlar yotibdi.
Yana kimlarnidir beparvo ko‘cha kezayotgani, IIB xodimlari tomonidan ularga nisbatan qo‘llanilgan jarimalar haqida televideniya va internet nashrlaridan deyarli har kuni eshityapmiz.Vaholanki, hadisi sharifda “Agar sizlar u (kasallik) biror yerda tarqaganini eshitsangiz u yerga bormang. Agar siz yashayotgan yerda (u kasallik) tarqagan bo‘lsa u yerdan chiqmang” (Imom Buxoriy rivoyat qilgan) deyilgan. Bu islom ta'limoti, karantin iborasining islomiy ifodasidir. Shu yo‘l orqali kasallik jilovlanishini tarix bizga bot-bot eslatib turibdi. Imom Buxoriy rivoyat qilgan boshqa bir hadis ham: “Qay bir kishiga to'un (pandemiya) yetsa va u uyida sabr bilan va savob umidida o‘tirsa hamda o‘ziga Alloh yozganidan boshqa narsa yetmasligini bilsa, illo unga shahidning ajrichalik savob bo‘ladi”, deyish orqali karantinning muhimligini ta'kidlamoqda. Bu hadis kasallik yetgan bo‘lsin, hoh yetmasin, hamma sabr qilgan, savob umid etgan va tavakkul qilgan kishilarga taalluqlidir.
Ba'zilar esa bu kunlarda qo‘rquv, tushkunlik va tahlika iskanchasida qolib ketgan. Vaholanki, musibat oldida o‘zini tutolmaslik zaiflik belgisidir. Bu kabi holatlarda musulmon kishi vahimaga tushmasligi kerak. Zero, hikmatlarda: “Aqlli inson boshiga tushgan baloni aritish harakatida bo‘ladi. Ahmoq esa bitta baloni ikkita qilib oladi”, deyilgan. Ushbu ma'noda Abu Ali ibn Sino juda go‘zal tavsiya bergan:“Vahimaning o‘zi yarim kasallikdir. Xotirjamlik yarim sog‘likdir. Sabr esa shifoning boshlanishidir”.
Avvalo shuni ta'kidlash lozimki, hozirgi vaziyatda ehtiyotkor yo‘l tutish bilan birga, vahimaga berilishdan saqlanish kerak. Chunki bu Allohning bir sinovi bo‘lib, uning albatta shifosini ham bizga hademay yetkazadi. Imom Buxoriy bobomiz "Al-Jome as-sahih" hadislar to‘plamida rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Alloh qaysi bir dardni tushurgan bo‘lsa, uning davosini ham tushurgandir", deganlar.
Sinovli kunlar barchamizni sabrli bo‘lishga, uyda o‘zimizni ihotalagan holda, kasallikning keng tarqalib ketmasligiga sababchilardan bo‘lib qolmaslikka chorlaydi.
Biz bugun karantin qoidalariga rioya qilmayotganlarga ijtimoiy tarmoqlarda har kuni takrorlanayotgan ushbu iborani yana bir bor eslatib qo‘ymoqchimiz: “Kasallik yuqtirganlarning soni kamayishini istasangiz, ular orasida siz, oilangiz va yaqinlaringiz bo‘lishini xohlamasangiz, uyda qoling! Unutmang: virusni biz tarqatmasak, u o‘z-o‘zicha tarqay olmaydi”.
Zayniddin domla Eshonqulov - Samarqand viloyat bosh imom xatibi
Kiritilgan vaqti: 15/04/2020 14:09; Ko‘rilganligi: 1182
Chop etilgan vaqti: 15/09/2024 14:58