O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Sinov emas, undan o‘tolmaslik yomondir

 
 

Alloh taolo Kalomi sharifida insonlarni nimalar bilan sinashi va ularni qanday qabul qilish kerakligini bayon etadi: Albatta, biz sizlarni xavfu xatar, ochlik, molu jon va meva-chevalarni kamaytirish kabi narsalar bilan imtihon qilamiz. (Ey Muhammad alayhissalom) biron musibat kelganida: Albatta biz Allohning (bandalarimiz) va albatta biz U Zotga qaytguvchilarmizdeydigan sabrli kishilarga xushxabur bering! Ana o‘shalarga Parvardigorlari tomonidan salovat (mag‘firat) va rahmat bordir. Ana o‘shalar haq yo‘lni topguvchidirlar” (Baqara surasi, 155-157 oyatlar).

Ushbu oyati karimani Imom Sha'roviy rohimahulloh bunday sharhlaydilar: “Bilamizki, aslida  kishilar boshiga sinovlarning kelishi  yomon emas, balki uning sinovlardan o‘ta olmasligi yomondir. Zero, har bir sinov tajriba va imtihon hisoblanadi. Hech kim imtihonlarni yomon demagan. Balki u muvaffaqiyatga erishish yo‘lidagi mashaqqatlarni ko‘tara olmagan kishining nazdida yomondir. Ammo bor kuch-g‘ayratini ishga solib, peshqadamlardan bo‘lgan kishi nazdida  imtihonlar   yaxshidir”.

Bugun dunyo aholisi boshida koronavirus kasalligining vahimasi aylanmoqda. Ushbu kasallik yurtimizda ham qayd qilindi. Xo‘sh, ushbu kasallikdan vahimaga tushish va qo‘rqish nechog‘lik o‘rinli, dinimizda bunday holatlarda qanday yo‘l tutish maqsadga muvofiq, deyilgan?

Bunday kishilar qo‘rquv bilan xatarni yanada ko‘paytiradi. Xavotir va vahima esa xavf-xatarni to‘xtatib qo‘ymaydi. Shunday ekan ortiqcha qo‘rquvdan chetlanish lozim! Ey birodar, vahima yashashni bas qiling!

Dunyo Islom ulamolari bu kasallikning shar'iy muolajalarini eslatmoqdalar. Bunday holatda musulmon kishi Alloh taoloning taqdir qilgani yuzaga chiqishiga qattiq ishongan holda, kasallikdan saqlanish choralarini ko‘radi. Vabo kabi tez tarqaladigan kasalliklar paydo bo‘lgan joyga kirilmaydi va qattiq zarurat bo‘lmasa, u yerdan chiqib ketilmaydi. Tibbiyot vakillari ko‘rsatmalariga to‘la amal qilinadi. “...o‘z qo‘llaringiz (baxilligingiz) bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamangiz! (Baqara surasi 195-oyat).

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi karonavirus bo‘yicha fatvosi e'lon qilindi. Unda barcha musulmonlarni mamlakatda epidemiologik vaziyat barqarorlashguncha juma namozlari o‘rniga uyda peshin namozini o‘qish, besh vaqt namozlarni ham uyda ado etish, janoza namozlarini vafot etganning yaqin qarindoshlari ishtirokida xonadonlarda o‘qish, masjidlarda namoz vaqtini bildirish uchun azon o‘z vaqtida aytilishini ma'lum qilindi.

Shuningdek, mo‘min-musulmonlar imkon qadar kasallik tarqalishining oldini olishga o‘z hissalarini qo‘shishlari kerakligi, har bir musulmon ibodat va duolarda Alloh taolodan ushbu kasallikni daf qilishini so‘rab, ixlos bilan iltijo qilishi lozimligi, kasallikning oldini olish borasida tavsiya etilgan ko‘rsatmalarga qat'iy amal qilish tavsiya etildi.

Bundan tashqari, bunday vaziyatda oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa zarur vositalar narxini oshirish, sun'iy ravishda taqchillikni yuzaga keltirish hamda aholi o‘rtasida turli vahimali xabarlarni tarqatish shar'an harom ekanligini chuqur anglab, ushbu qoidalarga qat'iy amal qilishga chaqirildi.

Ming afsuski, hozirgi holatda karantin tartib-qoidalari va Diniy idora Ulamolar kengashining fatvosi to‘g‘risida aholi orasida noto‘g‘i, asossiz, bir yoqlama axborotlarni tarqatishga urinishlar bo‘lib turibdi. Bunday ishlardan qat'iy saqlanish zarur.

Alloh taolo marhamat qiladi: “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bir qavmga bilmasdan musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo‘lmanglar" (Hujurot surasi, 6-oyat).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Bir kishining eshitgan har narsasini gapiraverishi gunoh uchun kifoya qiladi”, dedilar.

Nabiy sollallohu alayhi va sallam inson har qanday fitnalarga aldanmaslik, nihoyatda hushyor bo‘lish haqidagi “Mo‘min kishi ziyrak, hushyor va oqil bo‘ladi”, degan hadisga amal qilishimiz lozim.

Binobarin, har qanday ma'lumotga ishonib, xulosa qilish dunyo va oxiratda pushaymonlikka sabab bo‘lishi mumkin. Tekshirilmagan xabarni tarqatgan kishi ham gunohga sherik bo‘lib qoladi. Ishonchli ma'lumotni olish va aniqlashda har bir sohaning mutaxassisiga murojaat qilish kerak.

Muqaddas Qur'oni karim insonlarga ko‘rsatma, nur, eslatma, saodat kaliti etib yuborilgan: “Albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir” (Sharh surasi, 6-oyat). Demak, balo-ofatlar tarqalganda bandalar ibodat, zikru tasbeh va istig‘forlarni yanada ko‘paytirishi, Alloh taolodan ofiyat so‘rab ko‘p-ko‘p duoi iltijolar qilishi kerak.

Alloh taolo dunyodagi barcha mo‘min-musulmonlarni turli balo-ofatlardan panohida asrasin!

Rahmatilla USMONOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasining

Qashqadaryo viloyatidagi vakili,

viloyat bosh imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 30/03/2020 11:56;   Ko‘rilganligi: 1669
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/sinov-emas-undan-otolmaslik-yomondir
Chop etilgan vaqti: 14/12/2024 12:33
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing