“SHIR'AT AL-ISLOM” ASARIDA ZIYOFAT ODOBI VA UNGA OID HADISLAR
Mazkur asar mualifi Muhammad ibn Abu Bakr al-Jug‘iy[1] al-Buxoriy Al-Hanafiy bo‘lib, bu kishi “Imomzoda” taxallusi bilan tanilgan. Mashhur tarixchi Sam'oniyning yozishicha u kishi fazilatli imom, faqih, voiz, adib, shoir, taqvodor, chiroyli xulqli, ko‘p xayrli ishlarni qiluvchi ulug‘ alloma bo‘lgan. Alloma hijriy 491, melodiy 1098 yil robiy'ul avval oyida tavallud topgan.[2]
Alloma Buxoro faqihlaridan bo‘lgan Abulfazl Bakr ibn Muhammad ibn Ali az-Zaranjariy va Abu Bakr Muhammad ibn Abdulloh ibn Foil as-Surxakatiy[3] dan ta'lim olgan.
Muhammad ibn Abu Bakr al-Jug‘iy al-Buxoriyning asosiy shogirdlaridan, Muxtasar al-viqoya kitobining muallifi Ubaydulloh ibn Mas'ud ibn Toj ash-Shariy'a, tarixda ikkinchi Abu Hanifa nomi bilan shuxrat qozongan, nasl-nasabi buyuk sahobiy Uboda ibn Somit roziyallohu anhuga borib yetadigan alloma Jamoliddin al-Mahbubiy, Ubaydulloh ibn Ahmad ibn Abdulmalik ibn Umar ibn Abdulaziz va Sa'duddin Muhammad ibn Muhammad Avfiylar keltirilgan.[4]
Allomaning ko‘pchilikka mashhur asari “Shir'at ul-islom” bo‘lib, bu kitob 61 qismdan iborat. U o‘z ichiga aqida, odob-axloq, islom doirasidagi kundalik amallar, Qur'on va sunnatga ergashish, Qur'on fazilatlari, Qur'onni o‘rganish va o‘rgatish masalalari, namoz, ro‘za, zakot, tahorat va ibodatga oid hukmlar bayoni, yeyish-ichish va kiyinish masalalari, nikohga tegishli hukmlar, ziyofat odoblari, qarindoshlik masalalari, uy-joy tutish, musulmonchilik va qo‘shnichilik huquqi, er-xotin va yosh bolalarga oid masalalarni olgan.
Biz quyida mazkur asarda ziyofat odoblari va unga doir hadislardan namunalar keltiramiz. Mehmonning izzat-ikromini joyiga qo‘yishda musulmonlarga teng kela oladigan millat yo‘qligiga dunyo ahli tan bergan. Musulmonlarning bu fazilatlari tillarda doston bo‘lib ketgan. Islom adabiyotiga ko‘z tashlasak, bu haqiqatni yana ham ravshanroq anglab yetamiz. Bu narsalarning hammasiga dinimiz ta'limotlari va ko‘plab hadislar sabab bo‘lgan. “Mehmon atoi Xudo”, “Mehmon otangday aziz” kabi hikmatli so‘zlar ham ana o‘sha ta'limotlar ta'sirida aytilgan. Biz, musulmonlarning keyingi avlodlari ham bu ulkan fazilatni o‘zimizga singdirib, unga og‘ishmay amal qilib borishimiz lozim.
Xalqimiz mehmondo‘stligi, mehmonnavozligi bilan shuhrat qozongan. Biror o‘zbek xonadoni, oilasi yo‘qki, mehmonni xursandchilik bilan kutib olmagan, uyidagi bor ne'matlarni uning dasturxoniga keltirib to‘kmagan bo‘lsin.
Ziyofat musulmon kishining o‘z birodari zimmasidagi haqqidir. Hanafiy, molikiy va shofe'iy mazhablarini o‘ziga lozim tutganlar ziyofatni sunnat, hanbaliylar esa vojib deyishgan[5].
Quyida Muhammad ibn Abu Bakr al-Hanafiy “Shir'at al-islom” asarida mehmondorchilik odoblarini juda chiroyli tarzda bayon qiladi:
Mehmon kutish islom odoblaridandir. Hadisda quyidagicha keladi: “Mehmon o‘z rizqi bilan keladi. Mehmon ketar chog‘ida esa mezbonning gunohlari kechiriladi[6]”.
Rosululloh sollollohu alayhi vasallam: “Agar Alloh taolo bir qavmga yaxshilikni iroda qilsa ularga bir hadya beradi”-dedilar. Sahobalar: “U qanday hadya?”-deya so‘radilar”. Rosululloh sollollohu alayhi vasallam: ”O‘z rizqi bilan keladigan mehmondir, u ketar chog‘ida esa mezbonning gunohlari kechiriladi”-dedilar[7].
Yana bir hadisda: “Dasturxoni yozilgan kishiga farishtalar salovot aytib turadi. Mehmonning haqqi uy sohibi bo‘lgan har bir musulmonga vojibdir. Bas u zimmasidagi qarzni dunyoda ado qilsin yoki oxiratga qoldirsin[8]”.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi, Rosululloh sollollohu alayhi vasallam: “Dasturxoni yozilgan kishiga farishtalar salovot aytib turadi” dedilar [9].
Boshqa bir hadisda “Mehmon kirmaydigan uyga farishtalar kirmaydi”. Birinchi bo‘lib mehmon kutgan inson Ibrohim alayhisssalomdir. Ibrohim alayhissalom “Abu Ziyfon”(mehmonlar otasi) deya kunyalanganlar. U zot bir hovli qurib uning to‘rt tomonidan eshik ochganlar. Ibrohim alayhissalom mehmon talabida bir necha masofa yurardilar va u zot mehmonlar bilangina ovqatlanar edilar.
Mehmonning qo‘lidan ushlab ochiq yuz bilan uyga taklif qilinadi. Mehmonga xursandchlik bilan boqadi. Mehmonni imkon qadar mehribonlik va lutf ila ikrom qilmoq lozim. Kalom va xitobda iltifot ko‘rsatadi.
Mehmon uchun qo‘yilgan narsalar ko‘p bo‘lsa ham isrof sanalmaydi. Mehmonga qo‘ygan narsalarini qiymatlamaydi. Chunki bunday qilish baxillikdir. Mehmon uchun eng pokiza va halol taomlar ixtiyor qilinadi.
Mehmon yomon ko‘radigan va toqati yetmaydigan holatlarni keltirib chiqarmaydi. Kim mehmonni yomon ko‘rsa Alloh ham uni yomon ko‘radi.
Taqvodor mo‘min uchun ziyofat beradi. Agar huzurida bir kecha-kunduzlik taomi bo‘lsa ham mehmonni ixtiyor qilishi mumkin.
Mehmonlarga o‘z qo‘li bilan xizmat qiladi, xizmatni ahli baytiga topshirib qo‘ymaydi. Ibrohim alayhissalom ham mehmonlarga o‘z qo‘llari bilan xizmat qilganlar. Mehmonning oldiga huzuridagi eng yaxshi narsalarni keltirishdan boshlaydi.
Mehmonni xizmatga qo‘ymaslik muruvvatdandir[10].
Umar bin Abdulaziz tunda bir narsa yozib o‘tirardilar, huzurlarida esa mehmon bor edi. Shu payt chiroq o‘chib qolayozdi. Mehmon:
-Chiroqni tuzatib qo‘yaymi?- dedi.
-Yo‘q, mehmonni xizmatga qo‘yish-muruvvatdan emas- dedilar.
-Bo‘lmasa xizmatkorni uyg‘oting.
-Yo‘q, o‘zi u hozirgina uxladi- dedi- da, o‘zlari turib, chiroqqa yog‘ quyib keldilar.
Mehmon:
-O‘zingiz turdingiz-a, amirul-mo‘minin! - dedi.
Umar ibn Abdulaziz:
-Umar bo‘lib borib, Umar bo‘lib qaytdim - dedilar.
Mana bu ibratli voqeadan ham ko‘rinib turibdi-ki, mehmonni faqat yaxshi insonlargina hurmatini joyiga qo‘yadi.
Davomi bor..
Tohir EVADULLAYEV - O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
huzuridagi Malaka oshirish markazi
Samarqand filiali direktori
[1] Xayriddin ibn Mahmud ibn Muhammad ibn Ali ibn Faris az-Zarkaliy ad-Dimashqiy. Al-A'lam.6-.juz B.54
[2] Yoqut al-Hamaviy.Mu'jam al-Buldon. 3-juz. B.335, Mustafo ibn Abdullo al-Qistatiniy Rumiy al-Hanafiy. Kashf uz-zunun an asomiy al-kutub va-l-funun.2-juz.B.1044.
[3]Sam'oniy “Al-ansob” da “Surxakat” Movarounnahrdagi ikki qishloqning nomi. Ularning biri G‘uzor tumanida ikkinchisi Samarqandda bo‘lgan. Abu Bakr Muhammad ibn Abdulloh ibn Foil as-Surxakatiy asli Samarqandlik bo‘lib, uni shu qishloqqa nisbat berishgan deb ma'lumot bergan.
[4] Javahir al-Muziyya fi tabaqat al-Hhanafiyya.1 juz. B.546, Tabaqot al-Hanafiya. 2 juz.B. 362.
[5] Qarang. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Ijtimoiy odoblar. Toshkent.: Hilol-nashr, 2012. –B . 99.
[6] Imomzoda Muhammad ibn Abu Bakr al-Hanafiy. Shir'at al-islom. -Qozon.: Maktabat ash-shirkat, 1902. – B.72.
[7] Jaloliddin as-Suyutiy. Jome'ul ahadis. Shomila elektron kutubxonasi. J.II. – B.275.
[8 Imomzoda Muhammad ibn Abu Bakr al-Hanafiy. Shir'at al-islom. -Qozon.: Maktabat ash-shirkat, 1902. – B.72.
[9] Ahmad bin Husayn bin Ali bin Muso al-Xusravjardiy Abu Bakr al-Bayhaqiy. Shu'bul imon. Ar-riyod.: Maktabatur-rushd, 2003. J.XII. – B. 141.
[10] Imomzoda Muhammad ibn Abu Bakr al-Hanafiy. Shir'at al-islom. -Qozon.: Maktabat ash-shirkat, 1902. – B.72-73.
Kiritilgan vaqti: 21/09/2019 15:29; Ko‘rilganligi: 2565
Chop etilgan vaqti: 12/12/2024 01:11