O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

SHAYTONNING NAYRANGLARI

 
 

Bismillahir rohmanir rohiym!

Alloh taologa beadad hamdu sanolarimiz va payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollalohu alayhi vasallamga behisob salovotu durudlarimiz bo‘lsin!

Ixlosni buzadigan ofatlarning ba’zisi ochiq, ba’zisi maxfiy, ba’zisi esa ochiq bo‘lsa ham zaif, ba’zisi esa maxfiy bo‘lsa ham quvvatli bo‘ladi. Bularning darajalarini misollar orqali tushunish oson bo‘ladi.

Ixlosni buzuvchi eng katta va birinchi omil riyodir.

Birinchi: Shayton muxlis namozxonning ko‘ngliga quyidagicha vasvasa soladi, natijada butun jamoat unga havas bilan qaraydi yoki biror kishi kelib unga qo‘shiladi, shunda shayton unga: «Sen namozni juda go‘zal ado etyapsan, hozir bo‘lganlarning hammasi sening namozingni ko‘rib, viqor va salobatingni tomosha qilishyapti, hech kim sen haqingda g‘iybat ham qilayotgani yo‘q», deydi. Shunda bu namozxonning ixlosi so‘nib, xayoli chalg‘iydi, beixtiyor qaddini tik tutishga harakat qilib qoladi, viqor va salobatiga e’tibor beradi, namozidagi barcha harakatlarni risoladagidek bajara boshlaydi. Mana shuning o‘zi riyodir.

Ikkinchi: Namoz o‘quvchi yuqordagi ofatlarni biladi va bu borada shaytonga bo‘ysunmaydi, unga e’tibor ham bermay, namozida davom etadi. Shunda shayton unga go‘yo yaxshilikni taklif qilgan bo‘lib, «Hamma senga ergashadi, iqtido qiladi, nazar soladi, qilayotgan ishlaringdan ta’sirlanadi. Shuning uchun amallaringni go‘zal bajargin, hech nuqsoni bo‘lmasin, shunda savobing ko‘p bo‘ladi. Agar xato yoki gunoh qilib qo‘ysang, ularning gunohi ham senga bo‘ladi. Shuning uchun ularning oldida amalingni yaxshi qilgin, toki ular sening ortingdan ibodatlarni xushu’ va xuzu’ bilan, go‘zal ado etishsin», deydi. Bu vasvasa avvalgisidan ham maxfiyroqdir. Avvalgisida aldanmaganlar ko‘pincha bunisida aldanadi. Vaholanki bu ham riyodir, ixlosni botil qiluvchidir.

Uchinchisi: Avvalgilaridan ham daqiqroqdir. Bunda banda shaytonning hiyla-nayranglari to‘g‘risida anchagina ma’lumot va tajribaga ega bo‘ladi, yolg‘iz ibodat bilan jamoat ichidagi ibodatda biror farq bo‘lsa, buning riyo bo‘lishini biladi. Shuningdek, haqiqiy ixlos xilvatda ham, jamoatning ichida ham bir xil namoz o‘qishda ekanligini ham biladi. Jamoatning oldida odatdagidan boshqacha namoz o‘qishga o‘zidan ham, Robbidan ham hayo qiladi. Shuning uchun ham yolg‘iz o‘zi xilvatda namoz o‘qisa, xuddi jamoat oldida namoz o‘qiyotgandek go‘zal suratda o‘qiydi, jamoatning oldiga borganda boshqacha namoz o‘qib qo‘ymaslik uchun xilvatda ham ana shunday bekamu ko‘st namoz o‘qiydi. Biroq, bu juda maxfiy riyodir, chunki bu kishining xilvatda namozni yaxshilab o‘qishidan maqsad jamoat oldida ham xuddi shunday namoz o‘qishdir. Demak, u xilvatda ham, jamoatda ham odamlar ko‘rsin deb namoz o‘qiyotgan bo‘ladi. Haqiqiy ixlosda esa namoz o‘qiyotganida uni kimdir ko‘rib turgani yoki ko‘rmayotganining farqi bo‘lmasligi kerak. Buning uchun esa namoz o‘qiyotganda atrofdagilarga umuman e’tibor bermaslik kerak, xilvatda ham, jamoatda ham, atrofida kim borligidan qat’i nazar, namoz bir xil bo‘lishi kerak. Kim ibodatini mana shunday holatda ado etsa, ana shu ixlosdir.

To‘rtinchi: Bunisi yanada daqiqroq va maxfiyroqdir. Namoz o‘quvchi o‘ziga odamlar qarab turganligini biladi, shayton esa unga «Odamlar qarab turibdi, namozingni xushu’ bilan o‘qi» deya olmaydi, chunki namozxon shaytonning bunday fitnalaridan ogohdir. Shuning uchun shayton boshqacha yo‘l tutadi: «Allohning ulug‘ligi to‘g‘risida tafakkur qil, Uning jaloli haqida fikr qil, chunki sen Uning ro‘parasida turibsan, Alloh g‘ofil qalbingga nazar solishidan hayo qil», deydi. Shunda namozxon bu nasihatlarni qalbiga jo qiladi, a’zoi badanini rostlab, xushu’ holiga keltiradi va o‘zicha buni ayni ixlos deb o‘ylaydi. Aslida esa bu ayni shaytonning makr-hiylasidir, chunki uning bu xushu’si Allohning izzat va jaloli tufayli bo‘lsa, xilvatda ham aynan shunday namoz o‘qishi kerak edi. Vaholanki u boshqalar ko‘rib turgan paytda namozni bunday o‘qimaydi. Shaytonning hiyla-nayranglaridan iborat bunday ofatlardan qutulishning yo‘li yuqoridagidek tafakkur, xushu’ va xuzu’ning xilvatda ham, jamoatda ham bir xil bo‘lishidir. Namozxon o‘zini birov ko‘rib turgani uchungina tafakkur qilishi, xushu’ va xuzu’ bilan namoz o‘qishi kerak emas. Aksincha, u birov uni ko‘rib tursa ham xuddi biror hayvon yoki jism oldida o‘qigandek namoz o‘qishi kerak. Namozxon o‘zini bir inson ko‘rib turganida boshqacha, hayvon ko‘rib turganida boshqacha namoz o‘qir ekan, demak, uning bu amalida ixlos yo‘q. Aksincha, bunda riyodan hosil bo‘ladigan maxfiy shirk bo‘lishi mumkin. Insonning qalbidagi shirk esa qorong‘i zulmat kechada, qop-qora toshning ustida qop-qora chumoli yurganidan ham maxfiyroqdir. Albatta, bunday xatarlardan voqif bo‘lish uchun Alloh taoloning tavfiqi shartdir. Alloh qaysi bandasini manfaatli ilmu ma’rifat ila, tafakkur va tadabbur ila siylagan bo‘lsa, o‘shalargina najot topadilar. Aks holda shayton har bir mo‘minni har bir harakatida riyo qilishga vasvasa qiladi. Bunday vasvasa oddiygina mo‘ylabni qisqartirish, soqolni o‘stirish, juma kuni xushbo‘y surish, yangi libos kiyish, tirnoqlarni olish, misvok ishlatish va hokazolarda ham bo‘lishi mumkin, chunki bularning barchasi ma’lum bir holatlarda sunnatdir. Ammo bu ishlarda nafsning ham maxfiy ta’siri bo‘lishi mumkin, chunki ularning barchasiga odamlarning nazari tushadi. Qolaversa, insonning tabiati bu narsalarni yoqtiradi. Shunda shayton: «Bu ishlarning hammasi sunnat, ularni aslo tark etmagin, aks holda odamlar seni tarki sunnat qilyapti, deyishadi», deydi. Shunda mazkur sunnatlarni ado qilib yurgan kishining qalbida maxfiy bir istak paydo bo‘ladi. Buning boisi esa, albatta, insonlarning nazaridir. Demak, bu amallar ham ixlosdan bo‘lmaydi.


Kiritilgan vaqti: 05/01/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 2727
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/shaytonning-nayranglari
Chop etilgan vaqti: 08/11/2024 14:39
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing