O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

SAYYOH FARISHTALAR

 
 

  Allohning yaratgan maxluqotlarini ichida Allohga eng ko‘p itoat qiluvchilari farishtalardir. Alloh taolo ular haqida shunday deydi:

يُسَبِّحُونَ ٱلَّيلَ وَٱلنَّهَارَ لَا يَفتُرُونَ

“(Farishtalar) Charchamasdan kechayu-kunduz Allohga tasbeh aytadilar. (Anbiyo surasi, 20-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Allohning shunday farishtalari borki, ular Allohni zikr qilayotgan bandalarni izlab ko‘chalarda yuradilar. Agar Allohni zikr qilayotgan qavmni topsalar: “Qidirib yurgan narsalaringizga kelinglar” - deb bir-birlarini chaqiradilar. Qanotlari bilan ularni (ya'ni zikr qilib o‘tirganlarni) o‘rab, qurshab oladilar-da, ularning atrofida to‘planib, dunyo osmoniga qadar ko‘tariladilar”.

 Alloh bandalarining holatlarini yaxshi bilsa ham, u farishtalardan so‘raydi: “Bandalarim nima deyaptilar?”

Farishtalar: “Ular senga tasbeh va takbir aytyaptilar va seni ulug‘layaptilar” - deydilar.

Alloh taolo: “Ular meni ko‘rganmilar?” - deydi.

Farishtalar: “Yo‘q ular seni ko‘rmaganlar,” - deydilar.

Alloh taolo: “Agar meni ko‘rganlarida qanday bo‘lardilar?” - deydi.

Farishtalar: “Agar ular seni ko‘rganlarida, senga yanada ko‘proq ibodat qilardilar, seni yanada ko‘proq ulug‘lardilar va senga ko‘p tasbehlar aytardilar” , - deydilar.

Alloh taolo: “Ular mendan nima so‘rayaptilar?” -deydi.

Farishtalar: “Ular sendan jannatni so‘rayaptilar”, - deydilar.

Alloh taolo: “Ular jannatni ko‘rganmilar?" - deydi.

Farishtalar: “Yo‘q, ular jannatni ko‘rmaganlar”, - deydilar.

Alloh taolo: “Agar jannatni ko‘rsalar qanday bo‘lardilar?” - deydi.

Farishtalar: “Agar ular jannatni ko‘rganlarida edi, jannatga hozirgidan ham ko‘proq intilib, jannatni juda qattiq xohlardilar”, - deydilar.

Alloh taolo: “Ular nimadan panoh tilayaptilar?” - deydi.

Farishtalar: “Ular do‘zaxdan panoh tilayaptilar”, - deydilar.

Alloh taolo: "Ular do‘zaxni ko‘rganmilar?" - deydi.

Farishtalar: “Yo‘q, ular do‘zaxni ko‘rmaganlar”, - deydilar.

Alloh taolo: “Agar do‘zaxni ko‘rganlarida qanday bo‘lardilar?" - deydi.

Farishtalar: “Agar ular do‘zaxni ko‘rganlarida edi, undan yanada ko‘proq saqlanib, ko‘proq qo‘rqqan bo‘lur edilar”, - deydilar.

Alloh taolo: “Guvoh bo‘linglar, men ularning barcha gunohlarini kechirdim”, - deydi.

Shunda bir farishta: “Ularni orasida falonchi ham bor. U ulardan emas. Faqat bir ish uchun kelgan”, - deydi.

Alloh taolo: “Uni ham kechirdim, bu qavm bilan birga o‘tirgan kishi baxtsiz bo‘lmaydi”, - deydi.

Jahongirxon ABORORV - O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot kotibi, Urgut tumani "Boybul"jome masjidi imom-xatibi (manbalar asosida) tayyorlandi


Kiritilgan vaqti: 17/03/2020 14:02;   Ko‘rilganligi: 2154
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/sayyoh-farishtalar
Chop etilgan vaqti: 22/01/2025 16:15
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing