O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

SAODAT YO‘LINING SARBONLARI

 
 

Ilm insoniyatga Yaratgan tomonidan ato etilgan bebaho ne’matdir. Bu ne’mat orqali ikki dunyo saodatiga erishiladi. Muqaddas islom dinida ham ilm mavzusi keng targ‘ib qilinadi. Ilmli kishilar, ziyo tarqatuvchi ustozlar ulug‘lanadi va bu haqda Qur’oni karimda shunday deyiladi: «…Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur…» (Mujodala,11)

Mo‘tabar kitoblarimizda ilm o‘rgatgan, ta’lim-tarbiya bergan insonlarning martabalari payg‘ambarlar va yetmish ming sahobiyning maqomida bo‘lishi qayd etilgan. Chunki kelajak avlod ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanish ulug‘ va savobli ish bo‘lishi bilan birga, o‘ta muhim va mas’uliyatli vazifa ham hisoblanadi.

Payg‘ambarimiz hadisi shariflarida: «Olim bo‘lgin yoki ilm o‘rganuvchi yo ilmga quloq soluvchi bo‘lgin yoki bu toifa insonlarga muhabbatli bo‘l. Aslo beshinchi toifa bo‘lma, halok bo‘lasan», deya marhamat etib, ilm va ilm ahllarini sevuvchi, hurmat qiluvchi bo‘lishga da’vat etganlar.

Rivoyatlarda keltirilishicha, Sulaymon (a.s) payg‘ambarga Alloh taolo ilm, boylik va podshohlikdan birini tanlashni buyurganida, u ilmni tanlaydi. Ilmning sharofatidan unga boylik va podshohlikni ham qo‘shib beriladi.

Yosh avlodni ilmli, hunarli qilib voyaga yetkazish har bir ota-onaning mas’uliyatli burchidir. Hazrati Ali (r.a): «Bolalaringizga kelajak ilmini o‘rgatingiz, chunki ular sizning davringizdan boshqa davrda yashaydi», deganlar. Ilm bilan bir qatorda, hunar o‘rganish ham savobli amaldir. Payg‘ambar (a.s) «Albatta, Alloh taolo hunarmand kishini sevadi», deganlar.

Muqaddas manbalarda e’tirof etilishicha, qiyomatda to‘rt nafar odam jannat eshigi oldiga hisobu-azobni ko‘rmasdan kelar ekan: ilmiga amal qilgan olim, fisqu fasodsiz haj amallarini ado etgan hoji, Vatan himoyasi yo‘lida shahid bo‘lgan kishi, halol mol topib, riyosiz Alloh yo‘lida ehson qilgan kishi.

Rivoyat qilishlaricha. Qiyomat kuni bir gunohkordan: «Biron bir olimni bilasanmi, suhbatida bo‘lganmisan, xizmatini qilganmisan?» - deb so‘raladi. Gunohkor loaqal birorta olimning nomini aytsa, Alloh uning gunohidan o‘tadi.

Alloh taolo o‘z kalomida ulug‘lagan, payg‘ambarimiz hadisi shariflarida sharaflagan qadrli ustozlarimiz doimo omon bo‘lishsin. Zero, hazrat Navoiy ham ustozlar mehnatiga yuksak baho berib, quyidagi misralarni bitganlar:

«Haq yo‘lida kim sanga bir harf o‘qitmish ranj ila,

Aylamak bo‘lmas ado oning haqin yuz ganj ila».


Kiritilgan vaqti: 26/09/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 3673
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/saodat--yolining-sarbonlari
Chop etilgan vaqti: 04/10/2024 16:08
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing