O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Samarqandliklar Haj safaridan qaytdilar

 
 

Muqaddas Islom dinimiz besh arkon ustiga qurilgan bo‘lib, ulardan biri – haj ibodatidir. Haj  moliyaviy va jismoniy ibodat hisoblanadi. Haj qilmoqchi bo‘lgan shaxs balog‘atga yetgan, aqli raso, safar xarajatlariga qodir, hajga borib kelguniga qadar o‘z qaramog‘idagilarni nafaqa bilan ta'minlagan hamda yo‘llar ochiq va bexatar bo‘lishi shart qilingan bo‘lib, mo‘min-musulmon kishi umrida bir marta bu ibodatni ado etishi farzdir.

Haj amalini bajarish uchun borayotgan yurtdoshlarimizning safi yildan-yilga ortib bormoqda. 2019 yilgi mavsumda yurtimizdan jami 7200 nafar kishi muborak safarda bo‘lib, ibodatlarni ado etdilar. Shulardan 450 nafari Samarqandliklardir. Ushbu ziyoratga boruvchi mo‘min-musulmonlarning safar davomida ibodatlarini mukammal bajarishlari, arzon va qulay sharoitlarda istiqomat qilishlari, turli tushunmovchilik va qiyinchiliklarga duch kelmasliklari uchun Hukumatimiz, qolaversa, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlar bo‘yicha qo‘mita hamda  O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan barcha shart-sharoitlar yaratildi. Ziyoratchilarga mavsum davomida o‘zbekistonlik 35 nafardan iborat ishchi guruhi, 140 nafar guruh rahbari, 35 nafar shifokor va 15 nafar oshpaz xizmat ko‘rsatdi. Guruh rahbarlari tomonidan hojilarga safar davomida doimiy ravishda Haj ziyoratiga oid barcha zarur ma'lumotlar berib borildi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari ham O‘zbekistondan tashrif buyurgan hojilarga rahbar sifatida barcha ishchi guruh a'zolari va hojilarga zarur ko‘rsatma va tavsiyalarini berib bordilar. Ayniqsa, safar chog‘ida Samarqand va Andijon viloyati hojilari bilan alohida suhbat o‘tkazib, ularga Haj ibodatining ruknlari, shartlari, odoblari va mabrur hajning mukofati to‘g‘risida oyati karima va hadisi sharif asosida bergan tushunchalari hojilarimizga dasturul amal bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Joriy haj mavsumi boshqa yillarga qaraganda ancha yengil, oson, risoladagidek, tartibli o‘tganini e'tirof etish joiz. Shuningdek, bu yil 7000 dan oshiq yurtdoshimiz haj amallarini mukammal ado etgani, quvonchli va ibratli jihati bu yil O‘zbekiston eng tartibli, hojilarga yaratilgan shart-sharoitlar bo‘yicha beshta ilg‘or davlatlar qatoriga kiritilganini alohida ta'kidlash lozim. Samarqandlik Hojilarimiz sog‘-salomat, kayfiyatlari a'lo darajada ibodatlarini ado etib, 24 va 26 avgust kunlari Samarqand shahriga yetib keldilar. Buning uchun Alloh taologa shukrlar, hamdu sanolar bo‘lsin! Yurtimiz hojilarining hajlari mabrur hajlardan bo‘lishini Yaratgan nasib qilsin.

ZAYNIDDIN ESHONQULOV, O‘MI Samarqand viloyat vakili


Kiritilgan vaqti: 30/08/2019 10:48;   Ko‘rilganligi: 1085
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/samarqandliklar-haj-safaridan-qaytdilar
Chop etilgan vaqti: 07/10/2024 09:58
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing